Prezidentimizning 2026-yil 17-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida nazarda tutilgan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi davlat nazoratini tashkil etishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab bermoqda. Ushbu tizim orqali tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan nazorat qilishning anʼanaviy, koʻp hollarda inson omiliga bogʻliq boʻlgan usullaridan voz kechilib, ular oʻrniga toʻliq raqamlashtirilgan, shaffof va hisobdor mexanizm joriy etilmoqda.

Mazkur tizimning asosiy mohiyati shundaki, u tadbirkorlik faoliyatiga daxldor organlar ustidan ham nazorat oʻrnatish imkonini beradi. Yaʼni ilk bor “nazorat ustidan nazorat” tamoyili amaliyotga tatbiq etilmoqda. Endi har qanday tekshiruv, uning maqsadi, huquqiy asosi va oʻtkazilish tartibi oldindan raqamli platformada roʻyxatga olinadi va nazorat qilinadi. Bu esa tekshiruv jarayonining asossiz tashkil etilishiga deyarli imkon qoldirmaydi.

Farmonga muvofiq, har qanday tekshiruv faqat elektron ruxsatnoma asosida oʻtkaziladi. Bu ruxsatnoma oʻziga xos “pasporti” boʻlib, unda tekshiruvni oʻtkazuvchi organ, masʼul mansabdor shaxs, tekshiruvning maqsadi, doirasi va muddati aniq belgilab qoʻyiladi. Shu tariqa jarayon aniq chegaralar doirasida oʻtkazilishi taʼminlanadi va tekshiruvchilarning vakolat doirasidan chiqib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tizimning yana bir muhim jihati tekshiruvlarni “Biznes himoya” QR-kodi orqali identifikatsiya qilish mexanizmidir. Natijada tadbirkor tekshiruvning qonuniyligini mustaqil tekshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Agar tekshiruv mazkur axborot tizimida qayd etilmagan boʻlsa yoki tegishli ruxsatnoma mavjud boʻlmasa, tadbirkor uni qabul qilmaslik huquqiga ega. Bu esa tadbirkorni nazorat jarayonida passiv subyektdan faol ishtirokchiga aylantiradi va huquqiy himoyasini kuchaytiradi.

“Yagona davlat nazorati” tizimi tekshiruvlarni real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini ham beradi. Endi har bir tekshiruv­ni onlayn kuzatib borish, asossiz yoki qonun talablariga zid holatlarni tezkor aniqlash va zarur choralar koʻrish mumkin.

Tizim inson omilini minimallashtirish orqali korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan. Barcha jarayonning raqamlashtirilishi, qarorlarning elektron iz qoldirishi va doimiy monitoring qilinishi noqonuniy aralashuvlar, asossiz tekshiruvlar va mansabdor shaxslarning suiisteʼmol qilish holatlarini cheklaydi. Natijada davlat nazorati tizimi adolatli va shaffof mexanizmga aylanadi.

Ushbu axborot tizimi tadbirkorlar uchun ham mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochadi. Xususan, ular tekshiruv haqida oldindan xabardor boʻlish, qonuniyligini bilish, noqonuniy harakatlarga rad javobini berish va oʻz huquqlarini raqamli asosda himoya qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Umuman olganda, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. U orqali nazorat jarayonlari jazolovchi emas, balki tartibga soluvchi va profilaktik mexanizmga aylanadi. Eng muhimi, mazkur tizim tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ortiqcha maʼmuriy bosimdan himoya qilish va mamlakatda sogʻlom biznes muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Noqonuniy tekshiruvlarga murosasizlik tamoyili mazkur farmonning eng qatʼiy va prinsipial normalaridan biri boʻlib, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarga batamom chek qoʻyishni nazarda tutadi. Mazkur yondashuv orqali davlat tadbirkorni himoya qilish borasida mutlaqo yangi pozitsiyani egallamoqda, yaʼni noqonuniy tekshiruvlarga nisbatan hech qanday murosaga yoʻl qoʻyilmasligi ochiq-oydin belgilab qoʻyilyapti.

Ushbu tamoyilning mohiyati shundaki, endi belgilangan tartib va raqamli tizimdan tashqari oʻtkazilgan har qanday tekshiruv avtomatik ravishda noqonuniy deb eʼtirof etiladi. Yaʼni tekshiruv “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtmagan, tegishli elektron ruxsatnomaga ega boʻlmagan yoki belgilangan tartibga rioya etilmagan holatlarda natijasi huquqiy kuchga ega boʻlmaydi. Bu esa tadbirkorlarning asossiz tekshiruvlardan himoyasini tubdan kuchaytiradi.

Eng muhim jihat shundaki, mazkur tamo­yil tadbirkorga noqonuniy tekshiruvni qabul qilmaslik huquqini beradi. Ilgari amaliyotda tadbirkor koʻp hollarda tekshiruvchi talab­lariga boʻysunishga majbur boʻlgan. Endi u qonunga tayanib, bunday tekshiruvni rad etishi mumkin. Tadbirkorning huquqiy maqomi sezilarli darajada mustahkamlanib, uning faoliyatiga asossiz aralashuvlar keskin kamaytiriladi.

Ushbu tamoyilning yana bir muhim jihati profilaktik taʼsiridir. Yaʼni nazorat organlari xodimlari tekshiruvni boshlashdan oldin uning qonuniy asoslari, tartibi va oqibatlari haqida jiddiy oʻylab koʻrishga majbur boʻladi. Chunki har qanday noqonuniy harakat raqamli tizimda qayd etiladi va javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Bu esa asossiz tekshiruvlar sonini sezilarli darajada kamaytiradi.

Shuningdek, mazkur yondashuv davlat va tadbirkor oʻrtasidagi munosabatlarni ham sifat jihatidan oʻzgartiradi. Nazorat jarayonida ishonch, ochiqlik va qonuniylik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Tadbirkor oʻz faoliyatini xavfsiz va barqaror muhitda amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.

Farmonda ilgari amaliyotda aniq chegaralanmagan, koʻp hollarda esa notoʻgʻri talqin qilingan masalalardan biri — davlat organlari va tadbirkorlar oʻrtasidagi muloqot tushunchasiga huquqiy aniqlik kiritildi. Unga koʻra, davlat organlari va tadbirkorlar oʻrtasidagi har qanday uchrashuv, maslahatlashuv yoki tushuntirish ishlari nazorat tadbiri hisoblanmaydi va bu jarayondan tekshiruv yoki bosim vositasi sifatida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ushbu tamoyilning joriy etilishi davlat va biznes oʻrtasidagi munosabatlar falsafasini tubdan oʻzgartiradi. Ilgari amaliyotda “uchrashuv” yoki “oʻrganish” niqobi ostida tekshiruv elementlari aralashib ketgan holatlar uchrab turgani sir emas. Bu esa tadbirkorlarda davlat organlariga nisbatan ehtiyotkorlik, baʼzan esa ishonchsizlik muhitini shakllantirgan. Yangi yondashuv esa ana shu salbiy amaliyotlarga barham berishni koʻzda tutadi.

Davlat organlari tadbirkorlar bilan muloqot qilishda nazorat funksiyasidan voz kechib, maslahatchi va hamkor sifatida ishtirok etishi lozim. Mazkur muloqotdan maqsad tadbirkorlik faoliyatini tekshirish emas, balki unga koʻmaklashish, tushuntirish berish, huquqiy maslahatlar taqdim etish va yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda hal qilishdan iborat boʻladi.

Shu bilan birga, mazkur tamoyil muloqot jarayonining ham shaffof va tartibli boʻlishini nazarda tutadi. Xususan, davlat organlari va tadbirkorlar oʻrtasidagi uchrashuvlar tegishli axborot tizimlarida qayd etilishi, ularning maqsadi va mazmuni aniq belgilanishi lozim. Bu esa muloqot niqobi ostida nazorat yoki bosim oʻtkazish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Mazkur tamoyil davlat organlari faoliyatiga ham yangi talablar qoʻyadi. Endi ular faqat nazorat qiluvchi emas, balki xizmat koʻrsatuvchi, tushuntiruvchi va qoʻllab-quvvatlovchi ins­titut sifatida faoliyat yuritishi kerak. Bu davlat boshqaruvida xizmat koʻrsatish madaniyati va sifatini oshirish uchun gʻoyat muhimdir.

Umuman olganda, bu tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan zamonaviy yondashuv boʻlib, davlat va biznes oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Shu tariqa muloqot bosim vositasidan hamkorlik mexanizmiga aylanadi. Natijada tadbirkorlik muhitida ishonch, ochiqlik va barqarorlik taʼminlanadi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivoji uchun mustahkam zamin yaratadi.

Farmonda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va tadbirkorlik muhitini yaxshilashning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida davlat xizmatlarida shaffoflikni taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Mazkur tamoyil davlat organlari fao­liyatini ochiq, tushunarli va hisobdor qilish orqali tadbirkorlik subyektlari uchun adolatli va prognoz qilinadigan muhit yaratishga qaratilgan.

Davlat xizmatlarida shaffoflik tamo­yili farmonning muhim ustunlaridan biri boʻlib, u davlat va biznes oʻrtasida ishonchli, ochiq va adolatli munosabatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa yangi Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy, samarali va inson ­manfaatlariga yoʻnaltirilgan davlat boshqaruvini barpo etishda muhim qadamdir.

Farmon doirasida tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning institutsional asoslarini mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu jarayonda Biznes-ombudsman institutining roli sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Mazkur institut endi faqat murojaatlarni qabul qilish va koʻrib chiqish bilan cheklanib qolmay, tadbirkorlik muhitida qonuniylikni taʼminlovchi, nazorat organlari faoliyati ustidan tizimli monitoring olib boruvchi hamda davlat va biznes oʻrtasida ins­titutsional muvozanatni taʼminlovchi markaziy mexanizm sifatida namoyon boʻlmoqda.

Ilgari amaliyotda Biznes-ombudsman koʻproq reaktiv funksiyani bajargan, yaʼni tadbirkor huquqlari buzilganidan soʻng aralashgan institut sifatida faoliyat yuritgan boʻlsa, yangi yondashuv uni proaktiv, yaʼni oldindan taʼsir koʻrsatuvchi institutga aylantirmoqda. Bu esa huquqbuzarliklarni bartaraf etishdan koʻra, ularning oldini olishga, yakka holatlarni koʻrib chiqishdan koʻra tizimli muammolarni aniqlashga, oqibatlar bilan kurashishdan koʻra, sabablarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan yondashuvni anglatadi.

“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi bilan integratsiya mazkur institutga mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratadi. Endi u tekshiruvlarning qonuniyligini onlayn tarzda tahlil qilish, asossiz aralashuvlarni barvaqt aniqlash, nazorat organlari faoliyatini baholash va tegishli choralar koʻrish boʻyicha tashabbus koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Amalda ikki bosqichli himoya mexanizmi ­shakllanadi.

Biznes-ombudsman institutining yana bir muhim vazifasi — tizimli muammolarni aniqlash va ularga institutsional taʼsir koʻrsatishdan iborat. U takrorlanuvchi huquqbuzarlik holatlarini tahlil qiladi, qonunchilikdagi boʻshliqlar va ziddiyatlarni aniqlaydi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.

Shu bilan birga, mazkur institut davlat va tadbirkor oʻrtasida muvozanatni taʼminlovchi mexanizm sifatida ham faoliyat yuritadi. U bir tomondan tadbirkorlarni himoya qilsa, ikkinchi tomondan davlat organlarining qonuniy talab­larini amalga oshirishga koʻmaklashadi.

Axborot texnologiyalarining joriy etilishi Biznes-ombudsman faoliyati samaradorligini yanada oshiradi. Murojaatlarni qabul qilish, koʻrib chiqish va monitoring qilish jarayonlari raqamli shaklga oʻtadi. Tezkorlik va xolislik taʼminlanadi.

Eng muhimi, mazkur institut tadbirkorlar uchun ishonchli huquqiy himoya mexanizmiga aylanadi. Umuman olganda, Biznes-ombudsman institutining roli kuchaytirilishi tadbirkorlik muhitini shakllantirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi va davlat hamda biznes oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Abdumannop BOʻRIYEV,

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari

va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha 

vakil — biznes-ombudsman