Andijon shahrida piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar qildi.

Hodisa 25 iyun kuni soat 17:55 larda shaharning "Yangi Bo‘ston" MFY, Amir Temur shohko‘chasida yuz bergan.

1997-yilda tug‘ilgan R.Z. o‘ziga tegishli Malibu 2 avtomobilini boshqarib ketayotib, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodaga yo‘l bermagan va ularni urib yuborgan. Voqea aks etgan videoda ularning kamida bir nafari bola ekanini ko‘rish mumkin.

YTH oqibatida jabrlanganlar shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalarga qaramay, ulardan ikki nafari vafot etgan.

Holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari boshlangan.