Xalqqa, Vatanga qilingan zulmlarning barchasi, avvalo, ona ko'ksidan, ayol yuragidan o'tadi. Onalik shunday maqomki, buyuk farzandi bilan faxrlangan ona qatag'on qurboni bo'lgan farzandi bilan birga otiladi ham, birga o'ladi ham. Qatag'onu urushlarda qancha onalar farzandlari dog'ida o'tib ketdilar.
Lekin bu matonatli xalqning ayoli, onasi hamisha yashash uchun, oilasiyu farzandlarini asrash, sadoqatini izhor etish, o'zini taraqqiy ettirish uchun imkonlar topaverdi, aqlu zakosi bilan yopilgan eshiklarni ochib olaverdi.
Ayniqsa, bugun yurt hurriyat va ilmu ma'rifat, taraqqiyot nuridan yashnamoqda. Bugungi ayol nafaqat o'tmishdagi, balki kechagi, 10 yil oldingi ayoldan ham mutlaqo farq qiladi. O'zbekistonimiz o'z huquqlarini yaxshi bilgan, o'qimishli va faol insonlar, bilimli, zamona bilan hamnafas ayollar yurtiga aylanmoqda. Oliy ma'lumotli ayollar soni tez o'sib bormoqda, ayollar siyosat, ilm-fan, madaniyat, tibbiyot va boshqa sohalarni faol egallamoqda. Va biz bugun bu boradagi islohotlar eng cho'qqisiga chiqqan davrda yashamoqdamiz.
Bugun ikki mavzu misolida davrimiz islohotlarini talqin etmoqchimiz. Avvalo, ulug' ustozimiz O'zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdievaning taqdiri qirralaridan ayrim guvoh bo'lgan misollarimizni keltirib, insonga insoniylikdan, odamgarchilikdan ortiq baho va yaxshilik yo'q ekanini aytmoqchimiz. Ikkinchisi, yurtimizda oila qadriyati va xotin-qizlar ta'limi borasidagi islohotlar samarasi, ko'lami nechog'liq katta ekanini va bu bardavom, ortga qaytmas islohotlardan tuygan faxrni baham ko'rmoqchimiz.
1
Adabiyot kahkashoni va tarixiy jasorat
Toshkentga kelganimda 17 yosh qiz edim. Dehqon otam, ishchi onam, qishloqdosh bobo-momolardan duo olib, katta shoira bo'laman deb she'r, ijod sehrlagan mitti jussali qiz oliygohga kirib, talaba bo'ldim. Toshkentga kelib, ekranlarda ko'rganim, juda ko'p she'rlarini yoddan bilganim buyuk ustozim Halima Xudoyberdievani izlashim xuddi tong otishi, kun botishidek tabiiy edi.
1996-yilda shoir Ikrom Otamurod men va dugonam Gulnoz Mo'minovani Halima opaning huzuriga olib bordi. O'sha mashhur “Navoiy-30”da ilk bor ustozimni ko'rdim. Nashriyotda oddiy xodim bo'lib ish boshlagan ekan. Juda horg'in, ma'yus, lekin sokin va ulug'vor edi. Ozroq suhbatlashdik. Kelib turishga, ko'rishib turishga kelishdik. Hech qancha vaqt o'tmay Halima opaga u erda ham ishlashga imkon berilmaganini eshitdik. Ko'rgimiz, suhbatlashgimiz kelardi, biroq imkonsiz edik.
1998-yilda aziz ustozim Muhammad Yusuf “Zominda yosh ijodkorlar seminari bo'ladi, Halima opam ham borishi mumkin”, deb qoldi. “Rostdan ham borarmikan”, deb qayta-qayta so'raganimni eslayman. Chunki taqiqdagi shoir, bo'lib ham juda qat'iy taqiqda bo'lsa, istalmagan shaxsga aylantirilgan bo'lsa, borarmikan deb o'yladim.
Taqdir yo'llari va mehrim, chin dildan qilgan niyatlarim meni Zominga boshladi. e'tirof, uyushmaga a'zo bo'lish degan xayollarni umuman o'ylamaganman. “Halima Xudoyberdievani ko'raman, she'rlarimdan o'qib berib, hayratlantiraman, sadoqatli shogird bo'laman”, degan xayol bor edi xolos.
1998-yilning yoz fasli. So'lim Zominda adabiyot kahkashonining shoda-shoda marvaridlarini ko'rdik. erkin Vohidov, Omon Matjon, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, ular orasida ulkan va ulug' siymo Halima Xudoyberdieva ham bor edi. eng yorug' yulduzdan ko'zini uzolmayotgan hayratga to'lig' bir qizchadek edim. O'sha davr uchun xalq tili bilan aytganda “urilgan”, taqiqda bo'lgan shoirani shunday nufuzli respublika tadbiriga taklif etish daf'atan va noyob tarixiy bir jasorat edi.
Hech bir mubolag'asiz aytolamanki, Zomin yosh ijodkorlar seminarini o'tkazish va an'anaga aylantirish taklifi qanchalar ma'rifiy tashabbus bo'lgan bo'lsa, Halima opani o'sha davr yosh ijodkorlari bilan diydorlashtirish ham shunday bir ulkan jasorat edi. Bu jasoratli tashabbus sohibi o'sha paytlarda Jizzax viloyati hokimi bo'lgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev edi.
Biz keyingi umrimizni Halima opa bilan ona-boladek yashadik. Va o'sha Zominga taklif etilgani, qatnashganida siyosiy taqiqlaru hayot ko'rguliklaridan qop-qorong'u bo'lgan zimiston ko'ngliga kirgan yorug'lik haqida ham ko'p suhbatlashganmiz. SHu jasorat haqqi-hurmati ustozimning dillari, tillari, qo'llari doim duoda bo'ldi.
Yorug' so'z muallifi
2005-yil edi. 8 mart bayrami tantanasida “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori sifatida “Turkiston” saroyi sahnasida she'r o'qishim kerakligini aytishdi. “Ahli odamiyat, Vatandek qalqing” deb boshlanadigan she'rimni o'qidim. Bayram tadbiri tugagach kimdir kelib, “tez yuring, Bosh vazir so'rayapti”, deb etaklab ketdi. Saroyning orqa eshigi oldida hukumat rahbari va vakillari turgan ekan. Salom berdim. O'sha paytdagi hukumat rahbari “Sizga rahmat, yana Halima opamni eslatdingiz menga, opaga salom ayting. Sadoqatda shunday davom eting” dedilar. Xursand bo'ldim. Borib Halima opamga aytdim. Ustozim xursand bo'ldi. Doimgidek “Baribir bir yaxshi kunlar bor hali, bolam” dedi. Ha, bor. “Albat etajakman yorug' kunga men, Etarman manglayi yarqiroq baxtga”, degansiz-ku bir she'ringizda, dedim an'anamga amal qilgan holda o'zlarining she'rlari bilan javob berib.
Ustozimning xufton ko'ngliga yorug'lik bergan bu so'z muallifi ham o'sha davrda Bosh vazir lavozimida bo'lgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev edi.
Insoniy empatiya, shaxslik fenomeni
2012-yilning may oyi oxirlari edi. Halima Xudoyberdieva buxorolik muxlislar bilan uchrashuvga borib insul`t bo'libdi, degan sovuq xabarni eshitdimu, Buxoroga shoshdim. Halima opaning turmush o'rtog'i, o'g'li Umidbek, qizi Kamola o'sha erda ekan. Ustozim huzuriga kirdim, komada edi. Boshida turdim, yig'ladim, tezroq hushiga kelsin deb Xudodan so'radim. “Halima o'ziga keladi, xavotir olmanglar” dedi opaning turmush o'rtog'i Mavlon aka.
Odamzodning ko'ngli bunaqa paytda hech narsadan to'lmasligi, shifokorlar xuddiki qanday buyuk zot bu erda hushsiz yotganini bilmayotgandek tuyulishi tabiiy hol menimcha. Chetdan qanaqadir dori kutilayotgan ekan. Xayolimda shu dori kelsa, Halima opa o'ziga keladigandek tuyulardi.
Tashqariga chiqib shoir Iqbol Mirzoga qo'ng'iroq qildim. “Aka, shunday holat. Iltimos nimadir qilaylik, tezroq o'ziga kelsinlar, ulug'larga xabar bering” dedim. Iqbol aka, “Aylanay sendan, aylanay yuragingdan. Halima opam kuchli inson, hammasi yaxshi bo'ladi. Xavotir olma, xabarlari bor” dedi. Engil tortdim.
Juda ko'pning duosi va muntazam nazorat, xabar olishlar natija berdi. Halima opam hushiga keldi. Birinchi bo'lib “otasi” deb turmush o'rtog'iga qaradi, farzandlarining otasini tanidi...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o'sha og'ir vaziyatlarni nazoratida tutib, xalqning sevimli shoirasi holidan doimiy xabar olib turganiga yana nechanchidir marta guvoh bo'lganman o'shanda. Halima opam tuzalib, oyoqqa turib ketgach bu mavzuda ko'p gaplashdik. Doim minnatdor bo'ldi, doim duo qildi.
* * *
2015 yilning yozi edi. Ustozimning o'g'li Umidbek 37 yoshida hech bir kutilmaganda olamdan o'tdi. Halima opamning hovlisiga borsak odam g'ujg'on. Opa bellarini ko'tarib ololmayotgandi. Yaqin borib quchoqladim. “Guljamol, nega Umid, nima uchun Umid?” dedi. Jim yig'lab turaverdim.
Halima opamga stul qo'ydik. Qarasam, pahlavon o'g'lining boshida jim, sokin va ulug'vor ona turardi. Qurbonjon dodxodek, To'marisdek turardi. Juda azobli, og'riqli hol edi. Va lekin bu holda hayratli bir sabru matonat bor edi.
Kunlar o'tib aslan kamgap va sokin Halima opam menga “Guljamol, dahshatli kunlarni ko'p yashadim, lekin, to'rt ko'z tugal, bolalarim eson-omonku deb Xudoga doim shukr qildim. Umidimsiz qoldim-da, bolam” dedi. Farzand dog'iga malham yo'q. Ammo o'sha og'ir kunlarda ham cheksiz azobda bo'lgan onaga ko'p mehribonliklar, odamparvarliklar qilinganiga guvoh bo'ldim.
Odamlarning singan, urilgan odamdan iloji boricha uzoq turadigan, ehtiyot bo'ladiganlari ko'p. Lekin o'shanda insonparvar inson Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu oilani, bu onani, xalqning ulkan shoirasini tashlab qo'ymadi. Haqiqiy muslimlikni, chin insoniy empatiyani, ulkan shaxslik fenomenini namoyish etdi. Ko'p mehribonliklar qildi. Halima opam doim minnatdor bo'ldi, doim duo qildi.
Vatan deb atalgan qadrgohdagi qadr
2017-yilning 16-may kuni. Halima opaning bir qo'lida hassasi, bir yonida men. Hovlilaridagi kichkina bog'chada aylanib yurgan edik. Odatdagidek adabiyot, hayot haqida, tez-tez betob bo'lib qolayotgan aziz onam haqida gaplashdik. O'sha kunlari men shoir akam Alisher Nazar boshchiligida ustozimning to'rt tomlik asarlarini jamlash, e'lon qilinmagan, e'lon qilinishga ruxsat berilmagan she'rlarini yangi kitob qilib tayyorlash ishlarini allaqachon boshlab yuborgandik. Va yangi kitob nashrga berilgandi ham.
Xonadonlariga 3-4 chog'lik vakillar keldi, “Prezidentimiz sizni “el-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirladi, muborak bo'lsin, Halima opa. ertaga Milliy kutubxonada ordenni topshirish marosimi bo'ladi”, deyishdi. Halima opam o'sha sokinligida minnatdor jilmaydi. Rahmat aytdi.
Xabar keltirganlar ketgach, Halima opam bilan ikkov qoldik. Ro'parama-ro'para stulda o'tirdik. Jimmiz. Men o'tgan 22 yillik umrni eslab ovozsiz, ichimda yig'lay boshladim. “Yig'lama, nimaga yig'laysan endi. Biz manzilga yaxshi etib keldik bolam. Biz g'olibmiz. Kitoblarimiz bor qoladigan. Va mana men aytgan yaxshi kunlarga ham keldik. Men bu insondan minnatdorman. Dunyo turguncha tursin”, deb Prezidentimiz haqqiga duo qildi.
2017-yil 17-may kuni Halima Xudoyberdievaning 70 yilligi keng nishonlandi. Orden topshirildi. SHoira aziz va munis xalqiga qaytarib berildi. O'sha kuni Ustozim xonadoniga mamlakatimizning Birinchi xonimi shaxsan o'zi va Prezidentimiz vakillari kelishdi, yo'qlashdi. Halima opamni sog'ayishi, yanada farovon yashashi uchun nimaiki zarur bo'lsa, hozir qilishdi. Men guvoh bo'lgan bu tarixiy jarayonlar aslida, katta harflar bilan yoziladigan insoniylikning, insonparvarlikning, shaxslikning, mehribonlikning ulkan namunalari edi.
Baxtli xalq
2017 yilning avgust oylarida Halima opam xursand ovozda qo'ng'iroq qilib, “tez kel, gap bor” dedi. Bordim. “Senga aytardim-ku, Xudo imkon bersa, ayollar uchun bir jurnal qilaman deb. Xudo shu niyatimga ham etkazyapti, qara. Prezidentimiz “Dugonalar”mi, “Qizlarjon”mi degan bir jurnal qilib, unga meni muharrir bo'lishimni aytibdi. Nomini tanlaymiz, rejalarini qilamiz. Bularni sen bilan qilaman, sen qanotimsan-ku bolam. Bo'ldi, har narsaga siqilma, yomon kunlar orqada qoldi. Ishlash kerak endi”, dedi.
Shunday qilib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Dugonalar” jurnali tashkil etildi. Jurnal uchun joy, mablag' berildi. Jurnalning ilk soni taqdimotida muharrirga xizmat mashinasi ham topshirildi. Ustozim muharrirligida jurnalning 5 ta sonini nashr qildik...
Har suhbatimizda ustozim barcha ehtiromlar uchun davlatimiz rahbarini duo qilardi. Bu ehtirom va e'zozlarni taqdim etgan inson — SHavkat Mirziyoevdan nafaqat Halima Xudoyberdievaning o'zi, oilasi, yaqinlari, shogirdlari, balki adabiyotparvar xalqimiz ham minnatdor va baxtiyor bo'ldi, desam mubolag'a bo'lmaydi.
Zero, Halima opa 2017-yilning avgust oyida Prezidentimiz bilan uchrashganida bir rivoyatni keltirib, aytganidek: SHoirlari saroy eshiklarida podshosini izlab yurgan xalq baxtsiz, podshosi shoirini yo'qlab, e'zoz ko'rsatgan xalq baxtlidir”.
Muhtasham ehtirom
2018-yilning 17-avgustida Halima opamdan ayrildik. Muhtashamimning, aziz ustozimning vafoti suyaklarimizgacha qaqshatdi. Zero, bu qaqshashlar hali ham yuraklarimizda, suyaklarimizda. “Dugonalar” jurnalining 6-sonini Halima opaning umrbod ko'ksimizdan ketmas va o'chmas xotirasiga bag'ishladik.
Ulug' shoiramiz vafotidan keyin 2020-yili Sirdaryoning Guliston shahrida Halima Xudoyberdieva ijod maktabi bunyod qilinib, maktab ichida shoira muzeyi tashkil etildi, muazzam badiiy siymosi — haykali shaxsan Prezidentimiz ko'rsatmasi va maslahatlari asosida qad rostladi. 2022-yili shoira “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan ham taqdirlandi. Shoiraning abadiy nomi tarixning abadiyat kitobiga mangu muhrlandi.
2
Ayollari ma'rifatli xalq albatta baxtli bo'ladi
Tarixdan ma'lumki, Turkiy xalqlar hududlari, xususan O'zbekiston zamini ko'p ulug'larga Vatan bo'lgan. Ayniqsa, Sharq ayollarining yashash tarzi, hayotiy missiyalari, davlat boshqaruvidagi san'ati, oila va bola tarbiyasidagi mahorati, barchasi ilmga, ma'rifatga asoslangan. Ko'pgina tarixiy timsollar turkiy dunyoda ayolning hayotbaxshlik va himoyachi sifatidagi qadimiy o'rnini ifoda etadi.
Tarixiy ajdod onalarimiz nafaqat xalqimizning, balki butun insoniyatning moddiy va ma'naviy yuksalishiga xizmat qilgan, o'z kapitalini donolik bilan ilmga sarflagan ziyoli shaxs sifatida namoyon qila olgan. Ular o'z davri ayollari kelajagini o'zgartirishi mumkin bo'lgan masalalarni hal qilish, dunyo ayollarini, onalarini bilim va ma'rifatga chorlash, sarkardalarni dunyo xaritasidagi urushlarni to'xtatishga, tinchlik sulhiga imzo chekishga undaganlar.
Bular ayollik, onalik mohiyatining ajralmas va o'lmas fazilatlaridir.
Shuningdek, milliy adabiyotimizda, san'atning sahna, kino va boshqa janrlarida ham ayol zotiga bo'lgan ehtiromli munosabatning, ayol obrazini yaratishda uni ulug'lashning o'ziga xos xronologik evolyutsiyasi bor. Adiblar o'z asarlarida ayol ruhiyatini, psixologik xarakterini yuksak badiiy bo'yoqlar bilan tasvirlagan.
Muhaddis Imom al-Buxoriyni ta'lim olishi uchun Makkaga olib borgan, Abu Ali ibn Sinoni tibbiyot otasiga aylantirgan, Beruniyga kashfiyotlar ilhomini baxsh etgan, Navoiyni adabiyot qasrining shohi qilgan, Mirzo Ulug'bekdagi koinot sirlarini ochish iqtidorini taraqqiy toptirgan va boshqa buyuk ajdodlarimizni tarbiyalab voyaga etkazgan onalar, aslida, buyuklardan ham buyukroqdirlar. Va ana shunday buyuklarni dunyoga keltirish barobarida o'zi ham buyuklik namunalariga aylana oladigan ayollar ilmiy-ma'rifiy va madaniy hayotning homiylari, dunyo tsivilizatsiyasiga hissa qo'shgan, avlodlarni ilhomlantiruvchi shaxslar sifatida tarixda ham qolgan. Bu siymolar madrasa qurdirgan, davlat ishlarida maslahatchi, sarkarda bo'lgan, ilm, ma'rifat va siyosat sahnasida porlagan. Ular o'z nomlarini Sharq ma'naviy uyg'onishining yorqin sahifalariga muhrlay olgan.
Prezidentimiz “Ma'rifatli jamiyatni ma'rifatli onalar bilan qurish” g'oyasini doim ilgari surib kelishlarida, ayol ma'rifati, ota-onalik mas'uliyati, oilani mustahkamlash borasida hayotiy tajriba va ta'siri bilan ibrat ko'rsatayotganlarga “Mo''tabar ayol”, “Ibratli oila” ko'krak nishoni ta'sis etilishida, erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf kabi ulug' shoir va adiblarimizning rafiqalariga turli davlat mukofotlari berilishidagi asosiy maqsad ham O'zbekiston ayolining oila va jamiyat hamda dunyo tamaddunidagi rolini yanada oshirishdir.
Davlatimiz rahbarining xotin-qizlarning ta'lim olishi, ma'rifatli, bilimli ayollar bo'lib dunyo ayollari safida o'z o'rniga ega bo'lishlari uchun yaratayotgan sharoitlari o'zbek qizlarini ta'lim olib, dunyoni ezgulikka va tinchlikka chorlovchi tashabbuslarni ilgari surishga undayotganini ko'rish mumkin.
O'qigan qiz – bilimli ayol – ma'rifatli ona
Har odamni, har oilani, har millatni ta'lim, bilim qutqaradi, rivojlantiradi degan gap parvozli gapmas, pafos emas! Rost gap! Chunki ko'plab muammolarning negizi va sababi ma'rifatsizlik, ilmsizlikdir. Xalqning farovonligi, davlatning qudratini ta'minlashda, oilada farzandlarni munosib qilib voyaga etkazishda ilmli onalarning hissasi ko'p bo'ladi.
Ma'lumki, hamma zamonlarda ham ayol zoti o'zini namoyon etishi uchun sharoitlar etarli bo'lavermaydi, chunki ko'p hollarda stereotiplar, vaziyatlar to'siq bo'lishi mumkin. Masalan, ta'lim sohasini oladigan bo'lsak, avvallari qizlar va o'g'il bolalarning oliy ma'lumot olishi, imtiyozli o'qishi bo'yicha keskin farqlar bor edi. Masalan, 2017-yilgacha oliy o'quv yurtlaridagi talabalarning 30 foizga yaqinini qizlar tashkil etgan bo'lsa, hozirda bu ko'rsatkich 53,2 foizga etdi.
Xotin-qizlarni ilm-fanga jalb etish borasidagi islohotlar natijasida O'zbekistonda olimlarning 48 foizini ayollar tashkil etishiga erishildi. Ularning orasida xalqaro darajada e'tirof etilayotgan ilm-fan vakilalarining borligi faxr-iftixor bag'ishlaydi, yoshlarimizni yangi-yangi yutuqlarga undaydi.
Masalan, taniqli mikrobiolog olimamiz Dilfuza egamberdieva sho'rlangan tuproqda serhosil ekinlar etishtirish bo'yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun YUNESKOning nufuzli Karlos Finley xalqaro mukofotiga sazovor bo'ldi.
Prezidentimiz AQShdagi Kolumbiya universitetining professori etib tayinlangan Aziza Shonazarovani O'zbekiston yoshlari uchun chinakam ibrat namunasi deb atadi.
2025-yilda Farg'onada xizmat safarida bo'lganimda shahardagi Prezident maktabi o'quvchisi Dilafro'z Sobirova bilan onlayn suhbatlashgandim. Dilafro'zning Amerika Qo'shma Shtatlarida joylashgan Harvard universitetiga to'liq 392 ming dollarlik grant bilan biologiya yo'nalishiga qabul qilinganini eshitib, o'zbek degan xalq vakilasi ekanimdan quvongandim. Vatanga shunday faxr beradigan farzandlar kerak.
Odamlar orasida ko'p bo'laman, ayniqsa, xotin-qizlar bilan suhbatlashaman. Bu bayroqdor islohotlar jamiyat va jamoatchilik ongida ham burilishlar yasay olganini ko'raman. “Opa, magistraturaning kontrakt pulini davlat to'lab berilishi yo'lga qo'yilmaganida mendek oddiy oila qizlari o'qirmidi? O'qimasdi. Prezidentimizning ta'limdagi imtiyozlari o'zbekistonlik qizlar hayotini yaxshiladi” deydi ko'p talaba qizlar.
Shu o'rinda islohotlarning ayrimlariga to'xtalsak: 2030 yilgacha bo'lgan davrda xotin-qizlarni davlat xizmatiga faol jalb etish borasida aniq maqsadli ko'rsatkichlar, jumladan, davlat fuqarolik xizmati hamda “Milliy kadrlar zaxirasi”da ayollar ulushini 40 foizga etkazish, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining magistraturasiga o'qishga tavsiya etilgan nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini xotin-qizlar tashkil etishi belgilandi.
2020-yildan boshlab ehtiyojmand oilalar farzandi bo'lgan xotin-qizlarni davlat granti asosida oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish tizimi joriy etildi. So'nggi 5 yilda mazkur grant o'rinlari 1000 tadan 4000 taga oshirilib, 13 mingga yaqin xotin-qizlar davlat granti asosida oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilindi.
2022-yilda 5 yillik mehnat stajiga ega, lekin oliy ma'lumotli bo'lmagan xotin-qizlar uchun kvotalar soni 5 baravarga oshirilib, hozirgacha mazkur imtiyoz asosida 2 mingdan ortiq xotin-qizlar oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirdi.
Davlat oliy ta'lim muassasalarining magistratura bosqichida o'qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to'lovlari davlat byudjetidan qoplab berilishi yo'lga qo'yilgach, o'tgan yillar oralig'ida 333,8 milliard so'm miqdorida mablag' davlat byudjetidan qoplandi. Bu raqamlar yuz minglab qizlar magistrlik darajasini egallaganini izohlaydi.
Oliy ta'lim muassasalari, texnikum va kollejlarda ta'lim olayotgan qizlarga 7 yil muddatga foizsiz ta'lim kreditlari ajratish tizimi yo'lga qo'yildi va 2022-2025-yillarda 415 mingga yaqin talaba xotin-qizga 4,6 trillion so'm ta'lim krediti ajratildi. Mazkur imtiyozlar natijasida oliy ta'limdagi talabalar orasida xotin-qizlar ulushi 53,2 foizga, magistraturada 65,8 foizga etdi.
Ushbu islohotlar natijasini “Times Higher Education” (THE) xalqaro reyting agentligi tomonidan joriy yil 24 iyun` kuni Indoneziyada bo'lib o'tgan ta'lim kongressi doirasida e'lon qilingan “THE Sustainability Impact Ratings 2026” reytingida O'zbekiston universitetlari barqaror rivojlanishning ayrim yo'nalishlari bo'yicha yuqori ko'rsatkichlarga, xususan, “Gender tengligi” yo'nalishida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti dunyoda 8-o'rinni, Toshkent davlat pedagogika universiteti 20-o'rinni egallaganida ham ko'rish mumkin.
erishilayotgan yutuqlar davlatimiz rahbarining “Ayollari o'qimishli va kasb-hunarli bo'lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot bo'ladi. Ayollari ma'rifatli bo'lgan xalq albatta baxtli bo'ladi”, degan so'zining amaldagi isboti bo'lyapti.
Xulosa
Yozaversak gap tugamas ekan. SHukrki, tarix zarvaraqlariga yozishga arzirli yutuqlarimiz ko'p. Ayniqsa, adabiyot ahliga ko'rsatilayotgan ehtirom, yosh ijodkorlarga berilayotgan imtiyozlar, favqulodda ro'y berayotgan adabiy hodisalarning o'zi katta bir asarga jo bo'ladi. SHu bois, kelgusida o'zbekistonlik ayol ijodkorlarning Markaziy Osiyo mintaqasi, turkiy davlatlar va xalqaro ayollar adabiy harakatidagi o'rnini munosib baholash, xotin-qiz ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi islohotlar haqida yozishni ko'nglimga tugdim.
Bilamizki, insonning eng muqaddas gavhari uning erki va huquqidir. Ayniqsa, ayol zoti tabiatan erkka va qadrlanishga ehtiyojli. SHuningdek, “uydagi tinchlik bu butun dunyo tinchligidir” degan gap bor. Guvoh bo'lib turganimiz — oila, ayollar, adabiyot, bunyodkorlik kabi barcha-barcha sohalardagi ezgu islohotlar muallifi davlatimiz rahbaridir. Va shubhasiz, Prezidentimiz tafakkur erkinligi, sayyoramiz tinchligi, xalq farovonligi va har bir inson uchun teng huquqlilik g'oyasini ilgari surayotgan, insoniylikni eng oliy qadriyat deb bilgan tarixiy shaxsdir.
Azal ulug' xalqmiz, ilohim abadiy ulug' bo'laylik, ma'rifatli jamiyatni hamjihatlikda, aziz Prezidentimiz rahnamoligida qurish nasib etsin.
Guljamol ASQAROVA,
shoira, “Shuhrat” medali sohibi