Mazkur Qonun bilan «Oʻzboshimchalik bilan egalab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida»gi hamda «Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qonunlarga qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Xususan, huquqlarni eʼtirof etish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddatlarini qisqartirishga hamda huquqlarni eʼtirof etish ishlari bilan bogʻliq shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonlarini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Qonunga binoan:

  • Oʻzboshimchalik bilan qurilgan inshootlarga mulk huquqini rasmiylashtirishda bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoni yaratiladi;
  • Mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqish va jamoatchilik uchun eʼlon qilish muddati 150 kundan 50 kunga qisqartiriladi;
  • Inshootga tegishli qarzdorlik BHMning 30 baravarigacha (12 mln 360 ming soʻm) boʻlganda, bu mulkka nisbatan egalik huquqi olishga monelik keltirib chiqarmaydi;
  • Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovning 50 foizi 20 kun ichida toʻlangan taqdirda, toʻlovning qolgan qismini toʻlashdan ozod etiladi.

Shuningdek, fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi va shartlari joriy etilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun bilan kiritilayotgan normalar jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini eʼtirof etishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.