Muloqot chogʻida iqlim oʻzgarishiga moslashish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish hamda iqlim moliyasi mablagʻlarini jalb etish masalalari koʻrib chiqildi.
Jamgʻarma bilan sheriklik aloqalari mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qoʻshma loyihalar portfeli 200 million dollardan oshdi. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga chidamli landshaftlarni yaratish boʻyicha mintaqaviy dastur maʼqullanganini olqishladi.
Mamlakatimiz moliya institutlarining fond resurslaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish imkoniyatini taʼminlash, Oʻzbekistonda iqlimga oid, shu jumladan, Orolboʻyini ekologik jihatdan tiklash hamda “yashil” shaharlarni rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli investitsiya dasturini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida sheriklikni mustahkamlash va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.