FVB ma’lum qilishicha, 26 iyun kuni soat 09:50 atrofida Chirchiq shahrining "Do‘stlik" mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi "Bo‘zsuv" kanali qirg‘og‘ida Kamolot GES xodimlari suv oqimida oqib ketayotgan fuqaroni payqab qolgan. Ular zudlik bilan bu haqda Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.

Xabar asosida voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar suvga sho‘ng‘ib, fuqaroni qirg‘oqqa olib chiqqan.

Jabrlanuvchiga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifokorlar ixtiyoriga topshirilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi ekani bildirildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro ehtiyotsizligi oqibatida kanalga tushib ketgan. Suzishni bilmagani sababli esa kuchli suv oqimi uni oqizib ketgan.