So‘nggi vaqtlarda xalqaro terroristik guruhlar o‘zlarining qo‘poruvchilik va buzg‘unchilik maqsadlarini amalga oshirish uchun mablag‘ yig‘ishning yangi usullaridan foydalanmoqda.
Ular xalqimizga xos saxovat va mehr-shafqat qadriyatlarini suiste’mol qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli e’lonlar tarqatmoqda. Jumladan, chet davlatlardagi mojaroli hududlarda, ayniqsa G‘azo sektori da aziyat chekayotgan aholiga yordam berish bahonasida yoki xorijdagi nogiron ayollar va bolalarga ko‘mak ko‘rsatish niqobi ostida pul yig‘ish holatlari kuzatilmoqda.
Afsuski, ayrim fuqarolar bunday e’lonlarga ishonib, videolar va tasvirlar ta’sirida «savob ish qilaman» degan niyatda ko‘rsatilgan hisob raqamlariga pul o‘tkazmoqda.
Biroq o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur mablag‘lar aslida muhtoj insonlarga yordam sifatida emas, balki begunoh odamlar hayotiga xavf solayotgan terroristik guruhlar qo‘liga tushmoqda.
Aziz vatandoshlar, ehtiyot bo‘ling! Yaxshi niyat bilan qilingan harakatlaringiz orqali bilmasdan jinoyiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlab qo‘yishingiz mumkin.
Shuningdek:
- begona shaxslarning sizning nomingizga bank kartasi, kriptohamyon yoki hisob raqami ochish haqidagi takliflariga aslo rozi bo‘lmang;
- shaxsiy ma’lumotlaringizni noma’lum shaxslarga bermang;
- shubhali xayriya e’lonlarini tekshirmasdan pul o‘tkazmang.
Unutmang, terrorchilikni har qanday shaklda qo‘llab-quvvatlash, jumladan moliyaviy yordam ko‘rsatish Terrorizmni moliyalashtirish sifatida baholanadi va 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘lishi mumkin.
Hushyorlik va onglilik — xavfsizlikning eng muhim kafolatidir.