Andijon viloyati Marhamat tumanida faoliyat yurituvchi bank xizmatlari markazlaridan birining boshlig‘i va “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mashinisti o‘zaro til biriktirib, 1989 y.t. fuqaroning ishonchiga kirishgan. Ular Marhamat tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonining go‘yoki turar-joy toifasiga oid hujjatlari borligini aytib, mansabdor tanishlari orqali uni kelgusida mazkur fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 39 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mashinist oldindan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.