Senatorlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadigan ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi mavqeini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha muhokama qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligining mutasaddilari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi koʻrsatkichlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
2025-yilda mamlakat uchun ustuvor deb belgilangan 20 ta xalqaro reyting va indekslardan 14 tasida Oʻzbekistonning koʻrsatkichlari yaxshilandi, 4 tasida holat oʻzgarmasdan qoldi, 2 tasi boʻyicha esa natijalar eʼlon qilinmagan.
Ushbu natijalar davlat organlari, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarining muvofiqlashtirilgan hamkorligi, aniq indikatorlar asosida amalga oshirilgan islohotlar samarasi ekani taʼkidlandi.
Jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida Oʻzbekiston 19 pogʻonaga yuqorilab, 167 davlat orasida 62-oʻrinni egalladi. Mamlakatimiz 2015-yildan beri barqaror rivojlanish sohasida eng sezilarli taraqqiyotga erishgan davlatlar qatoridan joy olib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng yuqori taraqqiyot surʼatini namoyon etayotgan mamlakat sifatida eʼtirof etildi.
Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida Oʻzbekiston 193 ta davlat orasida 63-oʻrinni egallab, 6 pogʻonaga yuqoriladi. Respublikamiz elektron hukumat sohasida rivojlanish boʻyicha “yuqori” guruhdan “juda yuqori” guruhga koʻtarilgan 17 ta davlatdan biriga aylandi.
Iqtisodiy erkinlik indeksida ham 3 pogʻonaga oʻsish qayd etildi. Fitch Ratings va “S&P” agentliklari esa 2018-yildan beri ilk marotaba oʻzining bahosini “VV-” dan 1 pogʻona yuqoriga – “VV” (barqaror kutilma) darajasida tasdiqladi. Joriy yilda esa Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshiladi.
Ushbu ijobiy oʻzgarishlar mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni yanada koʻproq jalb etish, xalqaro moliya bozorlaridan arzonroq resurslar olish hamda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda xalqaro hamkorlar uchun aniq kafolat boʻlib xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokama davomida taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning milliy tizimi yaratilgan va shu tariqa parlament nazorati kuchaytirilgan. Har yili tayyorlanadigan milliy maʼruzada davlat organlari faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi va qonunchilikni takomillashtirish zarurati yuzasidan xolis va tahliliy maʼlumotlar taqdim etilmoqda.
Shu bilan birga, Milliy maʼruza tahlillari ayrim reyting va indekslarda pasayish holatlarini ham koʻrsatdi. Xususan, ayrim sohalardagi korrupsiya holatlari, qonunlarga rioya etishdagi muammolar, matbuot erkinligiga oid kamchiliklar mamlakatimizning reytinglardagi mavqeiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis Senati tomonidan tegishli qaror qabul qilindi. Unda sohalar boʻyicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish, masʼul idoralar faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish, masʼuliyatni oshirish hamda reyting koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir etuvchi indikatorlar yuzasidan yangi islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.