Biroq taraqqiyotning moddiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchanmaydigan, ammo uning barqarorligini belgilaydigan yana bir muhim mezoni bor. Bu – inson tafakkuri, ma’naviy saviyasi, hayotga munosabati va jamiyatdagi o‘zgarishlarga daxldorlik hissidir. Zero, mamlakatni, avvalo, bilimli, tashabbuskor, yangicha fikrlaydigan va mas’uliyatni his etadigan insonlar yuksaltiradi.
Ayni shu maqsadga xizmat qilayotgan “Ma’rifat haftaligi” ijtimoiy-ma’rifiy loyihasi Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamda tashkil etildi. 4–6-noyabr kunlari “O‘zbekiston – o‘z-o‘zimizniki!” shiori ostida o‘tkazilayotgan haftalikning dastlabki tadbirlari Qorako‘l tumanida boshlanib, Olot tumanida davom etdi. Taniqli olimlar, ziyolilar, ijodkorlar, san’atkorlar, mahalla faollari va yoshlar ishtirokidagi uchrashuvlarda milliy qadriyatlar, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasi, islohotlarning mazmun-mohiyati va yoshlar ma’naviyati kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shukronalik – o‘zgarishlarni anglash va qadrlash mezoni
Haftalik doirasida hududlardagi aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilib, ularning hayotiy qarashlari, orzu-umidlari va bugungi islohotlarga munosabati o‘rganildi. Suhbatlar davomida odamlarning tinchlik va osoyishtalik, oilaviy farovonlik, farzandlar kelajagi hamda yaratilayotgan imkoniyatlar uchun bildirgan shukronalik tuyg‘ulari alohida e’tibor tortdi.
Aslida, shukronalik shunchaki boriga qanoat qilish emas. Bu tinchlikning qadriga yetish, imkoniyatlardan unumli foydalanish, jamiyat hayotiga befarq bo‘lmaslik va kelajak oldidagi mas’uliyatni his etishdir. Islohotlarning haqiqiy samarasi ham, eng avvalo, insonlarning kundalik hayotida, dunyoqarashi va ijtimoiy faolligida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova ham Buxorodagi uchrashuvlar taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday ta’kidladi: “Qorako‘l va Olot tumanlarida aholi bilan samimiy suhbatlashdik, ularning hayotga munosabati, tinchlik va osoyishtalik uchun shukronalik hissini yaqindan his etdik. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishdik. Ayniqsa, insonlarning ertangi kunga ishonchi, farzandlari kelajagiga bo‘lgan intilishi quvonarli. Menimcha, Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi – yangicha fikrlaydigan, bilimli, ma’naviyatli va Vatan taqdiriga daxldorlikni his etadigan insonlardir. Bunday avlodni tarbiyalashda esa oila, ma’rifat va san’atning o‘rni beqiyos”.
Ma’rifat - oiladan boshlanadigan taraqqiyot
Olot tumanida tashkil etilgan “Islohotlar - taraqqiyot poydevori” loyihasi doirasidagi suhbatlarda ham taraqqiyotning muhim sharti bo‘lgan bilimli, tashabbuskor va mustaqil fikrlaydigan avlodni tarbiyalash masalasiga alohida urg‘u berildi. Xususan, farzand tarbiyasida ota-onaning, ayniqsa, onaning o‘rni va mas’uliyati keng muhokama qilindi.
Farzand tarbiyasi shunchaki mehr ko‘rsatish bilan cheklanmaydi. U bilim, sabr, pedagogik ko‘nikma, hayotiy tajriba va to‘g‘ri yondashuvni talab etadi. Demak, farzandlarimizdan zamonaviy bilim va yuksak ma’naviyatni talab qilishdan avval ota-onalarning o‘zi ham muntazam izlanishi, o‘qishi va o‘z ustida ishlashi zarur.
“Uyg‘oq idrok” loyihasi doirasida esa diniy-ma’rifiy idrok, oilaviy qadriyatlar, yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, ajrimlarning oldini olish hamda oilada otaning o‘rni va mas’uliyati kabi masalalar muhokama qilindi.
Bugun axborot oqimi nihoyatda kuchli. Yoshlarning ongiga turli qarashlar va g‘oyalar kirib kelayotgan bir sharoitda ularni ma’rifat, sog‘lom dunyoqarash va mustaqil tafakkur bilan qurollantirish dolzarb vazifadir. Bunda taqiq va tanbehdan ko‘ra, tushuntirish, ishontirish, fikrlashga o‘rgatish samaraliroqdir.
Oila - jamiyatning tayanchi, ma’naviyat va tarbiyaning beshigi. Oilada o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va mas’uliyat ustuvor bo‘lsa, farzandlar ham ana shu muhitda kamol topadi. Shu bois oilani asrash, ajrimlarning oldini olish va ota-onalarning tarbiyaviy mas’uliyatini oshirish nafaqat alohida xonadon, balki butun jamiyat kelajagi uchun muhimdir.
Ma’rifat so‘zda emas, amalda namoyon bo‘ladi
Haftalik doirasida Olot tumanining “Shayxlar” mahallasida “Yashil makon” tashabbusi asosida “Ma’rifat” bog‘ini barpo etish tashabbusi ham ilgari surildi. Bu nafaqat ekologik, balki ma’naviy mazmunga ega ezgu tashabbusdir. Zero, ma’rifat inson qalbida ezgulik urug‘ini ekish bo‘lsa, bog‘ yaratish kelajak avlod uchun yashil meros qoldirish demakdir.
Qorako‘l va Olot tumanlaridagi uchrashuvlar bir haqiqatni yana bir bor namoyon etdi: jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash uchun odamlar bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni tinglash va hayotiy misollar orqali fikrlashga undash zarur.
“Ma’rifat haftaligi”ning ahamiyati ham shunda - u insonlarni shunchaki tinglovchi emas, balki jamiyat hayotining faol ishtirokchisiga aylantirish, ularda daxldorlik va mas’uliyat tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yangi O‘zbekistonning kelajagi, avvalo, bugun qanday avlodni tarbiyalayotganimizga bog‘liq. Shukronalikni qadrlaydigan, ilmga intiladigan, oilasiga mas’uliyat bilan qaraydigan, Vatan ravnaqi uchun daxldorlikni his etadigan insonlar ko‘paygan sari jamiyatimiz ham mustahkamlanadi.
Zero, islohotlarning haqiqiy kuchi inson tafakkuridagi o‘zgarishda, ma’rifatning eng katta natijasi esa ongli, faol va mas’uliyatli jamiyatning shakllanishidadir.
Dilobar Mamatova,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati xodimi