Mazkur loyiha mamlakat temir yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Dastlabki 7 vagondan iborat poyezd 2025 yil 10 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan joʻnatilib, 2026 yil fevral oyida Oʻzbekistonga olib kelingan edi.

Toʻliq poyezd tarkiblarini qitʼalararo tashish yuqori darajadagi muvofiqlashtirish va murakkab logistika yechimlarini talab qildi. Jarayonda katta gabaritli vagonlar uchun maxsus avtotransport va platformalardan foydalanildi, tranzit davlatlarda yuklarni shikastlanishdan himoya qiluvchi texnologiyalar qoʻllanildi. Shuningdek, tranzit, sugʻurta va bojxona rasmiylashtiruvi yagona logistika zanjiri asosida muvofiqlashtirildi.

«Temiryoʻlkargo» AJ xalqaro multimodal logistika operatori sifatida tashuvni ishlab chiqaruvchi zavoddan Oʻzbekistondagi yakuniy manzilgacha «eshikdan eshikkacha» tamoyili asosida tashkil etdi.

Kompaniya mutaxassislari tomonidan «Janubiy Koreya — Xitoy — Qozogʻiston — Oʻzbekiston» tranzit yoʻnalishi ishlab chiqildi. Unda dengiz, avtomobil va temir yoʻl transporti imkoniyatlari yagona logistika tizimiga birlashtirildi.

Taʼkidlanishicha, zamonaviy Hyundai Rotem tezyurar poyezdlarining parkka qoʻshilishi mamlakatda yoʻlovchi tashish xizmatlari sifatini oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini yanada takomillashtirish hamda ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.