Ma’lum qilinishicha, har yili o‘quv yili yakunlanishi arafasida maktab o‘qituvchilari va ota-onalar tomonidan bolalarni sayohatga olib chiqishda qonunbuzilish holatlari kuzatilmoqda. Bunday holatlar esa yo‘l-transport hodisalari xavfini oshirib, bolalar hayoti va salomatligiga jiddiy tahdid soladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 maydagi 424-son qarori bilan bolalar guruhlarini tashish aniq qoidalar asosida amalga oshirilishi belgilangan. Unga muvofiq, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari:

faqat maxsus jihozlangan transport vositalarida;
ichki ishlar organlari kuzatuvida (hamrohligida) tashilishi shart.

Shuningdek, 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son qaror bilan tasdiqlangan talablarga ko‘ra, bolalarni madaniy tadbirlar, sayohat va ekskursiyalarga olib chiqishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etilishi lozim.

Mas’ul tashkilotlar ta’kidlashicha:
tashish uchun jalb etiladigan avtobus va mikroavtobuslar maxsus jihozlangan bo‘lishi;
ular patrul avtomobillari kuzatuvida harakatlanishi shart.

Mazkur talablarga rioya qilish bolalar xavfsizligini ta’minlash va noxush holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.