Bunda Markaziy Osiyoga alohida e'tibor qaratilib, Prezidentimiz mintaqani “yechilmagan nizolar maydoni”dan ishonch, hamkorlik va birgalikda taraqqiy etish makoniga aylantirishni O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida belgiladi.
Bu siyosatning o'zagi — kuch ishlatish yoki bir tomonlama harakatlar emas, balki muzokara, preventiv diplomatiya, o'zaro manfaatdorlik va xalqaro huquq ustuvorligiga tayangan tinchlikparvarlik kontseptsiyasidir.
Tarixan juda qisqa davr ichida O'zbekiston nafaqat qo'shni davlatlar bilan o'nlab yillar davom etgan chegara va suv muammolarini muzokaralar yo'li bilan hal etdi, balki BMT, YUNESKO, ShHT, TDT, MDH kabi nufuzli minbarlarda umummintaqaviy va global ahamiyatga molik o'nlab tashabbuslarni ilgari surdi.
Bugun O'zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida, umuman, barcha soha va tarmoqlarda qo'lga kiritilayotgan katta, ta'bir joiz bo'lsa, tarixiy natijalarga asos bo'lgan bu kabi islohotlar boshlanganiga o'n yil bo'lmoqda. Hozir nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqaning barqaror taraqqiyotiga sezilarli ijobiy ta'sir ko'rsatgan ushbu tarixiy yangilanish jarayonlari qanday kechganiga olti asosiy yo'nalish kesimida yana bir qur nazar solishning ayni payti nazarimda.
I. Siyosiy barqarorlik
O'zbekistonning tinchlikparvarlik harakati, eng avvalo, mintaqaviy siyosiy muhitni tubdan o'zgartirishdan boshlandi. Ishonch diplomatiyasi orqali Markaziy Osiyoda barqaror institutsional muloqot mexanizmi yo'lga qo'yildi, chegara muammolari tinch yo'l bilan hal qilindi va mintaqa xalqaro maydonda subyektli kuch sifatida tan olindi.
O'n yildan ziyod uzilishdan so'ng mintaqa yetakchilari o'rtasida muntazam, tashqi vositachiliksiz siyosiy muloqotni tiklagan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati mintaqaning yangi arxitekturasini shakllantirgan asosiy platformaga aylandi.
Tashabbusning mohiyati va manbaiga to'xtaladigan bo'lsak, mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o'tkazish g'oyasini O'zbekiston Prezidenti ilk bor 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgandi. Birinchi uchrashuv 2018-yil mart oyida Qozog'istonda bo'lib o'tdi va o'shanda ushbu uchrashuvni har yili navbatma-navbat o'tkazilishiga kelishildi.
Gap Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari haqida borar ekan, muhim bir jihatga alohida e'tibor qaratish lozim — institutsionallashuv. 2019-yilgi ikkinchi sammitda uchrashuvlar reglamenti, 2023-yilda esa O'zbekiston tashabbusi bilan Milliy koordinatorlar kengashi ta'sis etildi. 2025-yil noyabrida Toshkentda bo'lib o'tgan yettinchi uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev formatni Kotibiyat va Oqsoqollar kengashiga ega bo'lgan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasiga aylantirishni taklif etdi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, ushbu formatdagi doimiy muloqot tufayli “bir qator eski ziddiyatlarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan amaliy hamkorlikka o'tish”ga erishildi. So'nggi yillarda mintaqa davlatlarining jami yalpi mahsuloti 40 foizga, o'zaro savdo hajmi bir necha barobarga oshdi, Markaziy Osiyo “nizolar maydoni” emas, balki hamkorlik va bunyodkorlik makoniga aylandi.
Mintaqaning tinchlik va barqarorlik kursi birinchi marta universal xalqaro huquqiy hujjatda mustahkamlandi.
2017-yil 10-11-noyabrda Samarqandda BMT shafeligida o'tkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona o'tmish va umumiy kelajak” xalqaro konferensiyasi yakunlari BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” maxsus rezolyutsiyasida aks etdi. Hujjat 2018-yil 22-iyunda bir ovozdan qabul qilindi. Rezolyutsiya mintaqa davlatlarining birgalikdagi sa'y-harakatlariga xalqaro hamjamiyat tomonidan rasmiy ko'mak berilishini ta'minladi.
Bundan tashqari, O'zbekiston geosiyosiy raqobatdan xoli, sivilizatsiyalararo muloqotga asoslangan global birdamlik platformasini taklif etdi.
Prezidentimiz 2022-yil 16-sentabrda Samarqandda o'tkazilgan ShHT sammitida “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo'lida Samarqand birdamlik tashabbusi”ni e'lon qildi. Tashabbus 2001-yilda BMT Bosh Assambleyasi qabul qilgan Sivilizatsiyalar muloqoti to'g'risidagi deklaratsiyaning amaliy ifodasi sifatida taqdim etildi.
ShHTning barcha a'zo davlatlari tashabbusni bir ovozdan qo'llab-quvvatladi va u Samarqand deklaratsiyasining yakuniy qismida alohida mustahkamlandi. O'sha vaqtdagi ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov tashabbusni “sammitning asosiy voqealaridan biri” deb baholadi. Keyinchalik BMT ko'magida tashabbusni doimiy platformaga aylantirish va Samarqandda xalqaro forum o'tkazish rejalashtirildi.
Mazkur davrda o'nlab yillar davom etgan chegara ziddiyatlari siyosiy iroda va muzokara yo'li bilan hal qilindi. Bu — mintaqa barqarorligining huquqiy poydevoridir.
Jumladan, O'zbekiston — Qirg'iziston chegarani delimitatsiya qilish jarayonini yakunlab, 2023-yil 27-yanvarda Bishkekda ratifikatsiya yorliqlari almashildi hamda strategik sheriklik deklaratsiyasi imzolandi.
O'zbekiston — Tojikiston bo'yicha esa 2024-yil 18-aprelda Dushanbeda Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnoma imzolandi.
2025-yil 31-martda Xo'jandda O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston rahbarlari chegaralarning tutash nuqtasi to'g'risidagi shartnoma hamda “Mangu do'stlik to'g'risida”gi Xo'jand deklaratsiyasini imzoladi. Tutash nuqtada “Do'stlik” stelasi ochildi. Davlatimiz rahbari bu voqeani mintaqa barqarorligini mustahkamlaydigan tarixiy qadam deb baholadi. Ushbu bitimlar Farg'ona vodiysidagi o'n yillik ziddiyatlarga nuqta qo'ydi.
O'zbekiston xalqaro huquq va global boshqaruv institutlarini zamon talablariga moslashtirish zarurligini global minbardan ilgari surdi.
2025-yil 23-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezidentimiz zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi samarali kurashish hamda rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibini isloh qilish va kengaytirishni taklif etdi. Shuningdek, mintaqa davlatlarining hamkorligini qo'llab-quvvatlovchi rezolyutsiya qabul qilishni ilgari surdi.
II. Iqtisodiy taraqqiyot
O'zbekiston mintaqalarni bog'lovchi transport yo'laklari, savdo va investitsiya oqimlari orqali barqaror tinchlikning moddiy asosini yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ham ilgari surdi. Jumladan, ikki katta mintaqa — Markaziy va Janubiy Osiyoni (taxminan 2 milliard aholi) ¬yaqinlashtiruvchi yangi o'zaro bog'liqlik arxitekturasining tashabbuskori bo'ldi.
Mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan 2021-yil 15-16-iyulda Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Imkoniyatlar va tahdidlar” xalqaro konferentsiyasi o'tkazildi. Unda 44 davlat va qariyb 30 ta xalqaro tashkilot delegatsiyasi ishtirok etdi.
Prezidentimiz ushbu konferensiyada BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga forumni qo'llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Forum yakunlari bo'yicha BMT Bosh Assambleyasiga Markaziy va Janubiy Osiyo o'zaro bog'liqligini mustahkamlash to'g'risidagi maxsus rezolyutsiya loyihasini taqdim etish taklifi bildirildi.
Ushbu anjumanning eng yutuqli tomonlaridan biri — mintaqalararo transport-logistika integratsiyasi g'oyasi xalqaro huquqiy maqomga ega bo'lgani. Toshkent konferentsiyasi yakunlari sifatida BMT Bosh Assambleyasi 2022-yil 11-iyulda “Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash” maxsus rezolyutsiyasini qabul qildi. Bu hujjat ikki mintaqa o'rtasidagi hamkorlikning umumiy tamoyillari va yo'nalishlarini mustahkamladi.
Dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va Pokiston portlari bilan bog'lovchi Transafg'on temir yo'li mintaqaviy o'zaro bog'liqlik arxitekturasining kalitidir.
“Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo'li loyihasiga doir “yo'l xaritasi” 2021-yil 2-fevralda Toshkentda O'zbekiston, Afg'oniston va Pokiston o'rtasida imzolandi. 2023-yil iyulida -Islomobodda yakuniy marshrut kelishildi, 2023 yil mayida loyiha ofisi ta'sis etildi.
2025-yil 17-iyulda Kobulda uch davlat vakillari loyihaning texnik-iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish bo'yicha dastlabki bitimni imzoladi. Taxminiy qiymati 4,6-7 milliard dollarni tashkil etadigan yo'lak 2027-yilgacha yakunlanishi kutilmoqda, u yiliga 20 million tonnagacha yuk o'tkazish salohiyatiga ega. Loyiha yuk tashish muddati va xarajatlarni sezilarli qisqartirib, mintaqaning tarixiy “ko'prik” rolini tiklaydi.
O'zbekiston energetik o'tishni mintaqaviy hamkorlik va global kun tartibining ajralmas qismi sifatida ilgari surmoqda.
2025-yilda Prezidentimiz BMT shafeligida mintaqaviy “yashil” texnologiyalar xabini yaratishni taklif etdi. Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi umumiy elektr ishlab chiqarishda 30 foizga yetdi, 35 milliard dollar investitsiya hisobiga 2030-yilgacha bu ko'rsatkichni 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
III. Xavfsizlik, jinoyatchilikka qarshi kurash
O'zbekistonning tinchlikparvarlik siyosatida Afg'oniston masalasi markaziy o'rin tutadi. Toshkent bu mamlakatni “tahdid manbai” emas, balki “imkoniyatlar makoni”ga aylantirish yondashuvini ilgari surib, mintaqa xavfsizligini mustahkamlashga katta hissa qo'shdi.
Afg'onistondagi tinchlik jarayonini jonlantirgan diplomatik burilish nuqtasi aynan Toshkentda yaratildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yil 26-27-martda Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va mintaqaviy o'zaro hamjihatlik” mavzusida Afg'oniston bo'yicha yuqori darajadagi xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Yakunda Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinib, u tinch yo'l bilan tartibga solishning asosiy tamoyillarini mustahkamladi.
Konferensiyadan so'ng Vashington, Moskva va Pekin pozitsiyalari yaqinlashdi, aynan shu forumdan keyin AQSh bilan “Tolibon” o'rtasida to'g'ridan to'g'ri muzokaralar boshlanib, 2020-yil 29-fevralda Dohada bitim imzolandi. Toshkent deklaratsiyasi Afg'oniston uchun o'ziga xos “Tinchlik dasturi” vazifasini bajardi.
O'zbekiston Afg'onistonni izolyatsiya qilishga qarshi chiqib, uning tinch iqtisodiy jarayonlarga jalb etilishini yoqlamoqda. Ayni maqsadda Termizda Afg'onistonga yo'naltirilgan logistika va gumanitar xab tashkil etildi. 2025-yilda Prezidentimiz BMT minbaridan Afg'onistonni “izolyatsiya qilmaslik” zarurligini ta'kidlab, uning hududi orqali xalqaro transport va energetika yo'laklarini rivojlantirish to'g'risida rezolyutsiya qabul qilishni taklif etdi.
IV. Ilmiy-texnikaviy sheriklik
Mamlakatimiz yetakchisi raqamli tengsizlikni bartaraf etish va yangi texnologiyalarga teng kirish huquqini ta'minlashni global tinchlik va rivojlanish masalasi sifatida ko'tarib chiqmoqda. Xususan, 2025-yilda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezidentimiz sog'liqni saqlash, ta'lim va madaniyat sohalarida sun'iy intellekt yechimlari va modellari bilan beg'araz almashish bo'yicha Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratishni taklif etdi. Ushbu tashabbus davlatlar o'rtasidagi raqamli rivojlanish tafovutini kamaytirishga yo'naltirilgan.
Tashabbus BMTda sun'iy intellektni boshqarish bo'yicha Global muloqot rasman ishga tushirilgan davrga — 80-sessiyaning markaziy mavzularidan biriga to'g'ri keldi, bu uning dolzarbligi va o'z vaqtidaligini ko'rsatadi.
O'zbekiston inson kapitali va zamonaviy ko'nikmalarni rivojlantirishni ham global kun tartibiga tizimli olib chiqmoqda.
BMT sessiyasida Prezidentimiz bu borada O'zbekiston va butun mintaqa uchun Kasb-hunar ta'limi bo'yicha Jahon sammitini o'tkazishni taklif etdi.
Mintaqaviy hamkorlikni ilmiy-tahliliy jihatdan ta'minlovchi doimiy ekspertlik platformasi yaratildi. 2020-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan ta'sis etilgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti mintaqaviy sheriklik masalalarini o'rganish, qo'shma ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirish va nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb etish markaziga aylandi. Institut rasman 2021-yilgi Toshkent konferensiyasi arafasida ochildi.
V. Ijtimoiy-madaniy va gumanitar soha
Bu yo'nalishda O'zbekistonning tinchlikparvarligi bag'rikenglik, ma'rifat, yoshlar huquqlari va sivilizatsiyalararo muloqot tamoyillari orqali xalqaro huquqiy mazmun kasb etdi.
O'zbekiston tashabbusi bilan ta'lim, bag'rikenglik va e'tiqod erkinligini mustahkamlovchi maxsus rezolyutsiya rekord darajadagi qisqa muddatda va bir ovozdan qabul qilindi.
Tashabbus BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida (2017) ilgari surilgandi. 2018-yil 12-dekabrda Bosh Assambleya “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini barcha a'zo davlatlar tomonidan bir ovozdan, 50 dan ziyod davlat hammuallifligida qabul qildi. Uning asosiy maqsadi — “ta'limga umumiy kirish imkonini ta'minlash, savodsizlik va jaholatni tugatish”.
Hujjat ijrosi doirasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi, 2020-yil dekabrida AQSh Davlat departamenti O'zbekistonni diniy erkinliklar bo'yicha “maxsus kuzatuv ro'yxati”dan chiqardi.
Markaziy Osiyoda sivilizatsiyalararo muloqot va madaniy-gumanitar hamkorlikning doimiy platformasi yaratilgani ham ushbu yo'nalishdagi muhim natijalardan biri bo'ldi.
2021-yil 14-16-sentabrda Xivada “Markaziy Osiyo — jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumi o'tkazildi. Uning yakuni sifatida YUNESKO ko'magida “Xiva jarayoni” platformasi shakllantirildi, tegishli rezolyutsiya 2021-yil noyabrda YUNESKO Bosh konferentsiyasi sessiyasida bir ovozdan qabul qilindi.
Yoshlar huquqlarini global kun tartibiga olib chiqib, ushbu sohada yangi xalqaro huquqiy normalarni shakllantirishni taklif etgani ham alohida voqelik hisoblanadi.
Binobarin, 2020-yil avgustda BMT shafeligida Samarqandda yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro forum o'tkazilib, “Yoshlar 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, O'zbekiston Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya loyihasini ishlab chiqishni taklif etdi.
BMT Inson huquqlari kengashida O'zbekiston tashabbusi bilan 2021-yil oktabrida COVID-19 pandemiyasining yoshlar inson huquqlariga ta'siri to'g'risidagi rezolyutsiya qabul qilindi.
Gumanitar hamkorlik iqtisodiy va institutsional o'lchovlar bilan boyitildi. BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan 2019-yil dekabrda “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va izchil rivojlanish”, 2022-yil dekabrda esa “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar roli to'g'risida”gi rezolyutsiyalarni qabul qildi.
VI. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi
Orol fojiasi ekologik diplomatiyamizning markazida turadi. O'zbekiston mazkur muammoni bir tomonlama emas, balki xalqaro hamkorlik va innovatsiyalar orqali hal etish mafkurasini ilgari surdi. Natijada Orolbo'yi mintaqasi tarixda birinchi bo'lib BMT Bosh Assambleyasi tomonidan maxsus ekologik maqomga ega bo'ldi.
G'oya ilk bor 2018-yil 24-avgustda Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi sammitida, keyin 2019-yil 25-oktabrda Nukusdagi xalqaro konferentsiyada ilgari surildi. 2021-yil 18-mayda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi, hammualliflar soni qariyb 60 davlatni tashkil etdi.
Ayni davrda mintaqaga xalqaro yordamni birlashtiruvchi doimiy moliyaviy-rivojlanish mexanizmi yaratildi.
2018-yil 27-noyabrda BMT shafeligida Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama trast jamg'armasi ta'sis etildi. U salomatlik, iqtisodiy rivojlanish, atrof-muhit muhofazasi va ijtimoiy himoya masalalarida muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta'minlamoqda.
O'zbekiston iqlim xavflariga qarshi mintaqaviy birdamlik mexanizmini shakllantirmoqda.
BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida (2023) Prezidentimiz “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari oldida: umumiy farovonlik yo'lida birdamlik” rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi va “Markaziy Osiyo iqlim dialogi”ni ta'sis etishni ilgari surdi. Keyinchalik Samarqandda xalqaro iqlim forumi o'tkazildi.
Bundan tashqari, 2024-yil fevralda Samarqandda yana bir xalqaro anjuman — BMTning Yovvoyi tabiatning ko'chib yuruvchi turlarini saqlash konventsiyasi Tomonlarining 14-konferensiyasi (CMS COP-14) bo'lib o'tdi. Unda 2024-2032-yillarga mo'ljallangan Samarqand strategik rejasi qabul qilindi, Toshkentda Markaziy Osiyoda birinchi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) ofisi ochildi.
Xulosa
Yuqorida keltirilgan tahlil O'zbekistonning tinchlikparvarlik siyosati tasodifiy yoki deklarativ xarakterga ega emasligi, balki yaxlit, izchil va huquqiy jihatdan mustahkamlangan strategiyaga asoslanganini ko'rsatadi. Mamlakatimiz qisqa davrda mintaqaviy hamkorlik muhitini tubdan o'zgartirdi, chegara ziddiyatlari tinch yo'l bilan hal etildi, davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari kabi doimiy muloqot mexanizmlari yo'lga qo'yildi.
O'zbekiston tashabbuslarining o'ziga xosligi shundaki, ular qoidaga ko'ra, BMT, YUNESKO va ShHT kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarning rasmiy huquqiy hujjatlari — rezolyutsiya, deklaratsiya va konvensiyalarga aylantiriladi. Ma'rifat va diniy bag'rikenglik, Orolbo'yini ekologik innovatsiyalar hududi deb e'lon qilish, Markaziy va Janubiy Osiyo o'zaro bog'liqligi, Xiva jarayoni singari hujjatlar buning yorqin misolidir. Bu tashabbuslar jahon miqyosida ekspertlar va jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi.
Siyosiy muloqotdan tortib, transport yo'laklari, sun'iy intellekt, madaniy meros va ekologik diplomatiyagacha — barcha yo'nalishlarda O'zbekiston yagona mantiqqa tayanadi: barqaror tinchlik faqat o'zaro ishonch, hamkorlik va xalqaro huquq ustuvorligi orqali quriladi. Natijada Markaziy Osiyo bugungi notinch dunyoda ishonch va hamkorlikning noyob mintaqaviy modeliga, O'zbekiston esa uning ishonchli tashabbuskori va me'moriga aylanib bormoqda.
Shohruh XODJAYEV,
O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar
bo'yicha falsafa doktori