Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov «Sarvontepa», «Farobiy», «Mustaqillikning 21 yilligi», «Hamdo‘stlik» va «Uzumzor» mahallalarida amalga oshirilayotgan loyiha taqdimoti bilan tanishdi.
Loyihani sifatli amalga oshirish maqsadida 500 nafardan ortiq soha mutaxassisi ishtirokida hudud to‘liq o‘rganildi. Muhandislik tahlillari asosida yagona qurilish loyihasi ishlab chiqildi.
Ayni paytda qurilish-montaj ishlariga 50 dan ortiq zamonaviy maxsus texnika jalb qilingan bo‘lib, ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Loyiha amalga oshirilishi mahallalar muhandislik infratuzilmasini yaxshilash va aholi turmush sharoitini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Andijonda oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari ham boshlandi. Saida Mirziyoyevaning viloyatga tashrifi davomida ko‘tarilgan suv ta’minoti, oqova tizimlari va yo‘l infratuzilmasiga oid masalalar yuzasidan tezkor choralar ko‘rildi.
Xususan, Boburshoh va Oltinko‘l ko‘chalaridagi obyektlarda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 98,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Loyihani bajarishga 60 dan ortiq yirik maxsus texnika va mexanizmlar jalb etilgan.
Mas’ullar ta’kidlashicha, ushbu loyihalar aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda hududlarni kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.