Soliq tizimiga ham aholi manfaatlari, soliq toʻlovchilarga qulayliklar yaratish uchun mahallabay va korxonabay ishlash prinsiplari joriy etilgan. Asosiy maqsad aholi va tadbirkorlik subyektlarining muammolarini hal etish, davlat xizmatchilari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdan iborat.

Islohotlar samaradorligi va belgilangan maqsadlarga erishishning natijadorligi bevosita har bir tashkilotda mustahkam ijro intizomi yoʻlga qoʻyilganiga bogʻliq. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni davlat idoralari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlashda muhim huquqiy hujjatdir.

Mazkur hujjat bilan ijro intizomini mustahkamlash, yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ni tashkil qilish boʻyicha barcha darajadagi boshqaruv organlari rahbarlari shaxsan eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijro intizomini mustahkamlash yoʻlida muhim dasturilamal hujjat boʻldi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar qogʻozda emas, amalda natija berishi kerak.

Shu maqsadda har bir rahbar va xodimning aniq hisobdorlik, shaxsiy masʼuliyat va javobgarligini yanada oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan davrida “Ijro.gov.uz” tizimida Soliq qoʻmitasining 525 ta nazoratdagi topshirigʻi mavjud boʻlib, shundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 412 ta, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 59 ta, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan 54 ta topshiriqning ijrosi toʻliq taʼminlandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 13-mart kuni oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan vazifalar mamlakatimizda boshqaruv tizimi, ayniqsa, ijro intizomini mustahkamlash va aholi murojaatlari bilan ishlashda yangi bosqichni boshlab berdi.

Mazkur yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan ijro intizomi faqat “qogʻoz toʻldirish” emas, balki qarorlarning hayotdagi ijrosini taʼminlashdan iborat ekani alohida taʼkidlandi. Shu bois, bugun soliq tizimida barcha topshiriq hamda soliq toʻlovchilardan kelib tushadigan murojaatlar ijrosi yuzasidan “qatʼiy nazorat va shaxsiy masʼuliyat” tamoyili asosida ish yuritilmoqda.

Darhaqiqat, yuksak rivojlanish davrida davlatimiz siyosati lavozimidan qatʼi nazar, har bir rahbar yuzaga kelgan muammo yoki vazifa bilan ishlashi, har bir hujjatni ishlab chiqishda joyiga chiqqan holda oʻrganishi, aholi va tadbirkorlik subyektlarining fikrlarini tinglashi hamda imkoniyatlarni tahlil qilishi lozim.

Masʼuliyat, tartib, natijadorlik

Soliq qoʻmitasiga kelib tushayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi boʻyicha har haftaning dushanba kunlari — mustaqil tuzilmalar rahbarlari, chorshanba kunlari — rais oʻrinbosarlari va juma kunlari — qoʻmita raisi tomonidan shaxsan masʼul ijrochilar bilan muhokama oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonidagi yondashuv toʻliq qayta koʻrib chiqildi. Endi tarkibiy tuzilmalar tomonidan kiritilayotgan takliflarning mavjud imkoniyatlarga muvofiqligi hududlarni rivojlantirish hamda iqtisodiyot sohalarini tahlil qilish tuzilmalari tomonidan joylarga chiqqan holda oʻrganiladi.

Shundan soʻng metodologiya va yuridik xizmat tuzilmalari tomonidan loyihaning Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlari normalariga muvofiqligi boʻyicha huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi hamda strategik rejalashtirish tuzilmasi tomonidan xalqaro tajribalar oʻrganilgan holda tegishli tuzilmalar bilan birgalikda iqtisodiy va moliyaviy tahlillar tayyorlab beriladi.

Mazkur jarayonlar oʻtkazilganidan keyin fikr va mulohazalarni toʻplash maqsadida matbuot xizmati tomonidan loyiha bilan rejalashtirilayotgan oʻzgarishlar axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi. Shundan keyingina yakuniy hujjat kelishish uchun manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi. Soliq qoʻmitasida ijro intizomini ushbu tartibda yoʻlga qoʻyish maqsadida har bir tuzilmada masʼul ijrochilar belgilandi hamda ular bilan zaruriy trening va seminarlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, Soliq qoʻmitasi markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi ustidan nazoratning mutlaqo yangi tizimi joriy qilindi.

Avtomatlashtirilgan nazorat tizimi

Farmon bilan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning yangi tizimi joriy qilinib, ijro intizomi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar soni va ularning vakolatlari oshirilgan. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar oʻz vaqtida hamda sifatli ijro etilishi boʻyicha nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali yuritilmoqda.

Ushbu tizim orqali nazoratga olingan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar barcha tashkilotlarning rahbariyati va ­masʼul ­ijrochilariga yetkaziladi hamda ularning keyingi holati nazorat qilib boriladi.

Soliq xizmati organlarida ijro intizomini mustahkamlash maqsadida 2015-yildayoq ish yuritishning ichki jarayonlari toʻliq avtomatlashtirilib, elektron hujjat almashish tizimi joriy etilgan.

Mazkur tizim orqali qonunchilik hujjatlari, Prezident va hukumat topshiriqlaridan tortib, barcha ichki idoraviy hujjatlar elektron roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda masʼul rahbarlar tomonidan topshiriqning mohiyatidan kelib chiqib, ularni imkon qadar qisqa muddatda va natijaviy bajarish toʻgʻrisida rezolyutsiya qoʻyilgan holda ijrochiga yoʻnaltirish imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari, ushbu avtomatlashtirilgan tizim orqali soliq organlarida hujjatlarni qogʻoz shaklida kelishish va imzolash amaliyotiga toʻliq chek qoʻyilgan. Shu bilan birga, elektron raqamli imzo kalitidan foydalangan holda maxsus mobil ilova orqali ijroga kelgan hujjatlarni koʻrib chiqish, ijroga qaratish va nazoratdan chiqarish imkoniyatlari yaratilgan boʻlib, bu qoʻmitada ish yuritishni sezilarli darajada tezlashtirishga imkon berdi.

Eng ahamiyatlisi, har bir hujjat va topshiriq mazkur tizim orqali qisqa muddatda masʼul ijrochilarga yetkazib beriladi va topshiriqning ijro etilish holati real vaqt rejimida kuzatib boriladi.

Shuningdek, Soliq qoʻmitasida barcha hujjat va topshiriqlar “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari”, “yuqori ­tashkilot topshiriqlari”, “fuqarolar murojaati”, “ichki farmoyish” kabi toifalar boʻyicha alohida nazoratga olingan holda yuritiladi.

Topshiriqlar ijrosi boʻyicha Soliq qoʻmitasining tashkiliy nazorat tuzilmasi tomonidan gorizontal va har bir tuzilma tomonidan uning eng quyi hududiy boʻlinmasiga qadar vertikal tartibdagi nazorat tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Bunday tizim rahbar xodimlarning shaxsiy masʼuliyati va hisobdorligini oshirish, murakkab sharoitlarda vazifaning toʻliq va sifatli bajarilishini nazorat qilib borish imkonini beradi.

Baholash koʻrsatkichlari asosiy mezon

Ijro intizomini mustahkamlashda tizimdagi har bir xodimning masʼuliyatini oshirish, qatʼiy intizom oʻrnatish, ularda kasbiy gʻurur, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik va halollik hissini uygʻotish muhim ahamiyat kasb etadi.

Soliq organlaridagi raqamlashtirish, faoliyatni manzilli tashkil etish va boshqa islohotlar har bir xodimning aniq ish hajmi va uning samaradorligini oshirishga xizmat qildi.

Xususan, soliq organlarida masʼul ijrochilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning sifatli bajarilishini raqamli nazorat qilish xodimlarning ish samaradorligini belgilovchi aniq mezonlardan biriga aylandi.

Har bir topshiriq ijrosi uchun masʼul xodim aniq belgilangani va ijro muddati haqida oldindan avtomatik xabardor boʻlishi vaqtni toʻgʻri taqsimlash imkonini beradi.

Shuningdek, ijrochi xodimlarning shaxsiy masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirish, yuklatilgan vazifani oʻz vaqtida va sifatli bajargan xodimlarni ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Jahon banki ekspertlari bilan birga xodimlar ish faoliyati samaradorligini baholashning (KPI) avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi.

Ushbu tizim orqali har bir ijro hujjatining belgilangan mezonlar asosidagi baholash koʻrsatkichlari boʻyicha ijrochi xodimlar ragʻbatlantiriladi yoki intizomiy jazo choralari koʻriladi.

Soliq xizmati organlarida ijro intizomiga masʼul xodimlarning bilimi va malakasini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ish samaradorligiga erishishning yana bir muhim omili — xodimlarni mehnat qonunchiligiga muvofiq ish vaqtidan tashqari majburan ishga jalb etmaslik.

Soliq xizmati organlarida xodimlarning ishga kelib-ketishi maʼmuriy binoga kirish va chiqish vaqtini qayd qilishning elektron tizimi orqali nazorat qilinadi. Shu maqsadda barcha xodimlarga belgilangan ish soatlaridan ortiqcha vaqt ishda qolishi ular yuklatilgan vazifani oʻz vaqtida bajara olmasligi va layoqatsizligi sifatida baholanishi yetkazildi.

Barcha elektron xizmatlar yagona platformada

Soliq xizmati organlariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali sohada inson resurslaridan unumli foydalanish hamda topshiriqlarni tezkorlik bilan bajarishga erishilmoqda.

Xususan, soliq organlarini “xizmat koʻrsatuvchi” yuqori texnologiyali tashkilotga transformatsiya qilishni davom ettirish maqsadida 2026-yilning birinchi yarmida bir qancha yangi axborot tizimlari amaliyotga joriy etildi.

Soliq organlari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan barcha elektron xizmatlar yagona platformaga birlashtirildi.

Har bir fuqaro yoki tadbirkor telefoni orqali “Soliq” mobil ilovasidan foydalanib, soliq sohasiga oid barcha savollariga javob olishi, soliq majburiyatini bajarishi, tadbirkor esa biznes jarayonlarini kuzatib borishi, biznes hamkorlarini oʻrganishi va tanlashi mumkin.

“Soliq” mobil ilovasidan bugun amalda 17,4 million fuqaro roʻyxatdan oʻtgan. Shundan 16,3 millioni doimiy faol foydalanmoqda.

Jumladan, “Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti”ga 2025-yil davomida qariyb 406 ming marotaba, 2026-yilning oʻtgan davrida 172 ming marotaba murojaat qilingan.

Ushbu yaratilgan shart-sharoitlar aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun soliqqa oid masalalarni masofadan turib hal qilish imkonini beradi.

Fuqarolar murojaati eʼtiborsiz qolmaydi

Soliq xizmati organlarida fuqarolar murojaatlari elektron hujjat almashish tizimi orqali “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat”, “Soliq qoʻmitasi raisining virtual qabulxonasiga murojaat”, “Ishonch telefoni orqali murojaat” kabi toifalarga ajratilgan holda ijrochilarga tezkorlik bilan yetkaziladi.

Shuningdek, soliq xizmati organlarida tashkil etilgan murojaatlar ijrosi boʻyicha masʼul boʻlinma tomonidan har bir murojaat soliq organiga kelib tushganidan to unda keltirilgan masala hal etilguniga qadar nazorat qilib boriladi.

Shu bilan birga, muallif “Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti” orqali elektron koʻrinishda yuborgan murojaatining ijro etilishi holatini kuzatib borishi imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari, Soliq qoʻmitasida ijtimoiy tarmoqlar (facebook, telegram) orqali fuqarolar yuborayotgan murojaatlar, keng jamoatchilik tomonidan muhokama etilayotgan soliqqa oid munozarali masalalarni tezkorlik bilan koʻrib chiqish ham tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

Ayniqsa, masʼul xodimlar “24/7” formatida ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boradi va soliq organlariga tegishli har qanday maʼlumot paydo boʻlganda darhol javobini tayyorlash uchun ijrochiga yetkazadi. Shu tarzda 2026-yilning birinchi yarmida ijtimoiy tarmoqlardagi 26 ta sharhga tezkor, uzogʻi bilan 2-3 soatda rasmiy munosabat bildirildi.

“Soliq organlari bilan qayta aloqa” axborot tizimi orqali jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish tizimi ham yoʻlga qoʻyilgan. Bunda kunlik kelib tushgan murojaatlar tezkorlik bilan tegishli tuzilmalarga yoʻnaltirilib, 1-3 kun oraligʻida ijrosini taʼminlash nazoratga olingan. Joriy yilning oʻtgan davrida 27,4 ming jismoniy va yuridik shaxsdan murojaatlar kelib tushgan va ular oʻz vaqtida ijobiy hal etilgan.

Joriy qilingan ushbu tizimga muvofiq har bir murojaat shaxsan qoʻmita raisi nazoratida. Eng muhimi, Soliq qoʻmitasida murojaatlarga tezkor javob berilishi bilan birga eng koʻp uchraydigan savollar tahlil qilinib, shu asosda soliq organlarining biznes jarayonlarini takomillashtirib borish strategiyasi yoʻlga qoʻyilgan.

Xullas, bugun ishonch bilan aytishim mumkinki, soliq xizmati organlari xodimlari har bir murojaat, qonun hujjatlari va topshiriqlar zamirida inson taqdiri mujassam ekanini toʻlaqonli his etadi.

Soliq qoʻmitasi jamoasi ijro etuvchi organ sifatida topshiriqlarning oʻz vaqtida bajarilishi, mazkur yoʻnalishda mustahkam ijro intizomini joriy qilish borasida tizimli ish yuritadi.

Farrux POʻLATOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi raisi