Seminarning birinchi bosqichda zararli chigirtkalarning tarqalish holati va oʻtkaziladigan profilaktik chora-tadbirlar, zararli chigirtkalarga qarshi kurashda qoʻllaniladigan preparatlar bilan odamlar yoki hayvonlar zaharlanganda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish usullari, zararli chigirtkalarga qarshi kompleks chora-tadbirlar singari mavzularda maʼlumotlar berildi. Ikkinchi bosqichda esa zararli chigirtkalarga qarshi amaliy mashgʻulotlar olib borildi.

- Qoraqalpogʻiston Respublikasida zararli chigirtkalarning rivojlanishi va tarqalishiga qulay 3 million gektardan ortiq yer maydoni bor boʻlib, oʻtgan yilgi kuzgi kuzatuv natijalari boʻyicha 95 750 gektar yer maydonida zararli chigirtkalar tuxum donachalari qoʻyilgani aniqlandi. 2025-yil yakuni boʻyicha 76 720 gektar maydonda zararli chigirtka oʻchoqlariga qarshi kimyoviy ishlov berish ishlari oʻtkazildi. Bu yilgi kimyoviy ishlov berish ishlari respublika hududida tarqalish vaqtini hisobga olib, may oyidan boshlanishi rejalashtirilgan, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati boshliq oʻrinbosari Atabek Daukov. – Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati tomonidan 2026-yil 16-mart sanasidan boshlab tumanlarga biriktirilgan maxsus otryadlar tomonidan zararli chigirtkalarning tuxum qoʻygan maydonlarini aniqlash maqsadida keng qamrovli kuzatuv ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqlim sharoitida may oyining ikkinchi oʻn kunligidan boshlab chigirtkalar tuxum koʻzachalaridan chiqib, faol tarqala boshlaydi. Shu sababli, kuzatuv ishlarini erta boshlash va xavfli hududlarni oldindan aniqlash katta ahamiyatga ega.

Joriy mavsumda zararli chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida respublika boʻyicha 9 ta maxsus otryad shakllantirildi. Ushbu otryadlar zamonaviy texnika va vositalar bilan taʼminlangan boʻlib, jumladan, 8 ta VP-1 rusumli agregat, 11 ta OVX-600 purkagichli traktor, 10 ta yuqori unumli UMO purkagichli avtomashina, 90 ta motorli qoʻl apparati hamda maxsus suv tashuvchi texnikalar toʻliq shay holatga keltirilgan.


Xulosa qilib aytganda, zararli chigirtkalarga qarshi kurash ishlarini oʻz vaqtida va tizimli ravishda amalga oshirish orqali qishloq xoʻjaligi ekinlarini ishonchli himoya qilish, hosildorlikni saqlab qolish va agrar sohada barqarorlikni taʼminlashga erishiladi.

Minajatdin QUTLЫMURATOV,

Yangi Oʻzbekistonmuxbiri.