Koʻp millatli va koʻp millionli xalqimiz orasida futbolni sevadigan, uning sehrli olamiga oshno tutinganlar koʻpchilikni tashkil qiladi. AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida start olgan jahon birinchiligi sportning ushbu turiga qiziqmaydigan yurtdoshlarimizning ham halovatini olib qoʻydi. Oʻz tarixida ilk bor jahon chempionati final bosqichiga yoʻllanma olgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Markaziy Osiyodan mundialda qatnashayotgan birinchi davlatga aylandi.

Shu bois, hozir mamlakatimiz aholisidan tashqari uzoq-yaqin qoʻshnilarimiz ham jamoamiz muxlisiga aylangan. Bugun matbuot va ijtimoiy tarmoq sahifalari koʻchalarda Oʻzbekiston bayrogʻini hilpiratib, liboslariga futbolchilarimiz ismini tushirib olgan, mundialni tomosha qilish uchun turli davlatlardan yigʻilgan muxlislarning foto va videolari bilan toʻlib-toshdi.

Jahon birinchiliklari 1982-yili Ispaniya mezbonlik qilgan bahslardan boshlab 1 oy (28-31 kun) davom etayotgan edi. Ungacha musobaqalar 2 yoki 3 hafta mobaynida oʻtkazilgan. FIFA ishtirokchilar sonini 48 taga yetkazgani sababli uch davlat qabul qilayotgan bu galgi musobaqalar eng uzoq (38 kun) davom etadigan mundial sifatida tarixdan joy olish arafasida.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi xalqaro maydonda katta eʼtibor va eʼtiroflar bilan JCH-2026 bahslariga kirishmoqda. FIFA Oʻzbekistonning ilk bor jahon chempionatiga chiqqanini nafaqat mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo futboli uchun tarixiy voqea deb taʼrifladi. Tashkilot rasmiy saytida “oq boʻrilarning orzusi ushalgani” urgʻulanib, jamoaning koʻp yillik saʼy-harakatlardan keyin mundialga chiqqani alohida yoritildi.

FIFA prezidenti Oʻzbekiston rahbariyati va xalqini tarixiy voqelik bilan tabriklab, munosib yutuqqa hissa qoʻshgan futbolchi, murabbiy, federatsiya va muxlislarning ishonchi hamda intilishlarini yuqori baholadi.

Qator xalqaro nashrlar Oʻzbekistonni JCH-2026 ning muxlislarda katta qiziqish uygʻotayotgan ­debyutanti ­sifatida tilga olmoqda, termamizning koʻp yillik dramatik saralashlardan keyin maqsadga erishganini katta hurmat bilan qabul qilmoqda.

Mutaxassislar milliy termamizni favoritlar qatoriga kiritmayotgan boʻlsa-da, intizomli oʻyini, yosh iqtidorlari va intiluvchanligi tufayli guruh bosqichida syurpriz qilishi mumkin boʻlgan jamoa sifatida baholagan.

— Oʻzbekistonliklarning jahon chempionatiga tarixiy yoʻllanmasi koʻplab ekspertlar tomonidan mamlakatda soʻnggi yillarda qilingan tizimli ishlarning mantiqiy natijasi sifatida baholanmoqda, — deydi Qozogʻiston Professional futbolchilar uyushmasi boshqaruvi raisi Oljas Abrayev. — Bu mutlaqo qonuniy natija. Qoʻshnilarimizda rivojlanish strategiyasi bor va ular unga izchil amal qilmoqda. Barcha qadamlar mamlakat futbolida tizimli rivojlanishga qaratilgan boʻlib, mantiqiy va puxta oʻylangan.

Ekspertning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda mamlakatda infratuzilma va bolalar-oʻsmirlar futboli faol rivojlantirilgan: “Aynan shu ishlar oʻz samarasini bera boshladi. Oʻzbekiston yoshlar jamoalari xalqaro maydonda muntazam jiddiy muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Masalan, 17 va 20 yoshgacha boʻlgan terma jamoalar soʻnggi yillar jahon chempionatlarining final bosqichlarida ishtirok etib kelyapti”.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi hali turnirga kirishmay turib, muhim rekordlar qayd eta boshladi. Maʼlumki, Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoamiz tarixiy ilk uchrashuvini 18-iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. 11-iyun holatiga Oʻzbekiston — Kolumbiya uchrashuviga sotilgan chiptalar soni 74 ming 725 tani tashkil etdi. Bu koʻrsatkich hozircha 2026-yilgi jahon chempionati uchun sotilgan chiptalar soni boʻyicha mutlaq rekord sifatida qayd etilmoqda. Masalan, bu raqam ochilish bahsi Meksika — Janubiy Afrika (73 ming 373) va Braziliya — Marokash (73 ming 719) uchrashuvlarinikidan ham yuqori.

Eslatib oʻtamiz: jahon chempionati guruh bosqichida Oʻzbekiston “K” guruhidan joy olgan. Futbolchilarimiz 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 7:00 da Kolumbiya terma jamoasiga qarshi birinchi uchrashuvini oʻtkazadi. Ikkinchi turdan oʻrin olgan uchrashuv 23-iyun kuni soat 22:00 ga belgilangan. Unda milliy terma jamoamiz Portugaliya bilan kuch sinashadi. Guruhdagi oxirgi bahs 28-iyun soat 4:30 da Kongo Demokratik Respublikasi futbolchilariga qarshi oʻtkaziladi.

Hayajonga toʻla lahzalar

11-iyun tun oqshomida JCH-2026 musobaqalarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Muxlislar uchun katta sahna effektlari, pirotexnika, qoʻshiq va raqsli chiqishlar namoyish etildi. Stadion uzra ishtirokchi mamlakatlarning davlat bayroqlari birma-bir olib kirilayotgan lahzalar oʻzbekistonlik muxlislarni hayajonga solgan eng yorqin epizodlardan biri boʻldi.

— Millionlab yurtdoshlarimiz jonajon Vatanimiz bayrogʻini oʻyingohga hilpirab kirib kelishini baxtiyorlik, hayajon va quvonch yoshlari bilan kutib oldi, — deydi ustoz jurnalist Haydar Akbarov. — Faoliyatimning katta qismini sport jurnalistikasiga bagʻishlaganman. Oʻz vaqtida “Sport” gazetasi huzurida maxsus “Oʻzbekiston futboli” haftalik ilovasiga asos solgan edik. Tahririyatimiz ijodkorlari uchun milliy termamizning jahon birinchiligida ishtirok etishi va bu jarayonlarni quvonch hamda faxr bilan yoritish orzumiz armonga aylandi. Bugun kutilgan baxtiyor kunlarga yetib keldik.

Mundialning dastlabki uchrashuvi Mexikodagi “Asteka” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda Meksika terma jamoasi JARni 2:0 hisobida magʻlub etdi. Kinones 9-daqiqada hisobni ochdi. 67-daqiqada Raul Ximenes yakuniy nuqtani qoʻydi. “A” guruhining ikkinchi oʻyinida Janubiy Koreya termasi Chexiya bilan kuch sinashdi. Unda osiyoliklar 2:1 hisobida zafar quchdi.

Statistikaga qiziquvchilar uchun bir maʼlumot: JCH-2026 dastlabki turning ilk uchrashuvidan soʻng qizil kartochkalar borasida toʻrt yil avval Qatarda oʻtgan mundialga deyarli tenglashib oldi. 2022-yildagi jahon chempionatida 64 uchrashuvda 4 ta qizil kartochka koʻrsatilgan edi. Bu safar esa birinchi bahsning oʻzida 3 ta chetlatilish... Oldinda bizni yanada qiziqarli oʻyinlar kutmoqda. Demak, uchrashuv hakamlari oldiga murosasiz boʻlish, har bir qoidabuzarlik uchun jiddiy jazo tayinlash vazifasi qoʻyilgan deya taxmin qilishga asoslarimiz yetarli.

Darvoqe, hakamlar haqida

Istaymizmi-yoʻqmi, shu paytgacha Ravshan Ermatov oʻzbek, qolaversa, mintaqa futbolining yuzi boʻlgan. Hozir ham buni sharaf bilan aʼlo darajada uddalamoqda. Avvaliga jahon chempionatlari tarixida eng koʻp oʻyin boshqargan bosh hakam sifatida rekord oʻrnatgan boʻlsa, ayni paytda mamlakatimiz futbolini xalqaro arenalarda rivojlantirish, targʻib qilishdek masʼuliyatni zimmasiga olgan.

Jahon chempionatlarining final bosqichlarida jami 11 ta uchrashuvda maydonga tushgan va hozircha hech bir hakam bu koʻrsatkichni yangilash imkoniga ega emas. U 2010-yil bosh hakam sifatida JAR maydonlarida 5 ta, 2014-yil Braziliyada 4 ta va Rossiyada (2018-yil) 2 ta oʻyinni mahorat bilan boshqargan. Natijada millionlab muxlislar mehri hamda eʼtirofiga sazovor boʻlgan. 2014-yil mundialida Ravshan Ermatov 32 yoshda edi va unga mezbon — Janubiy Afrika Respublikasi ishtirokidagi ochilish uchrashuvi ishonib topshirilgan. Yurtdoshimiz, shuningdek, Osiyo qitʼasida ketma-ket toʻrt marta “Eng yaxshi hakam” deya eʼtirof etilgan yagona mutaxassis.

2022-yili Qatardagi jahon birinchiligi mamlakatimiz hakamlari ishtirokisiz oʻtgan edi. Qisqa tanaffusdan soʻng, mana yana oʻzbekistonlik hakamlar jamoasi uch davlatda kechayotgan bir nechta bahslarni boshqarish arafasida turibdi. Okean ortida muxlislar Ilgiz Tantashev, Andrey Sapenko va Timur Gaynullin mahoratiga guvoh boʻlishi mumkin.

Hujjatlarda Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida, Andrey Sapenko va Timur Gaynullin esa yordamchi hakam sifatida qayd etilgan. Futbol ishqibozlari Ilgiz Tantashev Oʻzbekistonda 2025-yilning eng yaxshi hakami deb topilgani, klublar oʻrtasidagi jahon chempionati uchrashuvlarini boshqargani, xalqaro musobaqalarda faoliyat yuritayotganidan xabari bor.

* * *

Oldinda millionlarning umid koʻzi qadalgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va oʻzbekistonlik hakamlar brigadasi ishtirokidagi oʻyinlar bizni kutyapti. Yelkasida vatan shaʼnini koʻtarib turgan yigitlarga omad tilaymiz. Ehtimol, ulardan medal va sovrinli oʻrinlarni kutish, talab qilishga hali ertaroqdir, ammo munosib oʻyin, chiroyli gʻalaba va gollar kutib qolishga haqlimiz.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri