Prezidentimizning 2026-yil 17-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida nazarda tutilgan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi davlat nazoratini tashkil etishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab bermoqda. Ushbu tizim orqali tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan nazorat qilishning anʼanaviy, koʻp hollarda inson omiliga bogʻliq boʻlgan usullaridan voz kechilib, ular oʻrniga toʻliq raqamlashtirilgan, shaffof va hisobdor mexanizm joriy etilmoqda.
Mazkur tizimning asosiy mohiyati shundaki, u tadbirkorlik
faoliyatiga daxldor organlar ustidan ham nazorat oʻrnatish imkonini beradi. Yaʼni
ilk bor “nazorat ustidan nazorat” tamoyili amaliyotga tatbiq etilmoqda. Endi
har qanday tekshiruv, uning maqsadi, huquqiy asosi va oʻtkazilish tartibi
oldindan raqamli platformada roʻyxatga olinadi va nazorat qilinadi. Bu esa
tekshiruv jarayonining asossiz tashkil etilishiga deyarli imkon qoldirmaydi.
Farmonga muvofiq,
har qanday tekshiruv faqat elektron ruxsatnoma asosida oʻtkaziladi. Bu
ruxsatnoma oʻziga xos “pasporti” boʻlib, unda tekshiruvni oʻtkazuvchi organ,
masʼul mansabdor shaxs, tekshiruvning maqsadi, doirasi va muddati aniq belgilab
qoʻyiladi. Shu tariqa jarayon aniq chegaralar doirasida oʻtkazilishi taʼminlanadi
va tekshiruvchilarning vakolat doirasidan chiqib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tizimning yana bir
muhim jihati tekshiruvlarni “Biznes himoya” QR-kodi orqali identifikatsiya
qilish mexanizmidir. Natijada tadbirkor tekshiruvning qonuniyligini mustaqil tekshirish
imkoniyatiga ega boʻladi. Agar tekshiruv mazkur axborot tizimida qayd etilmagan
boʻlsa yoki tegishli ruxsatnoma mavjud boʻlmasa, tadbirkor uni qabul qilmaslik
huquqiga ega. Bu esa tadbirkorni nazorat jarayonida passiv subyektdan faol
ishtirokchiga aylantiradi va huquqiy himoyasini kuchaytiradi.
“Yagona davlat
nazorati” tizimi tekshiruvlarni real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini
ham beradi. Endi har bir tekshiruvni onlayn kuzatib borish, asossiz yoki qonun
talablariga zid holatlarni tezkor aniqlash va zarur choralar koʻrish mumkin.
Tizim inson omilini minimallashtirish orqali korrupsiya xavfini
kamaytirishga qaratilgan. Barcha jarayonning raqamlashtirilishi, qarorlarning
elektron iz qoldirishi va doimiy monitoring qilinishi noqonuniy aralashuvlar,
asossiz tekshiruvlar va mansabdor shaxslarning suiisteʼmol qilish holatlarini
cheklaydi. Natijada davlat nazorati tizimi adolatli va shaffof mexanizmga
aylanadi.
Ushbu axborot
tizimi tadbirkorlar uchun ham mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochadi. Xususan,
ular tekshiruv haqida oldindan xabardor boʻlish, qonuniyligini bilish,
noqonuniy harakatlarga rad javobini berish va oʻz huquqlarini raqamli asosda
himoya qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Umuman olganda,
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi davlat va tadbirkorlik subyektlari
oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. U
orqali nazorat jarayonlari jazolovchi emas, balki tartibga soluvchi va
profilaktik mexanizmga aylanadi. Eng muhimi, mazkur tizim tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash,
ortiqcha maʼmuriy bosimdan himoya qilish va mamlakatda sogʻlom biznes muhitini
shakllantirishga xizmat qiladi.
Noqonuniy
tekshiruvlarga murosasizlik tamoyili mazkur farmonning eng qatʼiy va prinsipial
normalaridan biri boʻlib, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarga
batamom chek qoʻyishni nazarda tutadi. Mazkur yondashuv orqali davlat
tadbirkorni himoya qilish borasida mutlaqo yangi pozitsiyani egallamoqda, yaʼni
noqonuniy tekshiruvlarga nisbatan hech qanday murosaga yoʻl qoʻyilmasligi
ochiq-oydin belgilab qoʻyilyapti.
Ushbu tamoyilning
mohiyati shundaki, endi belgilangan tartib va raqamli tizimdan tashqari
oʻtkazilgan har qanday tekshiruv avtomatik ravishda noqonuniy deb eʼtirof
etiladi. Yaʼni tekshiruv “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatdan
oʻtmagan, tegishli elektron ruxsatnomaga ega boʻlmagan yoki belgilangan
tartibga rioya etilmagan holatlarda natijasi huquqiy kuchga ega boʻlmaydi. Bu
esa tadbirkorlarning asossiz tekshiruvlardan himoyasini tubdan kuchaytiradi.
Eng muhim jihat
shundaki, mazkur tamoyil tadbirkorga noqonuniy tekshiruvni qabul qilmaslik
huquqini beradi. Ilgari amaliyotda tadbirkor koʻp hollarda tekshiruvchi
talablariga boʻysunishga majbur boʻlgan. Endi u qonunga tayanib, bunday
tekshiruvni rad etishi mumkin. Tadbirkorning huquqiy maqomi sezilarli darajada
mustahkamlanib, uning faoliyatiga asossiz aralashuvlar keskin kamaytiriladi.
Ushbu tamoyilning
yana bir muhim jihati profilaktik taʼsiridir. Yaʼni nazorat organlari xodimlari
tekshiruvni boshlashdan oldin uning qonuniy asoslari, tartibi va oqibatlari
haqida jiddiy oʻylab koʻrishga majbur boʻladi. Chunki har qanday noqonuniy
harakat raqamli tizimda qayd etiladi va javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Bu
esa asossiz tekshiruvlar sonini sezilarli darajada kamaytiradi.
Shuningdek, mazkur
yondashuv davlat va tadbirkor oʻrtasidagi munosabatlarni ham sifat jihatidan
oʻzgartiradi. Nazorat jarayonida ishonch, ochiqlik va qonuniylik ustuvor
ahamiyat kasb etadi. Tadbirkor oʻz faoliyatini xavfsiz va barqaror muhitda
amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Investitsiyaviy jozibadorlikni
oshirishga ham xizmat qiladi.
Farmonda ilgari
amaliyotda aniq chegaralanmagan, koʻp hollarda esa notoʻgʻri talqin qilingan
masalalardan biri — davlat organlari va tadbirkorlar oʻrtasidagi muloqot
tushunchasiga huquqiy aniqlik kiritildi. Unga koʻra, davlat organlari va
tadbirkorlar oʻrtasidagi har qanday uchrashuv, maslahatlashuv yoki tushuntirish
ishlari nazorat tadbiri hisoblanmaydi va bu jarayondan tekshiruv yoki bosim
vositasi sifatida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu tamoyilning
joriy etilishi davlat va biznes oʻrtasidagi munosabatlar falsafasini tubdan
oʻzgartiradi. Ilgari amaliyotda “uchrashuv” yoki “oʻrganish” niqobi ostida
tekshiruv elementlari aralashib ketgan holatlar uchrab turgani sir emas. Bu esa
tadbirkorlarda davlat organlariga nisbatan ehtiyotkorlik, baʼzan esa
ishonchsizlik muhitini shakllantirgan. Yangi yondashuv esa ana shu salbiy
amaliyotlarga barham berishni koʻzda tutadi.
Davlat organlari
tadbirkorlar bilan muloqot qilishda nazorat funksiyasidan voz kechib,
maslahatchi va hamkor sifatida ishtirok etishi lozim. Mazkur muloqotdan maqsad
tadbirkorlik faoliyatini tekshirish emas, balki unga koʻmaklashish,
tushuntirish berish, huquqiy maslahatlar taqdim etish va yuzaga kelayotgan
muammolarni birgalikda hal qilishdan iborat boʻladi.
Shu bilan birga,
mazkur tamoyil muloqot jarayonining ham shaffof va tartibli boʻlishini nazarda
tutadi. Xususan, davlat organlari va tadbirkorlar oʻrtasidagi uchrashuvlar
tegishli axborot tizimlarida qayd etilishi, ularning maqsadi va mazmuni aniq
belgilanishi lozim. Bu esa muloqot niqobi ostida nazorat yoki bosim oʻtkazish
holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur tamoyil
davlat organlari faoliyatiga ham yangi talablar qoʻyadi. Endi ular faqat
nazorat qiluvchi emas, balki xizmat koʻrsatuvchi, tushuntiruvchi va
qoʻllab-quvvatlovchi institut sifatida faoliyat yuritishi kerak. Bu davlat
boshqaruvida xizmat koʻrsatish madaniyati va sifatini oshirish uchun gʻoyat
muhimdir.
Umuman olganda, bu
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan zamonaviy yondashuv boʻlib,
davlat va biznes oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Shu
tariqa muloqot bosim vositasidan hamkorlik mexanizmiga aylanadi. Natijada
tadbirkorlik muhitida ishonch, ochiqlik va barqarorlik taʼminlanadi. Bu esa
mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivoji uchun mustahkam zamin yaratadi.
Farmonda davlat
boshqaruvini modernizatsiya qilish va tadbirkorlik muhitini yaxshilashning
muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida davlat xizmatlarida shaffoflikni
taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Mazkur tamoyil davlat
organlari faoliyatini ochiq, tushunarli va hisobdor qilish orqali tadbirkorlik
subyektlari uchun adolatli va prognoz qilinadigan muhit yaratishga qaratilgan.
Davlat
xizmatlarida shaffoflik tamoyili farmonning muhim ustunlaridan biri boʻlib, u
davlat va biznes oʻrtasida ishonchli, ochiq va adolatli munosabatlarni
shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa yangi Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy,
samarali va inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan davlat boshqaruvini barpo
etishda muhim qadamdir.
Farmon doirasida
tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning institutsional asoslarini
mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu jarayonda
Biznes-ombudsman institutining roli sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga
koʻtarilmoqda. Mazkur institut endi faqat murojaatlarni qabul qilish va koʻrib
chiqish bilan cheklanib qolmay, tadbirkorlik muhitida qonuniylikni
taʼminlovchi, nazorat organlari faoliyati ustidan tizimli monitoring olib
boruvchi hamda davlat va biznes oʻrtasida institutsional muvozanatni
taʼminlovchi markaziy mexanizm sifatida namoyon boʻlmoqda.
Ilgari amaliyotda Biznes-ombudsman koʻproq
reaktiv funksiyani bajargan, yaʼni tadbirkor huquqlari buzilganidan soʻng
aralashgan institut sifatida faoliyat yuritgan boʻlsa, yangi yondashuv uni
proaktiv, yaʼni oldindan taʼsir koʻrsatuvchi institutga aylantirmoqda. Bu esa
huquqbuzarliklarni bartaraf etishdan koʻra, ularning oldini olishga, yakka
holatlarni koʻrib chiqishdan koʻra tizimli muammolarni aniqlashga, oqibatlar
bilan kurashishdan koʻra, sabablarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan
yondashuvni anglatadi.
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi bilan integratsiya mazkur
institutga mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratadi. Endi u tekshiruvlarning
qonuniyligini onlayn tarzda tahlil qilish, asossiz aralashuvlarni barvaqt
aniqlash, nazorat organlari faoliyatini baholash va tegishli choralar koʻrish
boʻyicha tashabbus koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Amalda ikki bosqichli
himoya mexanizmi shakllanadi.
Biznes-ombudsman
institutining yana bir muhim vazifasi — tizimli muammolarni aniqlash va ularga
institutsional taʼsir koʻrsatishdan iborat. U takrorlanuvchi huquqbuzarlik
holatlarini tahlil qiladi, qonunchilikdagi boʻshliqlar va ziddiyatlarni
aniqlaydi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
Shu bilan birga,
mazkur institut davlat va tadbirkor oʻrtasida muvozanatni taʼminlovchi mexanizm
sifatida ham faoliyat yuritadi. U bir tomondan tadbirkorlarni himoya qilsa,
ikkinchi tomondan davlat organlarining qonuniy talablarini amalga oshirishga
koʻmaklashadi.
Axborot
texnologiyalarining joriy etilishi Biznes-ombudsman faoliyati samaradorligini
yanada oshiradi. Murojaatlarni qabul qilish, koʻrib chiqish va monitoring
qilish jarayonlari raqamli shaklga oʻtadi. Tezkorlik va xolislik taʼminlanadi.
Eng muhimi, mazkur
institut tadbirkorlar uchun ishonchli huquqiy himoya mexanizmiga aylanadi.
Umuman olganda, Biznes-ombudsman institutining roli kuchaytirilishi
tadbirkorlik muhitini shakllantirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi va
davlat hamda biznes oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Abdumannop BOʻRIYEV,
Tadbirkorlik
subyektlarining huquqlari
va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha
vakil — biznes-ombudsman