Bundan taqriban uch ming yillar oldin ham bu yerda madaniyat va sanʼat, ilmu maʼ­rifat gullab yashnagan, oʻz chiroyi va latofa­ti bilan insoniyat tafakkuriga nur berib turgan. Xususan, miloddan avvalgi IV asrda Samarqandni egallagan Iskandar Maqdun­li (Aleksandr Makedonskiy)ning “...U men eshitganimdan ham goʻzalroq ekan” degan iqrori tarixiy manbalardan yaxshi maʼlum. Oʻz davrida dunyoning madaniy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy tayanchlaridan biri boʻlgan Samarqand nafaqat “yer yuzining sayqali”, balki zamonlar osha dunyo tartibini belgi­lovchi qudrat (derjava) poytaxti ham boʻlgan.

Biroq bu muazzam kentning hayoti doim ham ravon kechmagan. Sohibqiron Amir Temur, soʻng uning nabirasi Mirzo Ulugʻ­bek davri, yana ikki asr oʻtib, XVII asrning birinchi yarmida (oʻsha vaqtda Samarqand Ashtarxoniylar sulolasi hukmron boʻlgan Buxoro xonligi tasarrufida boʻlgan) hokim Yalangtoʻsh Bahodir zamonlarida gullab-yash­nagani moziydan maʼlum. Ammo muarrixlar undan keyingi pallalar haqida koʻp soʻz­lamaydilar. Buning sababi oddiy: chunki undan soʻng shaharning oʻtmishida tanazzul davri kechgan... Koʻp uzoqqa borish shart emas. XIX-XX asrlardagi avval Chor Rossiyasi, keyin bolsheviklar bosqinida u katta tala­fotlar koʻrganini barchamiz yaxshi bilamiz. “Tenglar ichra teng” boʻlgan yoki istiqlol tongi otgan ilk yillar ham koʻhna kent tari­xida taʼsirchan ahamiyat kasb etmadi.

Sovet hokimiyatining Samarqanddan koʻzlagan maqsadi ancha ustakorlik bilan oʻy­lab topilgandi: mustabid ideologiya shahar xarobalari va oʻtmishini koʻz-koʻz qilish orqali dahriy va repressiv imperiyani is­lom va sharq madaniyati homiysi sifatida taqdim etish, undan umumtarix va qadriyat­lar vitrinasi — multikulturalizm, yaʼni sovetcha tenglik hamda bagʻrikenglikni koʻr­satish uchun foydalanardi. Mustaqillikdan keyin bu qadimiy kentga boʻlgan eʼtibor boshqa tomonga ogʻdi. Endi unga koʻproq oʻz­likni topish, ruhiyatdagi posttotalitar ho­latni deformatsiyalash uchun qoʻllaniladigan vosita oʻlaroq yondashila boshlandi. Toʻgʻri, ayni yangilanishlarni shunchaki formal oʻz­garishlar edi, deyish adolatdan boʻlmaydi. Chunki obidalar, qadamjolar, meʼmoriy yod­gorliklarni tiklash va obod qilish borasi­da katta ishlar amalga oshirildi. Ammo bu harakatlar shaharning qadimiy shuhratini tiklash va eng muhimi, uning asriy ruhiya­tini qayta uygʻotishdek qudratni namoyon eta olmadi.

Nega? Chunki istak va harakat qancha­lik samimiy va koʻlamli boʻlmasin, ularda shaharning tarixiy xotirasi va mohiyatini toʻliq tiklash uchun zarur boʻlgan ichki maz­mun va uygʻunlik yetishmadi. Joʻngina ayt­ganda, shonli oʻtmishi, maʼnaviy identligi unga “tarix ikonasi” sifatida qarashdek uzoq yillar ongimizda shakllangan glamur tasavvurlar soyasida qoldi.

Aslida, Samarqandni tushunish, jugʻro­fiy ahamiyatini aniqlab olish oʻta muhim edi. Nimaga desangiz, bu koʻhna zamin faqat moziy osori atiqalariga emas, balki uning bagʻrida ming yillardan buyon yashab kelayot­gan xalq uchun ham vatan sanalardi. Buni toʻgʻri anglash uchun bizga xiyla uzoq vaqt ke­rak boʻldi.

Ayni masalada fikr yuritishni bir na­fas kechiktirib, diqqatimizni bugungi kun­larga qaytarsak.

Oʻtayotgan oʻn yillik Samarqand hayoti­da yangi davrni boshlab berdi. Men bugun­gi maqolada ayni oʻzgarishlarni mufas­sal sharhlash fikridan yiroqman. Zotan, shaharning hozirgi qiyofasi, u yerda olib borilgan bunyodkorliklar haqida hammamiz yaxshi bilamiz. Bir paytlar Sohibqiron­ning qudratli saltanatiga boshkent boʻl­gan, olamni oʻziga mahliyo aylagan, xorijiy sayyohlar va siyosatchilar qadami uzilmagan shahar bugun asl shavkatini tiklayotganini barchamiz sezib turibmiz. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, uzoq tanaffusdan soʻng u yana dunyo siyosatchilari, iqtisodchilari yigʻi­lib maslahatlashadigan xalqaro diplomatiya sahnasiga aylandi. Kelayotgan xorijlik mehmonlar, hatto, sayyohlar ogʻzidan ham bir eʼtirofni koʻp eshitish mumkin bugun: “Sa­marqandga ertaklardagi, tarix kitoblarida­gi jozibasi qaytibdi!”.

Endi ayting, odamlardagi taassurotni yangilash, zamonlar yuki monolitday quyib qoʻygan stereotiplarni parchalash oʻz-oʻzidan boʻladi deb oʻylaysizmi?! Iddaomiz bekor­ga emas. Zotan, shaharning koʻrku tarovati faqat besh-oʻnta meʼmoriy yodgorlik bilan oʻlchanmaydi. Qolaversa, “oʻtmish ruhi” ta­savvuri chechan gidlarning maroqli hikoyala­ri orqali toʻliq shakllanadi deb qarash ham unchalik toʻgʻri emas.

Qadim tarovatni uygʻotish faqat bir amal — koʻhna devorlar, tuproqlar qari­da koʻmilib yotgan madaniy ohanglargagina tan. Ularni harakatga keltirish uchun esa tarixiy-ruhiy hayot qatlamini qayta koʻrib chiqish talab etilardi. Yaʼni nafaqat shahar, balki butun yon-atrofdagi madaniy hayotni tubdan oʻzgartirish, ilmiy tilda aytganda, jamiyat hayotini desovetizatsiya — mustamla­kachilikning barcha meroslaridan tozalashni nazarda tutardi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, bu katta masshtabdagi yumush edi. Shu maʼno­da aytadigan boʻlsak, Samarqandning qay­ta “oyoqqa turishi” oson kechdi degan odam adashadi.

2001-2003-yillarda shu yoʻldagi ma­shaqqatli mehnatni men oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Aynan oʻsha yillari Shavkat Miromonovich Jizzaxdan bu yerga ishga oʻtgan va ayni masʼuliyatning ogʻir yuki u kishining yelkasiga tushgandi. Bugun baʼzi davralarda ham hayrat, ham taajjub bilan “Yangi hokim ish boshlagan kezlarda idora hududidan falon mashina chiqindi olib chiqqan ekan”, degan gaplar ham ayni davrlarga tegishli. Eshitgan quloqqa garchi lofga oʻxshab tuyulsa-da, haqiqatan, shun­day boʻlgan. Boʻlganda ham, u kishi masalaga kechiktirib boʻlmas, eng muhim yumushdek yondashgani hozirgidek yodimda. Oʻshanda mening ham “Shuncha ish turib faoliyatni nega bundan boshladi”, deya ajablangan vaqtim ham boʻlgan. Ammo keyin tushun­dim. Anglaganim shuki, bu hodisa nafaqat obodonchilik harakati, balki uzoq yillar esdan chiqqan, tuzumlar va siyosatlar naza­ridan chetda qolgan, baʼzan esa takabbur­lik bilan koʻzga ilmay qaralgan ruhiy yan­gilanish sari solingan bir yoʻl ekan.

Ayni mulohazalarni qatʼiy aytishim­ning boisi bor, albatta. Chunki Shavkat Miromonovich Toshkent va Jizzaxda boʻlga­ni kabi bu yerda ham ishni ozodalik va sa­rishtalikdan boshlagan edi. Esimda, butun viloyat boʻylab boshlangan obodonlashtirish ishlari nafaqat hududlarni, balki odam­lar koʻnglini ham yoritib yuborgandi oʻsha kezlarda. Mavzu konteksidan kelib chiqib masalaga falsafiyroq yondashadigan boʻlsak, ayni oʻrinda koʻzdan panada qolayotgan majo­ziy maʼnoni ilgʻashimiz mumkin: Shavkat Mirziyoyev ushbu ishga jazm qilar ekan, haq­li maʼnoda afsonayu rivoyatlar, zafar va gʻa­labalar shavqi, shonu shavkati choʻkib yotgan qadimiy va buyuk shahar bagʻrini ham qora oʻtmish gʻuborlaridan poklayotgandek edi. Ha, Samarqandning maʼnaviy qiyofasi, ruhiyati­dagi yuksalish aynan shunday boshlangandi, desam hech ham adashmagan boʻlaman. Zotan, har qanday buyuk ishlar, ulugʻvorlik, poklik poydevori ustiga quriladi.

Baʼzi davlatlarga safar qilgan odamlarning “Aeroportdanoq yomon hiddan nafasim boʻgʻilib qoldi, koʻchalardagi axlat uyumlarini koʻrib, koʻnglim aynidi, kayfiyatim buzildi”, deganga oʻxshash hikoyalarini koʻp bor eshitgan boʻlishingiz mumkin. Ha, aslida, bepisand qaraydiganimiz ozodalik shunchaki “roʻzgʻorbop” tushuncha emas, u ruhiyat koʻzgusi, ichki madaniyat ifodasidir.

Aslini olganda, Shavkat Mirziyoyev siyosiy yoʻnalishida men ayni ustuvorlikni bundan ancha ilgari, uni tanigan yillarim­dayoq sezganman. Oʻtgan asrning 80-yillari oxirlari, 90-yillari boshida mamlakat siyosiy maydonida paydo boʻlgan yosh yigit harakatchanligi, chechanligi bilan tezda koʻpchilikning eʼtiboriga tushgandi. Oʻrni kelganda bir mushohadam bilan oʻrtoqlashib oʻtishim zarur deb oʻylayman. Oʻqiganlarim va hayot tajribamga tayanib aniq ayta ola­manki, bu dunyoda tasodiflar yoʻq. Fikrimni yanada ochiqroq bildiradigan boʻlsam, buyuk shaxsiyatlar oʻzlari haqida birinchi qadamla­ridanoq ishora berishadi...

Xalqimizda “Yaratganning nazari tush­masa...” degan magʻzi toʻq hikmat bor. Asr­lar davomida oʻz mohiyatini yoʻqotmagan, ota-bobolarimizning falsafadagi determi­nizm tushunchasiga uyqash ushbu “xulosa”si, haqiqatan, biz odatda tasodif yoki omad, deya taʼriflaydigan voqealar zamirida inson anglab yetmaydigan qonuniyatlar borligini esga solib turadi.

Boʻlmasa ayting, Jizzaxning olis bir qishlogʻida oʻsgan yoshgina yigit Oliy sovet­ga deputat, poytaxtning markaziy rayonla­ridan biriga hokim boʻladi deb kim oʻylagan oʻsha damlar. Holbuki, sovet va undan keyingi dastlabki davrlarda ham “shaharga faqat shaharliklar” deganga oʻxshash mutlaqo asossiz, yozilmagan qoida hukmron edi.

Mayli, rasamadi bilan quyiroqda hali bunga vaqt ajratamiz. Aslida, bosh mavzu­miz Samarqand, Shavkat Mirziyoyevning ayni viloyatdagi faoliyati toʻgʻrisida edi. Biroq gapning oʻzani sal nariroqqa, u kishi ijti­moiy-siyosiy hayotga kirib kelgan ilk dam­larga burilib ketdi. Ehtimol, bunda ham bir hikmat bordir. Zero, mohiyatni anglash uchun, avvalo, uning zamiriga nazar tashlash lozim, deyishadi-ku ulugʻlarimiz.

II

Favqulodda qobiliyatli odamlarga yashash va ishlash hamma zamonlarda ham oson kechma­gan. Masalan, gʻayrat-shijoati, dunyoqarashi va gʻoyalari jamiyatdagi anʼanaviy tushuncha­lardan farq qiladigan, olmon faylasufi Immanuil Kant taʼbiri bilan aytganda, odatdagidan ilgʻorroq “aql” atrofni ilhom­lantirish bilan birga tevarakdagilarda yetarlicha xavotir ham uygʻotishi mutlaqo bor gap. Bunga tarixiy-siyosiy adabiyotlar­dan koʻp misollar keltirish mumkin. Biroq omadim shundaki, ayni hodisani men kitob yoki arxiv hujjatlarida emas, oʻz hayotimda koʻrganman.

U kishini hali institutda ishlayotgan kezlaridanoq bilardim. Chunki “gorkom”da­gi ish faoliyatim avvaliga aynan fan va oʻquv muassasalari, keyin ham shunga yaqin — mafkuraviy yoʻnalish bilan bogʻliq edi. Ochiq aytaman, oʻsha kezlar harakatchan, koʻ­zidan oʻt chaqnab turadigan, oʻta tarbiyali va yoshiga nisbatan xiyla mulohazali bu yigit­ga ortiqcha eʼtibor bermaganman. Nazdimda, u oddiy bir oliy oʻquv yurtining ilmiy xo­dimi, nari borsa, navqiron pedagog-ziyoli edi. Uning men, qolaversa, shahar jamoat­chiligi va yuqori elitaning tasavvurlarini toʻzgʻitib yuborgan, umumsiyosat sahnasida Shavkat Miromonovich degan har tomonlama hurmat-eʼtiborga sazovor ism-sharif bilan hisoblashishga majbur qilgan davri 90-yil­lar boshiga toʻgʻri keladi.

Oʻshanda Mixail Gorbachyovning hamma yoqni ostin-ustun qilgan “qayta qurish va oshkoralik” zamonlarining soʻnggi yilla­ri, olatasir, birov birovni eshitmaydigan, hamma gapiradigan davrlar edi. Aynan oʻsha yili Respublika oliy soveti deputatli­giga saylovlar boʻlib oʻtadi. Endigina 33 yoshga kirgan, poytaxt hayoti, hokimiyatning shafqatsiz “oʻyinlari”ni hali ich-ichidan bilmagan yoshgina yigit oʻz nomzodini xalq vakilligiga qoʻyadi.

Shundaygina koʻz yugurtirib oʻqiganda silliq oʻtib ketadigan bu gaplar juda mu­rakkab vaziyatni ifoda etadi, aslida. Chunki nomzodlar ancha nomdor, tajribali, bun­dan-da muhimrogʻi, hukmron siyosiy ayonlarga yaqinroq (ochiq aytganda, u kishidan boʻlak bari “tanlangan”lar) edi. Keling, daʼ­vomiz asossiz boʻlmasligi uchun oʻsha yili Shavkat Miromonovich bilan “siyosiy mara­fon”ga kirgan faollar nomini sanaymiz. Shu oʻrinda eslatib oʻtay, asosiy saylovga kirguncha talabgorlar sakkiz kishi boʻlgan. Chigʻiriqdan esa uch kishi oʻtadi. Bular oʻsha yillardagi Toshkent militsiya oliy maktabi (hozirgi IIV akademiyasi) rahbari Nikolay Ivanovich Ojiganov, Oʻrta Osiyo irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot insti­tuti (maʼlumot uchun aytay, oʻsha vaqtlarda bu dargoh nafaqat mintaqada, balki butun ittifoqda ilmiy-amaliy salmoqqa ega edi) direktori Viktor Abramovich Duxovniy...

Tabiiyki, bular orasiga mahalliy miqyosdagi institut oʻqituvchisi, buning ustiga “yuqori” hali yetarlicha bilmagan yosh yigitning qoʻshilib qolishi koʻpchilik­ni ajablantirdi. Baʼzilar buni shunchaki rasmiyatchilik uchun qoʻyilgan qadam deb oʻylagan boʻlsa, birovlar kibrini ochiqcha koʻrsatib, mugʻombirona jilmaydi: “Kecha qishloqdan kelgan bolaga bunday jiddiy tadbirda nima bor ekan?”.

Eʼtirof etish kerak, ularning iddao­sida jon bordek edi. Nega desangiz, nom­zodlari qoʻyilganlar orasidagi Ojiganov huquq-tartibot, qolaversa, respublika ijtimoiy-siyosiy hayotida ancha eʼtiborga ega odam boʻlgan. Duxovniy esa, boya qavs ichi­da alohida atay izoh berganimdek, nafaqat Oʻzbekiston, balki ittifoq miqyosida katta qudratga doxil ayon oʻlaroq mutlaq gʻoliblikka haqlidek tasavvur uygʻotardi. Chunki uning qoʻlida muhim dastak — irrigatsiya va suv masalalari jamlangandi.

Yaxshi bilasiz, oʻsha davrlar butunlay agrar tarmoqqa “oʻtirgʻizilgan”, “kindigi bir” mintaqa respublikalari uchun bu soha hayot masalasi edi, goʻyo. Shuning uchun Du­xovniy egallagan martaba taʼsiri nafaqat Lenin (bugungi mustaqillik) maydoni biqinidagi SK (Sentralnыy Komitet — Markaziy Qoʻmita) binosining serhasham hujralarida, balki bizga qoʻshni boʻlgan barcha respublikalarni “mahv” etib, shimol­da joylashgan “markaz”ning qirmizi gum­bazli saroylarida ham tantanali tarzda aks sado berib turardi. Shu sabab saylovchilar uchun ham, shunchaki vaziyatni kuzatib turgan tomoshatalab odamlar uchun ham natija qi­ziq edi. Yakun shunday boʻldiki, toʻliq oshko­ralik va erkinlik asosida oʻtgan saylovda Shavkat Mirziyoyev raqiblaridan katta farq bilan ustun keldi...

Albatta, shu oʻrinda savol tugʻiladi: qa­toridagi siyosiy qudratga, obroʻ va martabaga ega boʻlgan nomzodlarni u kishi qanday ortda qoldirib, deputatlik maqomiga erishdi?

Men ashaddiy fatalist emasman. Biroq yuqorida keltirganimdek, ota-bobolarimiz­dan meros “taqdir”, “peshonasiga bitgan” degan azaliy tushunchalarni toʻliq inkor ham etolmayman. Qolaversa, u kishining gʻolib boʻlishida tabiatidagi shiddat, harakat­chanlik va insonlarga boʻlgan cheksiz mehr, noyob odamgarchilik xislati ham asos boʻldi deb oʻylayman. Chunki u institutda faoliyat yuritayotgan oʻsha damlarda ham tumanda faol sifatida yaxshi tanilgan, mahallalar ahli, talabalar mehrini qozonib ulgurgan edi.

III

Yuqorida bir mulohazani boshlab, da­vom ettirishni ortga surgandik. Nazarimda, endi uning mavridi keldi. Sovet davrida garchi “biz katta bir oila” degan balandpar­voz shior ustuvorlik kasb etgan boʻlsa-da, bu chaqiriqqa nisbatan skeptik qarash yoʻq emasdi. Deylik, “ogʻa-ini”larning har biri­da, garchi pinhona boʻlsa-da, oʻz manfaati yoki ijtimoiy-siyosiy identligini yuqoriroq qoʻyishga, barcha imtiyozu ragʻbatlarga, avvalo, ular haqli ekanini isbotlashga tiyiqsiz urinish istagi bor edi. Ayni shu “xususi­yat” milliy respublikalar ichida ham koʻzga tashlanardi. Boshqalarni chetga surib, oʻzi­miz haqimizda gapiradigan boʻlsam, oʻsha davrlarda kim qaysi viloyatdan, vohadanmi, vodiydanmi, sal pastroqqa qarab tushsang, rayonma-rayon, urugʻ-aymoq surishtirish, xullas, hokimiyat iyerarxiyasi shakllanishi­da ochiq aytilmasa-da, shunday oʻlchovning borligini tamoman inkor qilib boʻlmasdi. Shavkat Miromonovichning deputatlik say­lovlarida va undan keyin, 1992-yilda Mir­zo Ulugʻbek tumaniga hokim boʻlishida ham bu sezilgan.

Masalaga kengroq yondashganda, asli­da, xalq tilida soddagina qilib “mahal­liychilik” deyiladigan, ammo jiddiyroq qarasangiz, qaysidir maʼnoda ijtimoiy diskriminatsiyaga ham oʻxshab ketadigan bu xavfli qusur nafaqat Toshkent, balki umum­jamiyatimizga xos xavfli illat edi. Oddiy tushuntirganda, Qashqadaryoga qashqadaryolik, Buxoroga buxorolik, Namanganga faqat Na­mangandan chiqqan kadrgina rahbar boʻlish­ga munosib, degan xalqni boʻlib tashlashga, birlik va yakdillikka raxna soluvchi qarash edi bu.

Men aniq bilmayman, bunday radikal kayfiyat, qarash bizda qachon paydo boʻlgan?.. Ehtimol, uning shakllanishi oʻtgan asr boshlariga borib taqalar. Bilmadim. Har qalay, kommunistlarning oʻsha yillari “milliy respublikalar va millatlarni “yaratish” siyosati” oldin na etnik va na hududiy ix­tiloflarga borgan turkistonliklar oʻrta­sida oʻziga xos ayirmachilikni keltirib chiqargani bor gap. Tabiiyki, boʻlib tashlab, boshqarish ularning manfaatiga mos edi. Jumladan, oʻlkadagi milliy kelishmovchiliklar — hudud va madaniy meros, etnos yoki etnogenez atrofidagi “gʻijillashish”lar pinhona davom etarkan, bundan “markaz” atay koʻz yumardi. Chunki hamjihatlik va ruhiy yaqinlikning yoʻqligi mintaqaga doimiy ojizlik baxsh etib turishini ular yaxshi tushunishardi. Biroq sovetlardan oʻzlashtirilgan salbiy tajriba, “boʻlib tashlab idora qilish siyosati”, garchi zarari­mizga boʻlsa-da, bizda kechagacha davom etdi. Xususan, mustaqillikdan keyin ham viloyat­lar va hatto tumanlarni bir-biridan ajra­tib turadigan “blok post”lar qoʻyilganini nima bilan izohlash mumkin. Ammo Shavkat Miromonovichning poytaxtda muhim siyo­siy personga aylanishi masalasi, yuqorida ishora qilganimizdek, bundan ham jiddiy­roq oqibatlarni keltirib chiqargan, dangal aytganda, koʻplab oʻzini eng muhim ayon deb hisoblovchi mahalliy “zodagon”larni bezovta qilgandi. Albatta, uzoq davrlardan beri bir maromda ketayotgan “ish”lar dinamikasi birdan oʻzgarsa, tabiiy ravishda xotirjam­lik yoʻqoladi. Bu behalovatlikning qat-qa­tida hasad ham bor edi. Biroq men buni kat­ta ayb sifatida qoralamayman. Zotan, hasad ham nafsga bogʻliq. Nafs esa hammamizda bor.

Hatto bashariyat daholari deb ar­doqlaydigan buyuklarda ham hasad boʻlgan. Masalan, nainki rus xalqining, balki insoniyat oliy tafakkurining daholari­dan biri Lev Tolstoy oʻz zamondoshi buyuk adib Fyodor Dostoyevskiyni kunlagani (mavqe qizgʻonish, rashk qilish) haqida koʻp xotiralar bor. Deylik, u koʻp maqolala­rida Dostoyevskiyni “tilning rasvosini chiqargan”likda ayblaydi. Bundan ham ach­chiqrogʻi, Maksim Gorkiy xotiralarida keladi. Unda Tolstoy shunday deydi: “Dostoyevskiy oʻzining jinni qahramonlaridan birini oʻzi ishonmagan maqsadga xizmat qilgani uchun, oʻzidan va boshqalardan oʻchi­ni olish uchun yashaydi deb yozadi. Bu gapni u oʻzi haqida yozgan, u oʻzi haqida xuddi shun­day deyishi mumkin edi...”.

Xullas, hasad masalasi umuminsoniy, tabaqalarga boʻlinmagan bir tuygʻu deyishi­miz mumkin. Qolaversa, bu yuqorida aytga­nimdek, unchalik kechirilmaydigan qusur ham emas. Ammo ochiq dushmanlik bu noin­soniylik belgisi. Shavkat Miromonovich Mirzo Ulugʻbek tumaniga hokim boʻlganida bunday nomardlarcha qilingan harakatlar, dushmanona fitnalarga koʻp bor roʻbaroʻ kelgandi (oʻsha paytlari shaharning Sobir Rahimov tumanida hokim boʻlganim uchun bu voqealardan yaxshi xabardor edim).

Xalq orasida ancha ommalashib ketgan, u kishining oʻzlari ham bir necha bor ku­lib eslagan “Ulugʻbek haykali” haqidagi hangoma shulardan bittasi, xolos. Aslida, kimning “ijod”i boʻlsa ham, bu oʻta pux­talik bilan oʻylangan ish edi. Ertalab davlat rahbari xorijlik mehmon bilan birga gulchambar qoʻyishi kerak boʻlgan mo­numentning boshini olib ketish... Chuqur­roq oʻylasangiz, ayni buzgʻunchilik tashab­buskorlari topilmalari zamiriga “siyosiy majoz”ni ustakorlik bilan berkitishgan: Mirzo Ulugʻbek boshining kesilishi asli­da shaxsan Shavkat Mirziyoyev siyosiy fao­liyatiga qilich sermash edi...

Albatta, shuncha gapdan keyin haqli bir savol oʻrtaga chiqadi: Mirziyoyevga qilingan kinli munosabatning boisi nima edi, uning viloyatdan ekanimi?! Yoʻq, bu yerda, hali aytganimdek, undan-da jiddiyroq sabab ham bor edi. Motiv shundayki, poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumaniga tayinlangan yosh hokim shahar ijtimoiy-iqtisodiy hayotini oʻz gʻayrati, bilim va iqtidori, noyob qobili­yati bilan favqulodda “uygʻotib” yuborgan va bu koʻpchilikni sergak torttirgandi. Bugun aksariyat toshkentlik faollar, oʻsha mahallar faoliyati shahar hayoti bilan bogʻliq boʻlgan, yuragi toza, vijdoni uygʻoq faxriylar mada­niyat, orastalik, saranjomlik va bunyodkor­lik zavqi bilan ishlash va yashash borasidagi koʻp tajribalarni aynan Shavkat Mirziyoyev­dan oʻrganishganini ochiq tan olishadi, eʼti­rof etishadi. Sababi, mahalla va koʻchalar, xiyobonlar goʻzalligi, odamlarni ulugʻ maq­sadlar sari birlashtira olish bobida ushbu tuman nafaqat Toshkentda, balki mamlakatda eng oldingi safda edi.

IV

Oʻzi umuman bugungi aytmoqchi boʻlgan gapimiz Samarqand va Samarqand ruhi­ga qayta “jon bagʻishlanishi” haqida edi. Lekin u yerdagi qilingan ishlar, Shavkat Mirziyoyevning qalbidagi jasorat, Vatani­ga, oʻz tarixi va millatiga boʻlgan soʻngsiz mehr-muhabbatni ochib berish uchun yuqori­dagi hikoyalarni ham aytib oʻtish kerak edi deb oʻyladim. Zotan, u kishining shaxsiyati oʻz-oʻzidan osmondan tushgandek paydo boʻlib qolgani yoʻq. U bugungi mavqei — xalqining sevimli Prezidentiga aylangunicha qancha zahmat chekdi, ne-ne balo-qazolardan omon chiqa oldi. Bu Yaratganning biz uchun buyuk bir tuhfasi, albatta.

Endi asosiy mavzu — Prezidentimiz­ning Samarqandda amalga oshirgan ishlari, u yerdagi faoliyati haqida bafurja gaplash­sak. Negaki u kishining ayni shu viloyatda­gi faoliyati, tajribasi mamlakatimizning bugungi istiqboliga tagzamin boʻldi, desam, adashmagan boʻlaman.

V

Oʻrta asrlarda “Gʻarbda Rim, Sharqda Samarqand” degan taʼrif paydo boʻlganini hammamiz yaxshi bilamiz, bundan faxrlanib yuramiz. Ammo yuqorida aytib oʻtganimiz­dek, bu qadimiy kent ham xuddi inson taqdi­ridek murakkab yoʻlni kechib oʻtgan.

Birgina misol, garchi 2001-yilda Sa­marqandning meʼmoriy-tarixiy yodgor­liklari YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgani shaharning xalqaro maqomini yana bir bor tasdiqlagan boʻlsa-da, oʻsha davrdagi real manzara uning shuhrati­ga soya solib turar, xalqaro tashkilotning eʼtirofi esa shunchaki uning yoshi va shonli oʻtmishiga koʻrsatilgan hurmat ramzidek ta­assurot qoldirardi. Infratuzilmani qoʻyib turaylik, oddiygina maishiy madaniyat de­gan matoh ham shahar hayotiga begonadek edi.

Viloyat iqtisodiyoti ham xuddi shunday ogʻir ahvol — tanazzulda edi. Sanoat va tad­birkorlik rivojlanmagan, qishloq xoʻjali­gida yillar davomida yigʻilgan muammolar anʼanaviy tus olgandi. Eng achinarlisi, 4 millionga yaqin aholining atigi 7 foizi tadbirkorlik bilan shugʻullanardi. Va ayni koʻrsatkich, taassufki, hudud iqtisodiyoti­ning ichki imkoniyatlari toʻliq ishga so­linmaganidan, aholining tadbirkorlik va biznes rivojiga boʻlgan ishonchi soʻnganidan ham darak berardi.

Ana shunday murakkab bir pallada Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hoki­mi etib tayinlandi. U oʻsha paytdayoq yaxshi anglagan ediki, bu nafaqat taqdirning siylovi, balki viloyatda olis davrlardan toʻplanib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy “me­ros” qarshisidagi sinov ham edi. Shu sabab u koʻpchilikka oʻxshab ishni kabinetdagi maj­lislar yoki “telefon boshqaruvi” amaliyotla­ridan emas, toʻgʻridan toʻgʻri odamlar orasiga kirishdan boshladi.

Tushunmovchilik boʻlmasligi uchun bir gapni aytib oʻtay. U kishining ishlari, faoliyatini xuddi yonida turganday hikoya qilishimning sababi bor. Chunki Shavkat Miromonovich viloyatga tayinlangan ilk damlar va undan keyin ham men deyarli doimo yonlarida, hamnafas boʻlganman. Shuning uchun aniq eslayman, yangi rahbar ilk ish kunini Samarqand xalqaro aeroportidagi holatni koʻzdan kechirishdan boshladi (ehti­mol, bugun shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib tur­gan yangi aeroport qurilishi shu mahallar u kishining koʻnglidan oʻtgandir.) Oʻshanda bir guruh faollar hamrohligida yoʻl-yoʻlakay koʻchama-koʻcha, mahallama-mahalla piyoda ay­lanib, hududning haqiqiy ahvoli, odamlar­ning kundalik dardu tashvishlarini bevosi­ta sinchiklab oʻrgandi.

Natijada shahardagi koʻp yillik loqaydlik va eʼtiborsizlik oqibatida yigʻilib qolgan turli muammolar birma-bir yuzaga qalqib chiqdi. Ayniqsa, viloyatning ogʻir ekologik holati, koʻchalar, mahallalar va jamoat joylarida uyulib qolgan chiqin­dilar Samarqandni tozalash va obod qi­lish ishlarini biror kun ham kechiktirib boʻlmaydigan vazifaga aylantirgandi. Mu­bolagʻasiz aytganda, ahvol, boya oʻzim soʻzim davomida shahar gigiyenasi bobida kesat­gan, tanishlarimiz safar taassurotlari­dagi mamlakatlarnikidan pesh emasdi. Shu bois, bu borada jiddiy “kurash” boshlandi. Bugun obodlik va ozodalik bobida ibrat namunasiga aylanib ketgan hodisa — bir­gina viloyat hokimligi va uning atrofidan qariyb 70 ta yuk mashinasida chiqindi olib chiqilgani vaziyatning nechogʻliq ayanchli tus olganini tasdiqlab turardi.

Bu hali hammasi emas edi. Ahvol shu darajaga yetib borgandiki, mavjud kuch va texnika bunday keng koʻlamli obodonlashti­rish ishlari, qolaversa, maqsadni toʻliq amalga oshirish uchun yetarli emasligi ayon boʻldi. Ana shunda shahar hududi sektorlar­ga boʻlinib, har bir mahalla va koʻchaga aniq masʼullar biriktirildi. Keyinchalik butun mamlakat miqyosida joriy etilgan “Sektor tizimi”ning dastlabki namunasi aynan shu jarayonda shakllandi.

Xullas, yillar davomida qoʻqim (chiqin­di) bosib ketgan koʻchalar va mahallalar qisqa vaqt ichida yangicha qiyofa kasb eta boshladi. Eng muhimi, oʻzgarishlar faqat markaziy koʻchalar yoki viloyat markazi bilan cheklanib qolmadi. Ilgari hech bir rahbar qadam bosmagan chekka hududlar, eʼtibordan panada qolgan mahallalar ham yangilanish jarayoniga “tortildi”.

Koʻpchilik yaxshi biladi, shahar biqini­dagi Fidoyilar va Sarbadorlar kabi mahal­lalarda azaldan shu yerlik aholi “loʻlilar” deb ataydigan yurtdoshlarimiz istiqomat qilishadi. Garchi mavzudan chiqsam-da, ga­pim tushunmovchiliklar keltirib chiqar­masligi uchun ochiq aytib qoʻyay: tashqaridan qaraganda, insonga nisbatan goʻyo kamsitish yoki milliy ayirmachilikka oʻxshab tuyuladi­gan taʼrif aholi orasidagi mutlaqo hayotiy munosabat aslida. Chunki xalqimiz biror ijtimoiy jamoaning “kim”ligini ifoda­lash uchun “qozoqlar”, “qirgʻiz”, “tojik” yoki yanada traditsional qatlamga oʻtadigan boʻl­sak, “qoʻngʻirotlar”, “barloslar” degan etnik tushunchalarni bajonidil qoʻllaydi va bu ayb ham, haqorat ham hisoblanmaydi. Ayni konseptdan kelib chiqsak, loʻlilar ham ham­mamiz qatori shu yurtning farzandlari sana­ladi. Shu oʻrinda men aytmoqchi boʻlgan fikr bu mulohazalardan anchagina farqli, yaʼni Shavkat Miromonovichning insonparvarli­gi, odamlarga boʻlgan yuksak hurmati, mehri bilan bogʻliq masaladir. Samarqandni bil­gan odamlar yaxshi xabardor, bu mahallalarda yashovchi aholida shu paytgacha na tugʻilganlik haqida guvohnoma, na pasport boʻlgan. Ochigʻi, ushbu amaliyotni amalga oshirish haqida kim­dir oʻylab koʻrganiga ham shubha bor. Shavkat Mirziyoyev esa ularga qonuniy tarzda shaxs, yashash va mol-mulk huquqini beruvchi gu­vohnoma va pasport berish tizimini yoʻlga qoʻydi. Ushbu yurtdoshlarimiz ham vatani­mizning chin fuqarolari boʻlish sharafiga muyassar boʻlishdi. Mahallaning maktab osto­nasini koʻrmagan bolalari ilm dargohlariga jalb qilindi. Aholining idorama-idora yurib sarson boʻlishiga sabab boʻlgan ogʻriqli muammolari yugur-yugursiz aynan shu yerning oʻzida hal etildi.

Bir soʻz bilan aytganda, odamlarning dardini eshitish, muammoni joyida hal qilish, eng muhimi, “Davlat — xalq uchun” degan ezgu tamoyil — ana shu davr boshqaru­vining asosiy mezoniga aylangandi.

VI

Eslatib oʻtganimizdek, Samarqand faqat “Samarqand”dangina iborat emas. Ushbu to­ponim faqatgina meʼmoriy artifakt yoki madaniy merosdan tashqari, shu diyorda ming yillardan buyon yashab kelayotgan millionlab odamlar — samarqandliklar va ularning ha­yotini ham ifoda etadi. Shundan kelib chiqib gapiradigan boʻlsak, viloyat maʼmurchiligi haqida ham alohida toʻxtalish kerakligini anglab yetamiz. Chunki koʻhna shaharga nur va shukuh beradigan eng muhim sifat — xalq­ning kayfiyati, turish-turmushidan rozi­lik alomati boʻlgan, koʻzlaridagi quvonch va shodlik uchqunlaridir. Ayni nuqtayi nazar­dan olib qaraganda, ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish ham oʻta dolzarb, ort­ga surib boʻlmaydigan vazifa edi viloyatda. Nimagaki, hududdagi oʻlda-joʻldalik, sa­marasiz qaror va topshiriqlar, tashabbuslar odamlarni ishdan bezdirgan, davlat va umumsiyosatga ishonchini susaytirgandi. Shavkat Mirziyoyev kelganidan taxminan bir yil oʻtib, aniqrogʻi, 2002-yilning birin­chi choragida viloyat iqtisodiyotida keskin ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlandi: sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 107,3 foiz­ga, xalq isteʼmoli mollari esa 112 foizga bajarilib, barqaror oʻsish surʼatlari qayd etildi. Albatta, bu natija ortida odam­larning qayta uygʻongan ishonchi, boshqa­ruvga nisbatan tiklanayotgan umidi yotardi. Biroq viloyatning asosiy drayveri boʻlgan qishloq xoʻjaligidagi ahvol hamon murak­kab edi: yer unumdorligi, yaʼni bonitet da­rajasi keskin pasayib, ayrim hududlarda 10 ballgacha tushib ketgani hosildorlikka keskin taʼsir koʻrsatgandi.

Ayni vaziyatdan chiqish uchun Shavkat Mirziyoyev masalaga ilmiy va amaliy nuqtayi nazardan yondashdi. U kishining tashabbusi bilan koʻpni koʻrgan oqsoqollar, chuqur bi­lim va tajribaga ega mutaxassislar hamda dehqonlardan iborat “Maslahat kengashla­ri” tuzildi.

Tashqaridan qaraganda, ortiqcha dovruq­siz bu tashabbus viloyat hayotida tub burilish yasadi. Negaki, xalq tajribasi va koʻmagiga asoslangan ayni tuzilma davlat bilan xalq oʻrtasida uzilgan rishtalarni tikladi. Boshqacha aytganda, ushbu mexanizm yerga boʻlgan munosabatni qayta koʻrib chiqish, mavjud muammolarni joyida tahlil qilish va aniq yechimlar ishlab chiqishda muhim omil boʻl­di. Shu yondashuv orqali yer unumdorligini tiklash — ilmiy hisob-kitoblar va amaliyot uygʻunligida hal etila boshlandi.

Mavjud imkoniyatlarni toʻliq safarbar qilish natijasida har gektar suvli yerga 20,5 tonnadan mahalliy oʻgʻit berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Oradan qisqa vaqt oʻtgach, bu ishlarning ijobiy samaralari yaqqol koʻri­na boshladi — tuproqning biologik hola­ti yaxshilanib, yerning tabiiy unumdorligi asta-sekin tiklandi.

Islohotlarning navbatdagi bosqichida hududlarning tabiiy-iqtisodiy imkoniyat­laridan kelib chiqib, ularni ixtisoslashti­rish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu esa, oʻz navbatida, har bir tumanning oʻziga xos salohiyatini ochish va qishloq xoʻ­jaligi samaradorligini oshirishda muhim strategik qadam boʻlib xizmat qildi.

Jumladan, Toyloq tumani gʻallachilik­ka ixtisoslashtirilib, shaxsan viloyat rah­barining tashabbusi va qoʻllab-quvvatlovi bilan Ukrainadan serhosil bugʻdoy urugʻla­ri olib kelindi hamda sinovdan oʻtkazildi. Natijada gektaridan oʻrtacha 50 sentnergacha hosil olinishiga erishildi.

Samarqand tumanida ilgari eʼtibordan chetda qolgan toshloq va unumsiz yerlar oʻrni­da zamonaviy intensiv bogʻlar barpo etildi. Bu tashabbus hudud qiyofasini oʻzgartirib­gina qolmay, qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymatni ham sezilarli darajada oshirdi.

Ishtixon va boshqa tumanlarda mahsu­lotlarni saqlash va bozorga uzluksiz yet­kazishni taʼminlash maqsadida zamonaviy muzlatkichli omborxonalar qurildi. Bu esa sarxil mahsulotlar yoʻqotilishini kamay­tirib, fermerlar daromadini oshirishga xizmat qildi.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻsha yil­larda qishloq xoʻjaligida asos solingan tizimli yondashuv keyinchalik viloyat agrar tarmogʻining muvaffaqiyat garoviga aylan­di, desam, ayni haqiqatni aytgan boʻlaman. Zero, bir vaqtlar qatqaloq yerga aylangan, hosildorligi past dalalarning yashil boqqa doʻnishi, bu shunchaki agrotexnik tadbirlar samarasi emas, balki dehqon va fermerlar koʻngliga yoʻl topishning oʻziga xos ifodasi boʻldi.

Aytish oʻrinliki, ushbu islohotlar do­irasida yana bir ogʻriqli muammo — hudud­larni obihayot bilan taʼminlash masalasi ham kun tartibiga chiqdi. Sir emas, bir vaqtlar Qoʻshrabot tumanidagi minglab gek­tar yer maydonlarining “taqdiri” butunlay yogʻingarchilikka bogʻliq edi. Hatto ayrim vaqtlarda lalmikor yerlar suvsizlikdan qaqrab, tuproq yorilib ketar, dehqonning mashaqqatli mehnati behuda sarf boʻlgani­ni koʻrib, odamning beixtiyor ichi achirdi. Ammo oldingi rahbarlarda ham shunday kuyinish tuygʻusi boʻlganmi, yoʻqmi, buni bilmadimu yangi hokim buni koʻrib chidab turolmagani bor gap. Aynan oʻsha yillari Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy irodasi va uzoqni koʻzlab yuritgan siyosati tufayli hu­dudda sel suvlari toʻplanadigan “Oqchopsoy” suv omboriga tamal toshi qoʻyildi. Shu bi­lan birga, tabiiy manbalar va mavsumiy sel suvlaridan oqilona foydalanish maqsadida “Oqtepasoy” suv omborini barpo etish gʻoya­si ham ilgari surildi. Ushbu tashabbuslar minglab gektar lalmikor yerlarni obihayot bilan taʼminlash, unumdorligini oshirish va hudud qiyofasini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan muhim strategik qadam sifatida tarixiy ahamiyat kasb etdi.

VII

Azal-azaldan suv baraka va farovon­lik ramzi sifatida eʼzozlanib kelingan. Ehtimol, shu bois, xalqimiz u bilan bogʻliq koʻplab ibratli rivoyatlar toʻqigan, buloq va chashmalarga muqaddasot sifatida taʼrif bergan. Shuning uchun ham Samarqand viloyati ahlining Sangin-Chashmasiyob, Sangara­son-Navodon, Obirahmat, Obimashat kabi buloqlar va jilgʻalarning zilol suvlaridan bahra olgan inson “gunohlaridan poklana­di”, degan mulohazalariga hech kim shubha bilan qaramaydi, balki oqayotgan suvdan qo­nib ichishga intiladi.

Ammo ming afsuski, oʻz vaqtida mahal­liy siyosatda tarixiy va odamlar aziz bil­gan bunday buloqlarni asrab qolish u yoqda tursin, shahar aholisini oddiy ichimlik suv bilan taʼminlash ham eng ogʻriqli muammoga aylandi.

Yillar davomida eʼtibordan chetda qol­gan suv quvurlari chirib, xizmat muddatini oʻtab boʻlgan, ularni zudlik bilan yangilash ham dolzarb ahamiyat kasb etgandi. Qolaver­sa, shaharda aholi nufusi kun sayin oʻsib, mavjud imkoniyatlar odamlar ehtiyojini qoplay olmay qolgandi. Viloyatning yangi rahbari obihayot taʼminoti tizimini isloh qilish, koʻhna kentning “qon tomirlari”­ga qayta jon bagʻishlash yoʻlida ham qatʼiy qadamlar tashladi — aholi toza ichimlik suvdan muammosiz bahramand boʻla boshladi.

Bundan tashqari, toza ichimlik suvni 3-4 kilometr masofadan tashib ichgan Nurobod tumanidagi Sazagʻon, Tepaqul va Oqsoy qishloqlari aholisiga yangi suv quduqlari qazilib, ularning obihayotga boʻlgan tala­bi va ehtiyoji qondirildi. Bu jarayon, oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra, viloyat ahlining turmush farovonligini yuksaltirish, in­son qadrini ulugʻlash va odamlarning yuziga tabassum ulashish yoʻlidagi muhim islohot­lardan biri boʻldi.

VIII

Hammamizga maʼlum, Shavkat Mirziyoyev Samarqandda koʻp muddat qolmadi: umumiy hisobda ikki-uch yil. Biroq u kishi qol­dirgan iz, anʼanalar mudom oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Yaxshi eslaymiz. Bir vaqtlar mamlakatimizda taʼlim sohasida turli is­lohotlarga qoʻl urildi, majoziy aytganda, boshimizni toʻgʻri kelgan devorga bir-bir urib chiqdik. Shunday bilarmonliklari­mizdan biri “kollejbozlik” siyosati edi. Biz ushbu “taʼlim strategiyasi”ga shu qadar berilib ketdikki, ilhomimiz tiyiqsizli­gidan, hatto, oʻn-oʻn besh chaqirim atrofida birorta uy boʻlmagan dashtu dalalarga ham uch-toʻrt qavatli kollejlar barpo qilib tashladik.

Oqibati nima boʻldi? Buni aytmasam ham barchamiz yaxshi tushunamiz, anglaymiz. Bu yerda eng ogʻir yoʻqotish oʻrta taʼlim ti­zimi sohasida boʻldi. Maktablar qurilishi, ularga boʻlgan eʼtibor keskin tushib ketdi. Hamma joyda boʻlgani kabi buning ogʻriq­li oqibatlari Samarqand viloyatida ham koʻrindi. Hududdagi qariyb 1050 ta maktab­ning ahvoli achinarli darajaga kelib qoldi. Yaʼni ularning deyarli uchdan bir qismi ka­pital taʼmirga muhtoj, tomlaridan chakka oʻtar, devorlarini zax bosgan, sinfxonalari esa oʻquvchilar taʼlim olishi uchun mutlaqo yaroqsiz holda edi.

Bu holat yurt kelajagi, millat taqdirini oʻylaydigan har qanday odam koʻnglini tashvishga solishi tabiiy edi. Shu bois, Shavkat Mirziyoyev faoliyatining toʻrtinchi kunidayoq Pastdargʻom tumanidagi 72-maktabga bordi. U yerdagi manzarani koʻrib, har qanday insonning yuragi larzaga kelishi tayin edi: xom gʻishtdan qurilgan, tomsuvoqli, sovuq kunlarda isitish imkoni boʻlmagan bu xaroba maskanda 200 nafar bolajon taqdirning achchiq sinoviga dosh berib, ilm olardi...

Moliyaviy imkoniyatlar cheklangan, mahal­liy byudjet degan tushunchalar xuddi siyosiy latifadek tuyiladigan ogʻir bir sharoitda viloyat hokimi ayni vaziyatdan chiqishning eng tezkor va maqbul yoʻlini topdi — boʻsh turgan qurilish tashkiloti binosini maktabga moslashtirish tashabbusini ilgari surdi. Bu favqulodda qaror oʻsha vaqtdayoq Shavkat Mirziyoyevning “yoʻq”dan “bor” qila olish qo­biliyatini namoyon etgandi.

Bino qisqa fursat ichida chinakam oʻquv maskaniga aylantirildi va qish ostonasida oʻquvchilar ilk bor issiq va yorugʻ sinf xona­lariga koʻchirildi. Ushbu ezgu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida esa 2002-yilda shu hududda muhtasham, ikki qavatli yangi maktab binosi qad rostladi. Bugun oʻsha joy oʻrnida barpo etilgan zamonaviy, barcha sha­roitlarga ega taʼlim dargohida 700 nafarga yaqin oʻgʻil-qiz bilim olmoqda.

Shu oʻrinda men eʼtiboringizni muhim bir nuqtaga qaratmoqchiman. Shavkat Mirziyoyev moliyaviy imkoniyatlar cheklangan, maktablar “kollejbozlik siyosati” soyasi­da qolib ketgan zamonlar taʼlim tizimini qoʻllab-quvvatlashning oʻziga xos yangi tizi­mi — “yordamchi xoʻjalik” modelini joriy etdi. Unga koʻra, maktablar qoshida homiy­lik va tashabbuskorlik asosida yordamchi xoʻ­jaliklar tashkil qilindi. Ulardan tushgan mablagʻlar bevosita taʼlim muassasalarini obodonlashtirish, infratuzilmasini yaxshi­lash hamda oʻquv muhitini yuksaltirishga yoʻnaltirildi.

Bunday noanʼanaviy, ammo xalq manfaatini koʻzlagan amaliy qarorlar tufayli qisqa vaqt ichida viloyatdagi yuzlab maktablarning moddiy-texnik bazasi yangilanib, eski va xarob maktablar oʻrnida mutlaqo za­monaviy qulay va barcha shart-sharoitlarga ega taʼlim muassasalari qad rostladi.

Ayniqsa, shunday oqilona yondashuv tu­fayli Samarqandning turli goʻshalarida qad rostlagan 20 dan ortiq sport inshootlari, sobiq “Remzavod”ning tashlandiq hu­dudi oʻrnida barpo etilgan Olimpiya zaxira­lari sport maktabi hamda “Yoshlar markazi” minglab oʻgʻil-qizlarning orzulari roʻyobga chiqadigan sevimli maskanga aylanganini bugun alohida qayd etish oʻrinli deb oʻylay­man. Bugun koʻpchilik samarqandliklar yaxshi eslashadi: oʻsha kezlarda Toyloq tumanida 5 ming oʻrinli muhtasham stadion foydala­nishga topshirilgan edi.

Eng qizigʻi, ushbu inshootlarning hech biri davlat byudjeti hisobidan qurilma­gandi. Bu esa “Izlagan imkon topar”, degan hikmatli ibora nechogʻliq haqiqat ekanini amalda yana bir bor tasdiqlaydi.

Shavkat Mirziyoyevning ustoz va murab­biylarga boʻlgan cheksiz hurmati shunchalik ediki, u umuman imkoniyati yoʻq davrda ham ularga munosib sharoitlar yaratib berish yoʻlida oʻzini qiynardi. Aynan shu ezgu niyat ifodasi oʻlaroq, Oqdaryo tumanidagi sobiq “Kolxozstroy”ning qarovsiz hududi oʻrnida zamonaviy “Ustoz” sanatoriysining barpo etilishi viloyat rahbarining maʼri­fat ahliga boʻlgan cheksiz hurmati va yuksak ehtiromini yana bir karra namoyon etdi. Shu maʼnoda aytish mumkinki, bu maskanning nomi ham, mohiyati ham oʻsha kezlardayoq keyinchalik muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan muhim hayotiy haqiqatni anglatib turardi: “Millat tarbiyachisini eʼzozlagan xalqning kelajagi porloq boʻladi”.

Sezib turibman, maqolaning soʻnggi qismlari sizni zeriktirdi. Ensangizni qotirgan boʻlsa ham ajablanmayman. Ruhi, matndagi xronologik ohang sovet va undan keyingi turgʻunlik yillari kayfiyatini eslatuvchi ayni yoʻnalish bugun hayotimizda favqulodda “begona”ga aylanib qolgandek... Holbuki, oʻsha davrda gʻalladan xirmon-xir­mon hosil olish, qiziqchimiz aytganidek, “yerni chuqurroq haydash” va hatto mutaxas­sislar va dehqonlargina tushunishi mumkin boʻlgan terminlarni qalashtirib nutq qi­lish, maqola yozish normal qabul qilinardi. Chunki daladan boshqa oʻylaydigan, gapira­digan, koʻkrak kerib faxrlanadigan hech bir sifatimiz yoʻq edi. Sobiq markazdan kelib dalaga qanday qadab ketgan boʻlsa, istiqlol­ga erishganimizdan keyin ham tafakkuru ongimiz uzoq yil egatlar orasida qoldi. Paxta va gʻalla, keng maʼnoda aytganda, zi­roatchilik hayotimizning barcha jabhasida ijtimoiy-siyosiy kult sifatidagi tahak­kum — dominantligini xuddi sovet davr­laridagidek aks ettirib turdi. Chuqurroq oʻylab koʻrilsa, ayni safarbarlik ortida “strategik ahamiyat”dan boʻlak yana bir mud­dao — jamiyatni manipulyatsiya qilish istagi ham yashiringandek edi. Yaʼni odam tinimsiz nimagadir undab turilsa, matbuot ertadan to kech zarbdorlik, dala ishlari, yetib boʻl­maydigan “plan” haqida muttasil gapira­versa, bu holat har qanday erkin tafakkurga ham putur ketkazadi. Odamlar fikrini ja­moaviy tarzda bir nuqtaga “yigʻish”, barcha oʻy-xayollarni umumiy bir oʻzanga boʻysundi­rish, tabiiyki, shaxsiy fikrni jilovlaydi. Hur fikrning shakllanmasligi esa bizning klassik aqidalarimizga uygʻun kelardi.

Umumiy maʼnoda ozodligimizning dast­labki chorak asriga jiddiy qaraydigan boʻl­sak, erkinligimiz nazariy, hurriyatimiz qaysidir maʼnoda “qaram mustaqillik”dek tuyular edi. Koʻcha va xiyobonlarimizga osila­digan shiorlarimiz ham buni bot-bot esla­tib turardi: “Yangi uy qurmay turib, eskisi­ni buzma!”. Aynan mana shu eskisini buzmay saqlab qolish “anʼanasi” millat va davlat “kodi” maqomidagi milliy ramzlarimizda ham oʻz “tarovati va teran goʻzalligi”ni aks ettirishga ulgurdi. Deylik, mustaqillikka erishganimizdan keyin ham gerbimizdagi chambarakka alvon-la oʻralgan “iftixorimiz ramzi” boʻlgan paxta va gʻalla tasvirlari oʻzgarmadi. Nega? Holbuki, Prezidentimiz koʻp bor aytganlaridek, paxtadan oladigan daromadimiz oʻsha yillari bir milliard dollarga yetib-yetmagan. Shu holicha ham ushbu dehqonchilik mahsulotlari bizning ijti­moiy-maʼnaviy identligimizni belgila­shi kerakmidi? Biz oʻz asriy orzu-armonla­rimiz, ulugʻ niyatlarimiz va bu jahondagi ruhoniy “oʻzligimiz”ni shu oʻsimliklar siymosida koʻrishimiz kerakmi?.. Albatta, bu mustaqillikdan keyin ham bir oyogʻimiz mafkuraviy jihatdan sobiq tizim xaroba­lari uzra qolib ketganini anglatadi.

Men bekorga bu toʻgʻrida gapirmadim. Chun­ki ayni narrativ “Mirziyoyev davri” bizning dunyoqarashimizni qanday oʻzgartirganini yaxshi koʻrsatib bera oladi. Masalan, sal avval eslaganimdek, bir zamonlar nafaqat aktual, balki siyosiy ahamiyat kasb etgan “qishloq xoʻ­jaligi” gurunglari bugun hayotimizdagi qoʻrli oʻrnini yoʻqotdi. Shuning uchun ham bu mavzuda yozish va oʻqish endilikda nafaqat anʼanadan chiqdi, balki mohiyatan zerikarli, primi­tiv boʻlib qoldi. Ongimizda sokin amalga oshgan, hali deyarli tahlil etilmagan ayni yangilanishlar bizga bir narsani ochiq esla­tib turadi: bizda ittifoq parchalangandan keyin ham erkinlik masʼuliyatidan xavotir hissi bor edi. (ehtimol, bu siyosiy hokimiyat­ni “yoʻqotib qoʻyish”dan qoʻrqish boʻlgandir). Jumladan, traditsional tutumlardan voz kech­maslik, boshqaruv hamda jamiyat hayotidagi “anʼanaviy ruh”ni saqlab qolishga intilish sezilar, shuning uchun shiorlarimiz ham, hali aytganimdek, milliy ozodlikdan koʻra koʻproq yaqin oʻtmishga qayta chorlayotgandek tuyulardi. Vaqt shuni koʻrsatdiki, mustaqilligimiz va oʻzligimizni ifoda etuvchi simvollarimiz — davlat ramzlarimiz mohiyatida ham oʻt­gan asrning 90-yillaridagi siyosiy xavotir, qoʻrquv va ikkilanish tajassum topgan. Ayni mavzudagi soʻzimni yakunlab, shuni aytishim mumkinki, bu olmon faylasufi Erix From tasvirlagan “Ozodlikdan qochish” fenomeniga juda yaqin hodisa edi.

Aytilgan mulohazalar bizning ta­savvurlarimizda bugun mamlakatimizning uch xil xarakterdagi koʻrinishini aks etti­rishi bilan nihoyatda ahamiyatli: “sovet Oʻz­bekistoni”, “postkommunistik Oʻzbekiston” va “Yangi Oʻzbekiston”...

IX

Hech esimdan chiqmaydi: u kishi Samarqandda ishlayotgan davrlarda yonma-yon ketarkanmiz, hazil aralash savol berdim: “Goh-gohida uxlab ham turasizmi, Shavkat Miromonovich?!”.

U kishi oʻz odatiga sodiq holda jilmayib javob qildi: “Manzildan-manzilgacha moshinada nima qilish mumkin?”.

Suhbatimiz garchi mutoyiba ruhida kechgan boʻlsa-da, uning zamirida haqiqat yashirin edi. Men ochiq aytaman, shu paytga­cha uning qaysi mahal uxlab yoki oyoq uzatib dam olishini hech kim aniq aytib berolma­sa kerak. Yuragi Vatan va xalq dardi, mehru muhabbati bilan urib turadigan, oʻz surati va siyratida MILLAT SHAVKATI tim­solini tobora yorqin ifoda etib borayotgan Shavkat Mirziyoyevdan biz, kelajak avlod, qolaversa, tarix hali koʻp narsani oʻrgani­shi, saboq chiqarishiga oʻzida kuchli ehtiyoj sezishiga men aniq ishonaman.

Hech boʻlmaganda, birgina Vatanni, uning tarixi va oʻz xalqini sevishni u kishidan oʻrganish, oʻzlashtirib olishning oʻzi ham olamni guliston qilishga yetadigan qudrat va salohiyat soladi qalbingizga.

Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir boʻlib ishlagan yillarda ham bu koʻhna zamin­dan uzilib ketmadi. “Samarqand ruhi”­ni “sayqallash”, qolaversa, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti doimo eʼtibo­rida turdi.

Ana shu ezgu qarash va yondashuv Samarqandning maʼnaviy hayotida tub buri­lish yasadi. Shaharda Registon, Shohi Zinda, Amir Temur, Bibixonim, Xoja Doniyol, Ruhobod, Hazrati Xizr, Rasadxona, Dahbed, Nodir devonbegi, Xoʻja Ahror Valiy yod­gorlik majmualari tarixiy qiyofasiga mos tarzda tiklandi.

Eng muhimi, bir vaqtlar qarovsizlik va noqonuniy qurilishlar tufayli mahalla­lar orasi, kimlarningdir uy-joyi ostida qolib ketgan muqaddas qadamjo — Imom Moturidiy hazratlarining qabri topili­shi maʼnaviy-madaniy hayotimizda ulkan voqelikka aylandi. Ulugʻ allomaning mubo­rak nomi, benazir ilmiy-maʼrifiy merosi va buyuk taʼlimoti yana xalq qalbiga yuksak ehtirom va izzat-ikrom bilan qaytarildi.

Men shu oʻrinda bir haqiqatni roʻyi­rost aytishni istardim: aslida hozirgi Samarqandning qayta shuhrat topishi va dunyo sahnida yana “Yer yuzining sayqali” de­gan sharafli nomga chin maʼnoda munosib koʻrilishi aynan oʻsha vaqtda boshlangan mana shunday maʼnaviy uygʻonishdan kuch-quvvat olgan, desam, sira yanglishmagan boʻlaman.

Zero, Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyati rahbari sifatidagi faoliyati davrida asos solingan maʼnaviy uygʻonish keyinchalik butun mamlakat taqdiri va taraqqiyot yoʻlini belgilab bergan ulkan strategik islohotlar uchun mustahkam asos boʻldi. Muhimi, bu oʻzgarishlar quruq shior yoki balandparvoz daʼvatlar sifatida emas, balki xalqimiz tafakkuri va qarashlarini oʻzgartirgan islohot sifatida ularning hayotiga chuqur kirib bordi.

Bugun xalqimiz qalbida jo boʻlgan milliy oʻzlikni anglash va millat tarixi bilan bogʻliq tushunchalar, maʼnaviy qadri­yatlarga nisbatan shakllangan yuksak hurmat va muqaddas qadamjolar, bebaho tarixiy obidalarni bunyod etish hamda ularni asrab-avaylashga boʻlgan daxldorlik hissi zami­rida oʻsha yillarda yongan milliy gʻurur va vatanparvarlik mashʼalasining qudratli nurini koʻrish mumkin.

X

Maqola avvalida Samarqand garchi bir necha ming yillik tarixga ega boʻlsa-da, uning shonli oʻtmishida oʻz nomini qoldi­ra olgan bunyodkorlar sanoqli degan edim. Agar siz bu oʻtmish gavhari boʻlgan shaharga yaqin orada bormagan boʻlsangiz, endi bo­ring, uning goʻzalligidan zavqlaning, sahni­dan nur yogʻilib turgan maydonlari, muazzam Imom Moturidiy, Imom Buxoriy qadamjo­larini ziyorat qiling. Tarix va bugun uygʻun­lashib ketgan “Boqiy Samarqand” ansambli­ni koʻring. Bozorlar, mahallalar, koʻchalarni kezib, odamlarning yuzu koʻziga boqing. Chor atrofda taralib turgan qadim oʻtmish va za­mon ohanglariga quloq tuting...

Shunda anglaysizki, ruhiyatingizda pay­do boʻlgan iliqlik, qalbingizga inayotgan shukuh qadim Samarqand ruhiyatidir. Ehti­mol, oʻsha dam yuragingizda shahar tarixida iz qoldirgan Vatan farzandlari nomini yana uzaytirishga ishtiyoq paydo boʻlar...

U kishi bugungacha bosib oʻtgan yoʻl odam qalbida shunday ezgu tuygʻularni uygʻotadi. Zotan, bu yoʻl sharafli va shavkatli yoʻldir.

Bir paytlar Uinston Cherchill oʻz zamo­nasiga ishora qilib, “Biz ulkan voqeliklar va mayda odamlar davrida yashamoqdamiz”, degan edi. Kinoya aralash aytilgan ayni ma­lomat oradan bir asrga yaqin vaqt oʻtsa-da, bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagandek. Ayniqsa, nolish va ismsiz nafrat tobora milliy qadriyatga aylanib borayotgan biz­ning bugungi kunlarimizga ham taalluqli bu gaplar, desam, hech ham adashmagan boʻla­man. Xususan, bu achchiq taʼna koʻz oʻngimizda boʻlayotgan shuncha oʻzgarishlar, yangilanishlarning qadriga yetmayotgan, koʻrib koʻrma­ganga olayotgan “mayda odamlar”ga tegishli, albatta.

Oʻzbekiston bundan oʻn yil burun qanday edi, hayotimiz, sharoitlarimiz, turish-tur­mushimiz, tafakkurimiz, biyron tilimiz­ning holi nechogʻli edi, oʻsha paytlarda?! Afsuski, odam bolasi tez unutadi. Qadriga yetish, shukr qilish degan oddiy insoniy tuy­gʻularni ham esdan chiqaradi. Koʻz oʻngimizda yuz berayotgan katta oʻzgarishlarning farqiga bormaydi yoki bilib turib takabburlik qi­ladi.

Yaqinda yoshi saksonga borayotgan bir tanishim “falonchi qamalgandi, oʻgʻli lavo­zimga oʻtiribdi. Falonchi ishdan olingan­di, uch oy oʻtmay sal bundayroq boʻlsa ham vazifaga qoʻyilibdi. Men tushunmadim, nega bunday boʻlyapti?” deb soʻrab qoldi.

Ochigʻi, u kishidan xafa ham boʻlmadim, gapiga hayron ham qolmadim. Negaki, bit­ta u emas, aksariyatimizda shunday fikr bor: birov qamaldimi, urugʻ-aymogʻi bilan “supurilishi” kerak, ishdan ketgan odam nafaqat siyosiy sahna, hatto jamoatchilik nazaridan uzoqda, koʻzga koʻrinmay yurishga mahkum...

Toʻgʻri, ilgari shunday edi. Bugun zamon ham, siyosat ham oʻzgardi. Biroq taassufki, jamiyat buni toʻgʻri anglab ololmayotir. Hayotimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar va ularga munosabatimizni kuzatib turib, baʼzan bir narsaga hayron qolaman: bizda ham faxr, Millat va Vatan zafarlaridan quvonib gʻururlanish hissiyoti bormi yoki bu tuygʻu­larimizni ham mustabidlik toʻfonlariga “yem” qilganmizmi? Shuncha ishlar, oʻzgari­shu yangilanishlar boʻlayotir, ammo aksariyat hollarda ularga yondashuvimiz, hali aytgan tanishimnikidek, oʻta nosogʻlom...

Mayli, targʻibot, Prezident siyosati, bu­gungi kunlarimiz qadrini odamlarga keng va bafurja sharhlash, tushuntirib berish amaliyoti, biroq bu ishlarimiz hozirda koʻn­gildagidek kechmayotgani alohida munozara mavzusi. Ammo biz, tarixi ming yillarga teng xalq, oʻtmishi afsonaga aylangan yurt farzandlari sifatida qalbimizda milliy gʻurur tuygʻusini shakllantirishni oʻrgani­shimiz bugun juda dolzarb degan boʻlardim.

Men oʻtgan yili Prezidentimizning Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida u kishiga yuzlanib, shunday murojaat qilgan edim:

“Bundan 6-7 asr ilgari bu yurtda koʻtarilgan muazzam bayroq oʻz atrofida jahonni birlashtirgan, oʻziga qaratgan edi. Bu, shubhasiz, buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur qurgan qudratli davlatning bayrogʻi edi.

Oradan qariyb yetti asr oʻtib, uzoq yillar koʻzdan panada qolgan oʻsha bayroq bugun yana hilpiray boshladi. Bu bayroq bugungi Yangi Oʻzbekistonning bayrogʻidir.

Bugun jahon uzra magʻrur hilpirayotgan ushbu bayroqni Siz koʻtardingiz, muhtaram Shavkat Miromonovich!”.

Men bugun ham ayni fikrimda sobitman!

Qudratilla RAFIQOV,

siyosatshunos