Toshkent shahri hududida sodir bo‘lgan navbatdagi voqea ana shunday insonparvarlik, matonat va fidoyilikning yorqin namunasi bo‘ldi.
Kuchli suv oqimiga tushib qolgan ikki nafar olti yoshli egizak qizaloq temiryo‘lchilarning tezkor harakati tufayli o‘lim changalidan qutqarib qolindi. Bu voqea nafaqat ikki bolaning hayotini saqlab qoldi, balki jamiyatda befarqlikka o‘rin yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi.
Ushbu voqeani batafsil o‘rganish maqsadida Yuz.uz sayti muxbiri hodisa joyida bo‘lib, qahramonlar, guvohlar va qizaloqlarning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Joriy yilning 9 iyun kuni “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filialining Toshkent temir yo‘l masofasi korxonasi 20-sex mexanizatsiyalashgan brigadasi temir yo‘l sozlovchisi A’zam Ibrogimov hamkasbi Fatxulla Nomadaliyev bilan xizmat vazifasini bajarayotgan edi. Ular Sergeli tumani hududidan o‘tuvchi Qorasuv kanali atrofida ish jarayonida harakatlanayotgan vaqtda bolalarning yordam so‘rab baqirgan ovozlarini eshitishadi.
Dastlab bu bolalarning oddiy o‘yinidek tuyuladi. Ammo ovozlardagi sarosima va yig‘i aralash iltijo ularni hushyor torttiradi. Temiryo‘lchilar ovoz kelayotgan tomonga yugurib borishganda suv oqimida oqib ketayotgan ikki nafar qizaloqni ko‘rishadi. Ular ko‘prik ostidagi kuchli oqim tomon siljib borar, har bir soniya hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. A’zam Ibrogimov bir lahza ham ikkilanmadi. U o‘zini suvga tashladi.
— O‘sha kuni tushlikdan keyin xizmat vazifamizni bajarayotgan edik. Bir payt bolalarning baqirgan ovozini eshitdik. Avvaliga hazillashishyapti deb o‘yladim. Ammo ovozlar yaqinlashgan sari vaziyat jiddiy ekanini tushundim.
Borib qarasak, qizaloqlardan biri suv oqimi bilan oqib ketayapti. O‘ylashga vaqt yo‘q edi. Darhol suvga tushdim. Faqat bir narsa haqida o‘yladim: bolani qutqarish kerak. Qizaloqni ushlab chiqdim va Fatxullaga uzatdim. Keyin boshqa bolalarni ham xavfsiz joyga olib chiqdik. Rostini aytsam, men bu ishni qahramonlik deb hisoblamayman. Har qanday inson shunday vaziyatda xuddi shunday harakat qilgan bo‘lardi. Biz faqat insonlik burchimizni bajardik. Keyinchalik bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, rahbariyat tomonidan taqdirlandik. Lekin men uchun eng katta mukofot — qizaloqlarning sog‘-omon qolganini ko‘rish bo‘ldi, — dedi A’zam Ibrogimov.
— Voqea juda tez sodir bo‘ldi. Biz suv tomon yugurganimizda qizaloqlar oqim ta’sirida ko‘prik tomon ketib borayotgan edi. A’zam hech ikkilanmasdan suvga tushdi. Men esa sohilda turib yordam berdim, bolalarni xavfsiz joyga chiqardim. Keyin ma’lum bo‘lishicha, qizaloqlar olti yoshli egizaklar ekan. Ulardan ikkalasi ham tug‘ma nuqson sababli gapira olmas ekan. Voqeani videoga oldim. Buning sababi mashhur bo‘lish emas, balki ota-onalarni ogoh qilish edi. Bu joy cho‘milish uchun mo‘ljallanmagan, suv oqimi juda kuchli. Bir necha daqiqa kech qolganimizda oqibati boshqacha bo‘lishi mumkin edi, — dedi Fatxulla Nomadaliyev.
Qutqarib qolingan qizaloqlarning onasi Anastasiya Kuznetsovaning ko‘zlarida hali ham o‘sha kunning iztirobi sezilib turadi. To‘rt nafar farzandni yolg‘iz tarbiyalayotgan ona hodisa haqida so‘zlar ekan, his-tuyg‘ularini yashira olmadi.
— Men o‘sha payt ishda edim. Restoranda ishlayman, kuniga o‘n to‘rt soat mehnat qilaman. Bolalarim esa onam bilan qolishgan edi. Telefon orqali bu xabarni eshitganimda oyog‘imdan mador ketdi. Qizlarim suvga tushib ketganini eshitib, yuragim to‘xtab qolgandek bo‘ldi.
Men farzandlarimni yolg‘iz tarbiyalayapman. Ular uchun ham onaman, ham otaman. Ishlashga majburman, chunki ularni ta’minlashim kerak. Onam insultni boshdan kechirgan. Shuning uchun bolalarni doimo nazorat qilib turishga qiynaladi. Bog‘chalari ham yopilib qolgan. Hozirgi sharoitda bu biz uchun katta muammo. Hozir o‘ylasam, agar o‘sha insonlar yaqin atrofda bo‘lmaganida nima bo‘lardi? Bu haqda o‘ylashning o‘zi dahshat. Qizlarim mening hayotim. Mening baxtim. Eng katta boyligim. Ularni qutqarib qolgan insonlardan umrbod minnatdorman.
Barcha ota-onalarga aytaman: farzandlaringizni qaraovsiz qoldirmang. Ayniqsa suv havzalari yaqinida juda ehtiyot bo‘ling, — dedi u.
Hodisaning yana bir kichik qahramoni bor. U — Shahina Nuraliyeva. Biz qizaloq va unig onasi bilan ham suhbalashdik.
— Biz suv bo‘yida turgan edik. Bir payt Arisha suvga tushib ketdi va cho‘ka boshladi. Uni qutqarish uchun Arina ham suvga kirdi. Ikkalasi ham qiynalib qolganini ko‘rib juda qo‘rqdim. Lekin yig‘lab turishning foydasi yo‘qligini tushundim. Shunda bor kuchim bilan yordam chaqirib baqira boshladim. Yaxshiyamki, ovozimni eshitishdi. Agar kattalar kelmaganida nima bo‘lishini bilmayman. Bu voqeadan keyin suv havzalari naqadar xavfli ekanini angladim. Barcha tengdoshlarimga aytaman: kattalarsiz suv bo‘yiga bormanglar, — dedi u.
A’zam Ibrogimovning fidokorona harakati “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati tomonidan yuksak baholandi. Temiryo‘lchiga tashakkurnoma, esdalik sovg‘asi hamda pul mukofoti topshirildi. Ammo uning o‘zi uchun eng katta mukofot — ikki bolaning hayoti saqlab qolinganidir.
Bu voqea oddiy xabar emas. Bu insonparvarlik haqidagi hikoya. Bu — xizmat burchi bilan birga vijdon burchini ham unutmagan insonlar haqidagi hikoya. A’zam Ibrogimov va Fatxulla Nomadaliyev suvning xavfli oqimiga qarshi chiqib, ikki yosh hayotni saqlab qolishdi. Shahina Nuraliyeva esa o‘z vaqtida yordam chaqirib, ularning qutqarilishiga hissa qo‘shdi. Bu voqea har birimizga muhim haqiqatni eslatadi: favqulodda vaziyatlarda befarq bo‘lmaslik, tezkor qaror qabul qilish va inson hayotini hamma narsadan ustun qo‘yish juda muhim.
Ehtimol, qahramonlik aynan shunday ko‘rinar — inson o‘zini emas, o‘zgalar hayotini o‘ylagan lahzada.
Zulxumor Akbarova