Nufuzli arjuman O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlandi.

 Mazkur konferensiya Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Fanlar akademiyasining O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan anjumanda mamlakatimizning yuridik sohaga ixtisoslashgan oliy talim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, bakalavrlar, talabalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sud va adliya tizimi xodimlari, akademik hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ochib berdi. Taniqli o‘zbek huquqshunosi «Mustaqillik va huquqshunoslik fani: natijalar va istiqbollar» mavzusidagi ma'ruzasida mamlakatimiz davlatchiligi va huquqiy tizimining shakllanishi, rivojlanishi hamda modernizatsiya qilinishi jarayonlarini ilmiy jihatdan tahlil qilishda huquqshunoslik fanining erishgan yutuqlari va dolzarb muammolarini muhokama etish alohida ahamiyatga ega ekanligiga e'tiborni qaratdi.

Bunda, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning nazariy-amaliy ahamiyatini baholash juda muhim.

Keyingi yillarda, xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 16-fevralda qabul qilingan «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni asosida huquqshunoslik sohasida yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi. O‘z navbatida, Prezidentimizning 2020-yil 29-aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida yuridik talim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni yuridik talim, huquqshunoslik fani va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Ayni shu 2020-yilning o‘zida soha rivojiga oid yana bir nechta muhim hujjatlar qabul qilingani tahsinga sazovor.

Konferensiya davomida Olimlar, huquq-tartibot idoralari vakillari, O‘zFA professorlarining maruzalari tinglandi.

Konferensiyada mustaqillik yillarida mamlakatimiz davlatchiligi va huquqiy tizimining shakllanishi, rivojlanishi va modernizatsiya qilinishi jarayonlari, huquqshunoslik fanining erishgan yutuqlari va dolzarb masalalari teran tahlil etildi. Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan islohotlarning nazariy-amaliy ahamiyati, shuningdek, yuridik ilm-fanning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.