Bu haqda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov aholiga murojaatida maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, raqamli taraqqiyot bilan bir qatorda transchegaraviy kiberxavflar ham ortib bormoqda. Bunday jinoyatlar ortida minglab fuqarolarning mablagʻlari, oilaviy farovonligi va xotirjamligi turibdi.
Ramazon Ashropov kiberjinoyatlarga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emasligini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, firibgarlar koʻp hollarda odamlarning soddaligi, beparvoligi va raqamli savodxonligi yetarli emasligidan foydalanmoqda.
Vazir oʻrinbosari aholiga kiberxavflardan himoyalanish uchun quyidagi qoidalarga amal qilishni tavsiya qildi:
Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan shubhali va nomaʼlum fayllarni, ayniqsa APK formatidagilarni ochmang va yuklab olmang. Hatto fayl yaqin insondan kelgan boʻlsa ham, uni ochishdan avval ishonchliligini tekshirish lozim.
Ikkinchidan, oʻzini turli idoralar xodimi sifatida tanishtirgan notanish shaxslarning gapiga ishonmang. Telefon orqali hech kimga kod yoki parol bermaslik kerak.
Uchinchidan, pulni qisqa vaqt ichida bir necha baravar koʻpaytirishni vaʼda qiladigan turli onlayn platformalar va takliflardan ehtiyot boʻling.
Toʻrtinchidan, onlayn savdoda sotuvchining ishonchliligiga ishonch hosil qilmasdan turib, oldindan toʻlov amalga oshirmang.
Beshinchidan, bank kartasining PIN-kodi va telefonga kelgan SMS-kodni hech qachon hech kimga aytmang.
Ramazon Ashropov kiberxavfsizlikni taʼminlashda ota-onalar, oʻqituvchilar, mahalla faollari va ziyolilarning ham faol ishtiroki muhimligini taʼkidladi.
«Xavfsiz kibermakon — bu barchamizning umumiy masʼuliyatimizdir», — dedi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari.