Prezidentning 20-avgustdagi qarori bilan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Radioelektron tizimlar va axborot texnologiyalari markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Kriptologiya, axborot xavfsizligi va innovatsion texnologiyalar instituti tashkil etildi.
Institutning asosiy vazifalari qatoriga kriptologiya, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash, raqamli kriminalistika hamda raqamli texnologiyalar sohalarida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kiradi.
Shuningdek, institut axborotni himoya qilish, sunʼiy intellekt, raqamli kriminalistika va boshqa dolzarb yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil etadi. Davlat buyurtmalari doirasida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ham ishtirok etadi.
Yangi institutga kriptografiya va texnik himoya vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va sertifikatlash, shuningdek, muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini kiberxavfsizlik talablariga muvofiq ekspertizadan oʻtkazish vakolatlari ham berilgan.
Qarorda institutga soha boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini tashkil etishga ham ruxsat berilgan. Bundan tashqari, xorijiy fuqarolarni ham belgilangan tartibda jalb etish mumkin.
Institut xodimlari uchun yana bir muhim imkoniyat — Toshkent viloyati hududidan birinchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti ajratilishi. Bunda dastlabki badal uy-joy qiymatining kamida 15 foizi miqdorida belgilanadi, kredit esa tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan 20-yil muddatga ajratiladi.
Shuningdek, institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida u tomonidan ishlab chiqariladigan texnik vositalar va koʻrsatiladigan xizmatlar tannarxiga 25 foizgacha ustama joriy etish mumkin.
Institutning byudjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasi ham tashkil etiladi. Uning mablagʻlari institutning moddiy-texnik bazasi, oʻquv, ilmiy va ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik loyihalarini moliyalashtirish hamda xodimlarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklangan.