Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Doimiy kengashining qarori bilan har yili turkiy davlatlardagi shaharlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilinadi. Bu ana shu shaharlar timsolida har bir mamlakatning oʻziga xosligi, madaniyati, sanʼati, anʼana va qadriyatlarini xalqaro miqyosda yanada keng targʻib etishga ulkan imkoniyat yaratadi.
Oʻtgan davrda Ostona, Eskishahar,
Qozon, Mari, Sheki, Turkiston, Kastamonu, Oʻsh, Xiva, Bursa, Shusha, Anau,
Aqtau shunday sharafli maqomga ega boʻldi.
TURKSOY Doimiy kengashining 2025-yil
noyabrda Qozogʻistonning Aqtau shahrida boʻlib oʻtgan 42-yigʻilishida “Andijon
— 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilindi.
Shu munosabat bilan joriy yilda
oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlar oldidan Andijonning Bobur shahridagi
amfiteatrda tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Unda qator qardosh
oʻlkalar madaniyat vazirlari va ularning oʻrinbosarlari, TURKSOY bosh kotibi,
koʻplab xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, faxriylar, yoshlar
qatnashdi.
Prezidentimiz Andijon shahrining
“Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilinishi doirasida
oʻtkazilayotgan xalqaro tadbirlar ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi. Bu nafaqat
ushbu marosimning nufuzini oshirdi, balki Oʻzbekistonning turkiy dunyo
birligiga, hamjihatligiga, qolaversa, TURKSOY faoliyatiga naqadar katta eʼtibor
qaratayotganining yorqin tasdigʻi boʻldi.
Tabrikda taʼkidlanganidek, Andijon
shahrining bunday yuksak sharafga munosib koʻrilgani Oʻzbekistonning boy tarixi,
madaniy-maʼnaviy merosi, yurtimizning turkiy madaniyat rivojiga qoʻshgan bebaho
hissasi, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro
miqyosdagi yana bir eʼtirofidir.
Soʻnggi yillarda Prezidentimizning
qatʼiy siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlagan oqilona siyosati tufayli Oʻzbekiston
turkiy olamda hamjihatlikni mustahkamlash, qardosh xalqlar oʻrtasidagi azaliy
rishtalarni yangi bosqichga olib chiqishda faol tashabbuskorlardan biri
sifatida eʼtirof etilmoqda.
Faoliyatim sabab turkiy olamga daxldor
juda koʻplab xalqaro madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar, uchrashuv va
muloqotlarda qatnashaman. Ana shunday nufuzli tadbirlarda shaxsan guvohman:
Oʻzbekistonning bugungi shiddatli taraqqiyot yoʻli, inson manfaatlarini
taʼminlash, sohalar rivojiga qaratilayotgan eʼtibor havas bilan tilga olinadi.
Tanaffuslarda, bir finjon qahva ustidagi suhbatlarda ham taniqli ekspertlar,
rasmiy doira vakillariga oʻzimni Oʻzbekiston vakili sifatida tanishtirganimda
chehralarga darrov tabassum yugurib, koʻproq gaplashishga oshiqadi. Yurtimiz haqida
fikr bildirganda, “Shavkat Mirziyoyev — bugungi davrning juda kuchli va
donishmand siyosatchisi. Xalqini oʻylaydigan, uning manfaatlari va farovonligi
uchun qaygʻuradigan, mamlakatini jahonga ochgan va turkiy dunyo birligiga ulkan
ijobiy taʼsir koʻrsatayotgan zamonamizning buyuk davlat arbobidir. Shunday
lideringiz borligi bilan haqli ravishda faxrlansangiz arziydi”, degan
eʼtiroflarni eshitamiz.
Albatta,
bunday gaplardan qalbimiz cheksiz gʻururga toʻladi. Shu bilan birga, nafaqat
faxrlanish, balki zimmamizda juda katta masʼuliyat turganini ham qayta va qayta
his qilamiz. Andijondagi tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan TURKSOY
bosh kotibi Sulton Rayev mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayoni haqida samimiy
fikrlarini bildirib, jumladan, bunday dedi:
“Soʻnggi
yillarda hurmatli Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida
Oʻzbekistonda olib borilayotgan tarixiy islohotlarni, barcha sohada
erishilayotgan ulkan natijalarni biz, qardosh xalqlar katta xursandchilik bilan
kuzatib bormoqdamiz.
Bugun
nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun turkiy dunyoda mutlaqo yangi, samimiy va
doʻstona muhit yuzaga kelishida, qardoshlik munosabatlari mustahkamlanishida
Oʻzbekistonning roli va ahamiyati beqiyos.
Yangi
Oʻzbekistonning jahondagi oʻrni tobora yuksalib borayotgani, ayniqsa, inson
ongi va tafakkurini tarbiyalaydigan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari
rivojiga katta eʼtibor berilayotgani, ijodkorlar uchun keng imkoniyatlar
yaratilayotgani TURKSOY oilasi sifatida bizni ham nihoyatda quvontirmoqda.
Birgina
misol keltirmoqchiman. Yaqinda Shavkat Miromonovich Oʻzbekiston madaniyat va
sanʼat sohasi vakillari bilan tarixiy uchrashuv oʻtkazdi. Biz ham ushbu
uchrashuv tafsilotlarini katta qiziqish bilan kuzatdik. Unda sohadagi
muammolarga yechim topish, adabiyot, madaniyat, sanʼat va kreativ iqtisodiyotda
yangi bosqichga koʻtarilishga xizmat qiladigan koʻplab tashabbuslar ilgari
surildi.
Ijodkorlarni
va yosh isteʼdodlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga doir takliflar
bildirildi. Koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston rahbarining madaniyat rivojiga qaratilgan
tarixiy farmoni qabul qilindi. Bundan tashqari, Shavkat Miromonovich sohaning
koʻplab ilgʻor vakillarini, marhum ijodkorlarni davlat mukofotlari bilan
taqdirladi.
Oʻzbekistonda
ijod ahlining shunday buyuk homiysi, himoyachisi borki, bu nafaqat havas
qilishga, balki olqishlashga arziydi!”.
Mamlakatimiz
Turkiy davlatlar tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirganidan soʻng barcha
sohalar singari TURKSOY faoliyati doirasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga
koʻtarildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 10-noyabrdagi
“TURKSOY tuzilmasi va faoliyat koʻrsatish prinsiplari toʻgʻrisidagi shartnomani
(Olmaota, 1993-yil 12-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonuni bilan
mamlakatimizning ushbu xalqaro tashkilotdagi faoliyati huquqiy jihatdan
mustahkamlandi.
Aʼzo
davlatlar, jumladan, Oʻzbekistonda turkiy mamlakatlar madaniyati va sanʼati
kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ijodiy forumlarni oʻtkazish anʼanaga
aylandi. Tashkilot doirasidagi ilmiy-maʼrifiy anjumanlar, turkiy tillar va
adabiyotlar rivojiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar, madaniy tadbirlar
va loyihalarda Oʻzbekiston vakillari faol qatnashmoqda.
Oʻzbekistonning
oʻziga xos brendi darajasiga koʻtarilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati
festivali, Xalqaro maqom sanʼati anjumani, “Sharq taronalari” va “Lazgi”
festivallarida TURKSOYga aʼzo davlatlar ijodkorlari muntazam ishtirok etmoqda.
Tashkilot
tomonidan oʻzbek xalqining buyuk shoir va mutafakkirlari, tarixiy shaxslari
tavallud sanasi ham keng nishonlanmoqda. Xususan, Oʻzbekiston xalq shoiri
Gʻafur Gʻulomning “Osmon toʻla yulduzlar” asari, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq
yozuvchisi Said Ahmadning tanlangan hikoyalari, Oʻzbekiston xalq shoiri
Muhammad Yusufning saylanmasi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning
“Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot!” kitobi va boshqa qator oʻzbek
adabiyoti namunalari turk tiliga tarjima qilindi.
Mamlakatimiz
tashabbusi bilan nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100
jildli kitoblar turkumining Anqara shahrida taqdimoti oʻtkazildi.
Oʻtgan
yili yurtimizda Turkiston jadidlik harakati asoschisi, atoqli adib va jamoat
arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng
nishonlandi. Mazkur ezgu tashabbusga TURKSOY munosib hissa qoʻshish maqsadida
Turkiyaning Anqara shahrida “Mahmudxoʻja Behbudiy va Turkiston jadidlik
harakati” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman tashkil etdi va uning doirasida ulugʻ
ajdodimizning turk tilida chop etilgan tanlangan asarlarini adabiyot
ixlosmandlari eʼtiboriga havola qildi.
Joriy
yil fevralda TURKSOY Bosh qarorgohida Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligi
keng nishonlandi. TURKSOY, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi,
mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi,
Turkiya Yozuvchilar uyushmasi va Anqara ijtimoiy fanlar universiteti
hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda tashkilotga aʼzo davlatlarning taniqli
olimlari, tadqiqotchilari, shoir va yozuvchilari qatnashdi. Bu tadbir Navoiy
merosini xalqaro miqyosda yanada keng oʻrganish va targʻib etishda muhim
qadamlardan boʻldi.
Davlatimiz
rahbari tashabbusi bilan bu yil Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi
keng nishonlanmoqda. Xususan, 2026-yil 9-10-aprel kunlari Oʻzbekistondagi Islom
sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi
va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya
yuksak saviyada oʻtkazildi. Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda TURKSOY koʻmagida
tashkilotga aʼzo davlatlarning temurshunos olimlari va mutaxassislari faol
ishtirok etdi.
Eʼtiborlisi,
aynan ushbu xalqaro anjuman doirasida TURKSOY uchta muhim yangilikni eʼlon
qildi. Jumladan, Oʻzbekiston tomonidan nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari”
turkumi turkiy xalqlar adabiyoti targʻibotiga bagʻishlangan “Eng yaxshi adabiy
loyiha”, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Turkiy dunyoning eng
yaxshi muzeyi” sifatida eʼtirof etilib, maxsus sertifikatlar topshirildi. Shu
bilan birga, markazning Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi TURKSOY Muzeylar
birligi aʼzoligiga qabul qilinib, maxsus sertifikat taqdim etildi.
Ilmiy-maʼnaviy
merosni puxta oʻrganish va targʻib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida TURKSOYning ofisi ochilgani ham
diqqatga sazovor. Buni davlatimiz rahbari bir necha bor yuksak minbarlarda
turib eʼtirof etdi. Andijonga yoʻllangan tabrikda ham ushbu yangilik yana bir
bor tilga olindi. Yaʼni Oʻzbekiston TURKSOY faoliyatiga va uni
qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratmoqda. Mana shu eʼtiborni qadrlab,
Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar ijrosini taʼminlash maqsadida hozir
Islom sivilizatsiyasi markazi bilan birgalikda faol hamkorlik qilmoqdamiz.
Turkiy
dunyoning madaniyat poytaxti doirasida Andijonda qator xalqaro tadbirlar, ilmiy
anjumanlar, festivallar, uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ulardan
biri — TURKSOY tashabbusi va Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi hamda Andijon
viloyati hokimligining qoʻllab-quvvatlovi bilan “Andijon polkasi” raqsining
“Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishiga qaratilgan loyihadir.
“Andijon
polkasi” milliy raqs sanʼatimizning yorqin namunasi boʻlib, oʻzining shiddatli
ritmi, joʻshqin harakatlari va betakror musiqasi bilan ajralib turadi. U
nafaqat ijrochisiga, balki tomoshabiniga ham birdek zavq, shodlik va quvonch
hissini bagʻishlaydigan betakror raqs turidir.
Andijon
shahridagi “Bobur arena” stadionida tashkil etilgan ommaviy raqs natijalariga
koʻra, xalqaro hakam “Andijon polkasi” “Ginnesning rekordlar kitobi”ga
kiritilganini rasman tasdiqladi va tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston
Respublikasi madaniyat vaziri hamda Andijon viloyati hokimiga bu haqdagi maxsus
sertifikatni topshirdi. Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda ham Andijon
taqdimotiga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etish koʻzda tutilmoqda.
Prezidentimiz
tabrigida shu kabi loyihalarga alohida urgʻu berilib, bir yil davomida
mamlakatimiz va qardosh yurtlarda oʻtkaziladigan festival va ilmiy anjumanlar,
badiiy kecha va ijodiy uchrashuvlar madaniy hayotimizda chuqur iz qoldiradigan,
doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan, yosh avlod uchun
keng imkoniyatlar ochadigan unutilmas voqea boʻlib qoladi deb ishonaman deya
qayd etildi.
Bu
ishonch barchamizga katta kuch va masʼuliyat bagʻishlaydi.
Shavkat ORTIQOV,
Oʻzbekistonning TURKSOYdagi vakili