Bu dargoh minglab o‘g‘il-qizlarga o‘z salohiyatini namoyon etish, ustozlardan saboq olish, ijod sirlarini anglash va adabiyotning betakror olamiga oshno bo‘lish imkoniyatini yaratdi. Bugungi kunda Zomin seminari nafaqat adabiy anjuman, balki yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat va yuksak ma’naviyat tuyg‘ularini mustahkamlaydigan ulkan ma’rifat maskaniga aylandi.
Zomin seminarining tashkil etilishi va yillar davomida yuksak saviyada o‘tkazilishida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor muhim o‘rin tutadi. Bu ezgu an’ananing boshlanishi Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati bilan chambarchas bog‘liq ekanini yosh ijodkorlar ham faxr bilan ta’kidlab o‘tishdi.
Betakror tabiat bag‘rida uch kun davom etgan Zomin seminari iste’dodli yoshlar, taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar hamda ijod ahlini birlashtirgan haqiqiy ijod bayramiga aylandi. Dilbar uchrashuvlar, samimiy suhbatlar, qizg‘in munozaralar, mahorat darslari, adabiy seminarlar va tanlovlar har bir ishtirokchi uchun beqiyos tajriba maktabi bo‘ldi. Bu uchrashuvlar yoshlarga nafaqat ijodiy mahorat, balki insoniy fazilatlar, ustozga hurmat va milliy adabiyot oldidagi mas’uliyatni ham chuqur his etish imkonini berdi.
Adabiyot – millat ma’naviyatining ko‘zgusi. Shu bois, Zomin seminarida qatnashgan har bir yosh ijodkor adabiyotning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, inson ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati haqida alohida to‘xtaldi. Deyarli har bir ishtirokchining: “Zomin seminarida qatnashish eng katta orzularimdan biri edi”, degan samimiy e’tirofi ushbu anjumanning yoshlar qalbida naqadar yuksak o‘rin egallaganini yana bir bor namoyon etdi.
Men uchun bu yilgi seminar, ayniqsa, unutilmas bo‘ldi. Quvonchimning asosiy sabablaridan biri “Bolalar adabiyoti” yo‘nalishiga bo‘lgan qiziqishning sezilarli darajada ortganidir. Agar avvalgi yillarda bu sho‘bada atigi besh-olti nafar ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, bu yil ularning soni o‘n sakkiz nafarga yetdi. Bu esa mamlakatimizda bolalar adabiyotiga bo‘lgan qiziqish va e’tibor tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
Bu yilgi seminarda jami 136 nafar iste’dodli yosh ijodkorlar ishtirok etdi. Ular orasida “Tong yulduzi” gazetasining yosh muxbirlari, faol mualliflari va gazetamizda e’lon qilingan tanlovlar g‘oliblarining ko‘pligi meni juda quvontirdi. “Assalomu alaykum, ustoz! Men “Tong yulduzi” gazetasining yosh muxbiriman” yoki “Men “Tong yulduzi”da e’lon qilingan tanlov g‘olibiman”, degan so‘zlarni katta hayajon bilan aytayotgan yoshlarni ko‘rib, zavqlandim. Gazetamizning ko‘p yillik mehnati o‘z samarasini berayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Bu holat O‘zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodovaning ham e’tiborini tortdi. U kishi: “Zomin seminari ishtirokchilarining aksariyati “Tong yulduzi”ning muxlislari ekan”, deya samimiy e’tirof etdilar. Bu fikr gazetaning yosh ijodkorlarni tarbiyalashdagi o‘rni beqiyos ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Buni tanlovlar g‘oliblari misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Boylikni bolalikdan asrang!” tanlovida maqola yo‘nalishida 1-o‘rinni egallagan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Azizbek Shaymirzayev, aynan shu tanlovning she’riyat yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Marjona Yoqubovani alohida aytish mumkin. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Inson huquqlari – bolalar nigohida” tanlovining g‘olibi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Samariddin Qodiriy kabi yoshlar Zomin seminarining faol ishtirokchilari bo‘lgani barchamiz uchun faxrlidir.
Shuningdek, Zomin seminari ishtirokchilaridan Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi o‘quvchisi Mushtariy Toshpo‘latova, Abdulla Qodiriy ijod maktabi o‘quvchisi Shahzoda Orifjonova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Zulhayo Mingboyeva kabi iqtidorli yoshlarning ilk ijodiy qadamlarida “Tong yulduzi” muhim o‘rin tutgani alohida e’tirofga loyiq. Ayniqsa, Zulhayo Mingboyevaning: “Bu yutuqlarimda “Tong yulduzi”ning ulkan hissasi bor”, degan samimiy so‘zlari har bir ijod ahli uchun katta e’tirofdir.
Yana bir quvonarli jihat – “Tong yulduzi” gazetasi muxbiri, iste’dodli yosh shoir Diyor Rahmonning ham Zomin seminari ishtirokchisi sifatida qatnashganidir.
Bu esa gazetaning nafaqat yoshlarni tarbiyalayotganini, balki ularni katta adabiyot maydoniga olib chiqayotganini ko‘rsatadi. Zomin seminari haqida yana ko‘p gapirish mumkin. Chunki bu anjuman har yili yuzlab yosh qalblarda ijodga mehr, adabiyotga sadoqat va yurt ravnaqiga xizmat qilish orzusini uyg‘otadi. Ishonamizki, bugun Zomin bag‘rida ilhom olgan yoshlar ertaga Yangi O‘zbekiston adabiyotining munosib vakillari, millat ma’naviyatining fidoyilariga aylanadilar.
Bundan bir necha yil avval Yurtboshimiz tomonidan aytilgan ezgu tilak bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q: “Yosh ijodkorlarning mustaqil Vatan adabiyotiga Jizzax diyorida qo‘yayotgan qadamlari qutlug‘ bo‘lsin!”. Bu tilak har bir yosh ijodkorga kuch, g‘ayrat, ilhom va yuksak marralar sari intilish bag‘ishlaydi.
Feruza SOYIBJON qizi
“Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri