Maqolamiz qahramoni Karomat Ahmadqulovaning esa ikkala qoʻli yoʻq, birinchi guruh nogironi. Ammo u imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, otayotgan har bir tongini yangi imkoniyat, oʻtayotgan kunlarini bebaho neʼmat deb biladi. Sevimli mashgʻuloti – rangin va hayotbaxsh suratlarini oyoqlari yordamida chizadi.

Aslida, bu dunyo barchamiz uchun sinov. Unda qanday iz qoldirib oʻtish har kimning oʻz qoʻlida. Nogiron boʻlsa-da, umr gulshanida borligiga shukr qilib yashayotganlar ham, toʻrt muchasi sogʻ boʻlsa-da, hayotidan nolib, oʻz oʻrnini topa olmay yurganlar uchun ham maqola qahramonining hayoti koʻzgu boʻlsa, ajab emas.

Oʻshanda u 18 yosh edi

Saodatli va yorugʻ kunlarga ishonch bilan qadam tashlayotgan 23 yoshli Karomatning noyob isteʼdodi, matonati va mehnatsevarligi haqida koʻpchilikka ibrat boʻladigan maqola yozishni ancha avval koʻnglimga tukkan edim. Oʻshanda u 18 yoshda edi. Bundan 5-yil ilgari tahririyat topshirigʻi asosida ijodiy jamoamiz bilan Sirdaryo viloyatida xizmat safarida boʻldik. Bir qancha iqtidorli yoshlarni va munosib qahramonlarni kashf etdik, tahririyatga qaytgach, ular haqida maqolalar eʼlon qildik. Ammo Xovos tumanida istiqomat qiluvchi rassom Karomat Ahmadqulova haqida hech narsa yoza olmadim.

Har safar kompyuter qarshisiga oʻtirib, nimadir qoralamoqchi boʻlardim-u, koʻz oʻngimdan oyoqchalari bilan rasm chizayotgan xushsurat qizning goʻzal va quvnoq siyrati ortiga yashiringan mungli chehrasi gavdalanib, soʻzlarimni poyoniga yetkaza olmasdim...

Garchi ikkala qoʻli boʻlmasa-da, chizgilarida hayotga muhabbat, yashashga intilish va orzularga ishonch mujassam edi. Suratlarida faqat ranglar uygʻunligini emas, balki uning qalb nidosini, sabr va shukronalik ifodasi boʻlmish goʻzal akslarni rangin boʻyoqlarda his qilish unchalik ham qiyin boʻlmagan. Shunda tushunganmanki, rassomlik uning uchun oddiy mashgʻulot emas, balki hayot mazmuniga aylangan goʻzal bir olam.

Karomat Ahmadqulova bugun nafaqat tengdoshlari, balki koʻplab insonlar uchun ruhiy kuch manbai, hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga undaydigan ibrat namunasiga aylangan. U bilan suhbatlashganimda soʻzlarida hech qanday shikoyat yoki afsusni sezmaganman.

Aksincha, har bir gapida shukronalik, kelajakka ishonch va yangi marralarni zabt etishga intilish aks etardi. Hozir ham orzulari sari qatʼiyat bilan odimlab bormoqda.

Ijodi orqali oʻzi kabi imkoniyati cheklangan odamlarni hayotni qadrlashga undab, inson irodasi chekinmasligini isbotlab kelmoqda. Karomat singari insonlarning hayoti biz uchun nafaqat ibrat, balki ruhiy uygʻonishga chorlovdir, balki.

Dastlab qoʻlsiz odam qanday qilib rassomlik qila oladi, bu lof emasmikan deb oʻylaganman. U bilan uchrashganimdan soʻng, garchi ikki qoʻlidan mosuvo boʻlsa-da, oyoq barmoqlari bilan suratlar chizayotgan yoshgina qizning yashashga intilishini, muhabbatini koʻrib, oʻz xayolimdan uyalganman, balki shu uchun ham maqolam yillar davomida ortga surilgandir.

Oʻsha vaqtda qoʻlimdan kelgan yagona ish — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuridinovning oldiga borib, Karomatning noyob isteʼdodi, chizgan suratlari, koʻmakka muhtojligi va nochor ahvoli haqida soʻzlab, unga ­eʼtibor qaratish lozimligi haqida xabar berdim.

Soʻzlarim yerda qolmadi, oz fursat oʻtmay, Karomatning onasi Dilorom Julbekova qoʻngʻiroq qilib, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi tahririyati jamoasini uzoq duo qildi.

— Opa, uyimizga qizimni koʻrgani mashhur rassomlar keldi, ular olishga qurbimiz yetmayotgan rassomlik ashyolarini sovgʻa qildi. Bolaginamning ijodini maqtab, uni ruhlantirib, chizgan suratlarini ham olib ketishdi, endi tez-tez xabar olib, ijodi bilan alohida shugʻullanishar ekan, sizdan va tahririyatingiz jamoasidan minnatdorman, rahmat sizlarga, — deya koʻngli toʻlib yigʻladi.

Karomat bilan yillar davomida qoʻngʻiroqlashib, hol soʻrab turdim. Jurnalist xalqi xohlasa, oʻn qogʻoz maqolani bir soatda yoza oladi, ammo baʼzan oʻzi xohlasa-da, uch qogʻoz maqolani yillar davomida ham koʻngildagidek qilib qoralay olmaydi. Yaqinda Karomat bilan yana qoʻngʻiroqlashdim. U menga mustaqilligimizning 35-yilligiga bagʻishlab yangi asar yaratayotgani va bu asar istiqlolning shonli sanasiga yurakdan mehrini qoʻshib chizgan sovgʻasi ekanini aytdi.

Bu mening qismatim

— Qoʻlsiz tugʻilganim qora qismat, Yaratgan menga chizish baxtini bergani esa eng ulugʻ neʼmat. Ayni kunlarda yangi asar ustida ishlayapman. Bu mustaqillik toʻyiga kichik boʻlsa-da, toʻyonam. Rostini aytsam, soʻnggi yillardagi islohotlar boʻlmaganida men kabi yoshlarga bunchalik eʼtibor, gʻamxoʻrlik va shart-sharoitlar yaratilarmidi?

Koʻmakka muhtoj insonlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik tufayli hayotimga yangi imkoniyatlar kirib keldi. Yurtimizdagi yangilanishlar bois, mutasaddilar tez-tez holimdan xabar olib turadi, bayramlarda yoʻqlab keladi.

2022-yilda “Maftunkor ranglar dun­yosi” tanlovining tuman, viloyat, respublika bosqichida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdim. Yaratilgan sharoitlardan foydalanib, 2023-yilda Guliston davlat universiteti sanʼatshunoslik fakultetiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindim.

2025-yilda “Mening ijodim, mening parvozim” nomli shaxsiy koʻrgazmam tashkil etildi. Oʻtgan yili respublika tasviriy va amaliy sanʼat haftaligida faol ishtirokim uchun kumush medalga sazovor boʻldim, “Eng yaxshi asar” nominatsiyasi boʻyicha faxrli oʻrinni qoʻlga kiritib, birinchi darajali diplom bilan taqdirlandim.

Xovos tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan oʻtkazilgan “Sen kuchlisan” xayriya koʻrgazmasidagi ishtirokim ham besamar ketmadi. Maxsus tashakkurnoma va sovgʻalarga muyassar boʻldim. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan oʻtkazilgan auksionlarda faol ishtirok etib kelyapman.

Eng asosiysi, 2025-yilda Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan Mirzaobod tumanidan barcha sharoitlari bor ikki xonali uy berildi. Oʻz boshpanam boʻlishi bolaligimdagi orzum edi. Ayniqsa, bu xabar ota-onam uchun kutilmagan yangilik boʻldi. Opalarim va singlim turmushga chiqqan, onam menga qarab turadi.

Tumanimiz mutasaddilari “Karomat, oʻqishni tugatgach, biz bilan ishlaysan. Sen kabi iqtidorli rassom jamiyatga juda kerak”, deya doim ragʻbatlantirib turadi. Bu soʻzlar menga katta kuch bagʻishlaydi, koʻnglimni togʻdek koʻtaradi. Shu bois, kelajakka ishonchim mustahkam.

Oʻqishni tugatgach, ish topish borasida xavotirim yoʻq. Qolaversa, nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan taʼminlayotgan tashkilotlarga turli imtiyozlar berilmoqda. Bu esa imkoniyati cheklangan yoshlarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, oʻz oʻrnini topishi uchun yanada keng sharoitlar yaratyapti.

Ushalmas orzularini qogʻozga koʻchirib kelayotgan men kabi qizga bunchalik eʼtibor qaratilishi xayolimga ham kelmagan. Davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan bu gʻamxoʻrlikka munosib boʻlishga harakat qilaman.

* * *

Toʻrt farzandning oʻrtanchasi Karomatning nogiron boʻlib tugʻilganidan ota-onasi koʻp iztirob chekdi. Ayniqsa, otasi Qahramon bor alamini ichiga yutdi. Roʻzgʻordagi yetishmovchiliklarni bartaraf etish va 4 farzandini kam-koʻstsiz voyaga yetkazish maqsadida sovuq oʻlkalarda yillab ogʻir mehnat qildi. Yurtimizda kechayotgan oʻzgarishlar ularning xonadoniga ham dorilamon kunlar shabadasini olib kirdi.

Yosh musavvirning bugungi yutuqlarida, shubhasiz, onasining oʻrni beqiyos. U bilan suhbat chogʻida farzandining muvaffaqiyatlaridan faxr tuygʻusi bilan birga oʻtmishdagi ogʻir kunlarning izlari ham sezilib turdi.

— Baʼzilar bu dunyoda haqiqat yoʻq deb oʻylaydi. Hammasi qogʻozda, quruq gap deyishadi. Bir vaqtlar men ham shunday xayolga borganman. Yuragim kuyib, dilim iztirobga toʻlgan vaqtlar, nahotki, bolaginamning qoʻlsizligi tufayli Xudo bergan qobiliyatini bandasi koʻrmasa deya bagʻrim oʻrtanardi. Esini taniganidan buyon oyoqchalaridan qogʻoz va qalam tushmaydigan qizimning chizgan suratlariga nigoh tashlar ekanman, shunday isteʼdod uvol boʻladimi, uning samarasi yuzaga chiqmaydimi, bolamning iqtidori soʻnib ketadimi deb yigʻlagan kunlarim koʻp boʻlgan, — deydi Karomatning onasi Dilorom. — Allohga shukrki, dorilamon kunlar shabadasi tufayli menga oʻxshagan onalar bagʻriga shamol tegdi, farzandlarimizning yutuqlarini koʻrishga muvaffaq boʻldik. Davlat bolamni beminnat oʻqityapti, boshpanali qildi, yarim koʻngli bilan oʻzini yolgʻiz qoldirmadi. Qoʻllari boʻlmasa-da, unga suyanch boʻladigan Vatani, gʻamxoʻr davlati bor. Shuning oʻzi men uchun katta tasalli.

Ha, diyorimizda kechayotgan ulkan oʻzgarishlar inson qadrining yuksak darajada qadr topishi asnosida yanada maftunkor koʻrinadi. Aslida, har bir fuqarosiga cheksiz eʼtibor va yuksak hurmat bilan qaraladigan goʻzal yurtda yashashning oʻzi buyuk baxt...

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri