Bu yaratuvchanlikni insoniyat va Vatanimiz tarixi sahifalariga hech mubolagʻasiz, faxr bilan ASR VOQEASI sifatida qayd etish mumkin.

Qariyb toʻqqiz yil davom etgan mashaqqatli, ammo sharafli mehnat, izlanish va fidoyilik samarasi oʻlaroq, mamlakatimiz yetakchisining tashabbusi va alohida eʼtibori bilan yurtimiz osmoni ostida yana bir buyuk maʼrifat maskani — Islom sivilizatsiyasi markazi qad rostladi. Islom sivilizatsiyasi markazi... Ha, bir marta, faqat bir marta bu maskanni ziyorat qilgan insonning yuragida Vatan uygʻonadi, millat uygʻonadi, hayrat va iftixor tuygʻulari joʻsh uradi.

Toshkentning tabarruk goʻshasida, Hazrati Imom majmuasi bagʻrida joylashgan bu maskan nafaqat mahobati, balki mohiyati bilan ham ulkandir. Uning bir nigohda koʻzga sigʻmaydigan hududi, koʻkka yondosh va qarindosh gumbazi hamda nihoyatda mukammal ishlangan shakli, buyuk bobolarimiz aytib ketganlaridek, millatimiz qudratidan soʻzlab turadi. Nazarimizda, bu yerga qadam qoʻygan kishi oʻzidan, oʻzining kundalik oddiy hayotidan uzoqlashadi. Goʻyo vujudiga nomini dafʼatan anglay olmagan qandaydir qudrat quyilib kelayotgandek boʻladi. Quyi qavatda kishi oʻzini umidlar ostonasida turgandek his qiladi. Yuqoriga koʻtarilgani sari qalbidagi qudrat yanada kuchli sezila boshlaydi. Muzey zallariga fayz bagʻishlab turgan nodir meroslar goʻyo har nafasda: “Biz sening ildizingmiz”, deb shivirlayotgandek tuyuladi. Har bir ashyo, har bir bitikka inson faqat koʻzi bilan emas, balki yuragi bilan ham bogʻlanib qoladi. Muhtasham kutubxonaning oʻzi esa bu moʻjizaviy olamdagi yana bir muazzam dunyodir. Kutubxonaning asosiy boyligi boʻlgan minglab kitoblar va elektron manbalar ajdodlarimizning tafakkur qudrati naqadar salmoqli ekanini namoyon etadi. “Bizning millat sifatidagi qudratimiz faqat mehnatkashligimizdagina emas, balki maʼnaviyatimiz va maʼrifatimizdadir...”. Azaldan tafakkurimizda yashab kelgan bu fikr kutubxonada ming chandon mustahkamlanadi. Markaz devorlariga naqshlangan muqaddas oyatlar va hadislardan qalblarga nur inadi. Ular oʻqiganlarni ezgulikka, bagʻrikenglikka, halollikka va yuksak insoniy tuygʻular bilan yashashga chorlovchi donishmand muallimlardir. Har bir naqsh, har bir yozuvning oʻzi benazir ustoz.

Ulugʻbek portali sayohatchilar uchun goʻyo ilm olamining muazzam darvozasiday tuyuladi. Samarqanddagi Registon maydoni va Ulugʻbek madrasasi anʼanalari bilan uygʻunlashgan bu darvoza sayyohlarni uzun tasavvur yoʻllari orqali bir paytlar dunyo tamaddunini yuksaltirgan maʼrifat olamiga yetaklaydi. Peshtoqda bitilgan “Oʻqi” degan muborak oyat esa barcha zamon va toʻfonlardan omon oʻtib kelayotgan eʼtiqodimizning oʻlmas timsolidek namoyon boʻladi.

Bu mahobatli zalga qadam qoʻygan inson oʻzini asrlar qaʼriga olib boruvchi sirli dargohda turganday his etadi. Naqshinkor eshiklarda yillar davomida sayqallanib borgan va vaqt sinoviga bardosh bergan oʻzbek hunarmandchiligining nozik didi hamda yuksak mahorati aks etadi. Zal atrofini qurshab turgan ravoqlar shunchaki meʼmoriy elementlar emas, balki har biri bir tarix, bir taqdir va bir davrning shakllarga muhrlangan nafasidir. Ularni kuzatar ekansiz, rangtasvirlar orqali oʻtmishimizga buyuklik maqomini baxsh etgan allomalarimiz va boshqa tarixiy shaxslar tasavvurimiz koʻzgusida gavdalanadi. Ularning unutilmas siymosi, kitob, ilm va boshqa shakllarda qoldirgan merosi goʻyo bizga yana bir bor topshirilayotganday oʻzimizni burchli his qilamiz.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari goʻyo bir-biriga qoʻl uzatganday. Bu yerda tafakkur osmonimizning yulduzlari — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi allomalarning siymosi nur sochib turadi. Ularning nigohidagi donishmandlik, insoniyatga haroratli mehr va yuksak ruh bizni bu buyuk ajdodlarimiz bilan faqat jonimiz va qonimizgagina ayon boʻlgan koʻrinmas rishtalar orqali yanada mahkam bogʻlaydi. Muhammad Xorazmiy goʻyo raqamlar tilida yashash qoidalari va rivojlanish omillaridan saboq berayotgandek tuyuladi. Uning algebraga asos solgan tafakkuri bugun ham taraqqiyotni boshqarib turibdi. Ahmad Fargʻoniy bobomizning tafakkur kuchi nafaqat ona zaminimiz, balki butun Sharq uchun xizmat qilgan. Dehqonchilik ham uning ilmga asoslangan tavsiyalari bilan rivoj topgan. Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi allomalarimizning ilmiy zahmati hosilasi boʻlgan bu bebaho meros islom olami uchun dono mudarris vazifasini oʻtaydi. Abu Ali ibn Sino nafaqat tabib, balki ulugʻ mutafakkir hamdir. Uning asarlari inson vujudi va ruhining bir butunligini uqtiruvchi va bunga ishontiruvchi muhim manba sifatida namoyon boʻladi. Shon-sharaf zalida inson faqat tomoshabin boʻlib qolmaydi. U bu yerda buyuklik, sabr, ilm va inson aqlining cheksiz imkoniyatlariga guvoh boʻladi.

Alloma Abu Rayhon Beruniy siymosi goʻyo koinot sirlari haqida pichirlab turganday. U oddiy asboblar bilan Yerning oʻlchamini aniqlab, cheksizlikni anglashga intilgan inson tafakkurining ramzi sifatida namoyon boʻladi. Uning qarashlarida zahmatga bardosh bergan iroda, qiyinchiliklardan gʻolib kelgan matonat mujassam. Yonida esa Jaloliddin Mangu­berdi — jasorat va or-nomus timsoli. Uning qiyofasida beqiyos shiddat, qorachiqlarida esa ozodlik uchun yongan olov bor. U tarixda faqat jangchi sifatida emas, balki Vatanga sadoqat va millat hurligi uchun kurashning tirik namunasi sifatida abadiy qolgan. Muzeyga muhtashamlik baxsh etib turgan yana bir betimsol siymo bor: bu Sohibqiron Amir Temurdir. Uning qiyofasida kuchli sarkardalarga xos salobat va jasorat, nigohida esa buyuk davlat barpo etish maqsadi bilan bogʻliq dovyuraklik aks etadi. U barpo etgan imperiya faqat keng hududlar bilan emas, balki adolat, qatʼiy tartib va ilm bilan ham mustahkamlangan edi.

Zal ravoqlaridagi yana bir nozik, ammo teran maʼnaviy olam — tasavvuf ruhi inson qalbini osoyishtalik olamiga olib kiradi. U ziyoratchi qalbini abadiyat va oʻtkinchilik, fano va baqo haqidagi teran fikrlarga tutashtiradi. Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy va Najmiddin Kubro kabi mutasavviflarning ilmga tayanib chizgan ruhiy yoʻllari orqali inson qalbini poklash va ruhini yuksaltirish kabi pokiza tasavvur olamlariga kirib boriladi. Ular soʻz bilan emas, qalb bilan taʼlim bergan buyuklar edi.

Yuqorida esa yulduzlar tilini anglagan ulugʻ zot — Mirzo Ulugʻbek siymosi namoyon boʻladi. U barpo etgan rasadxona va tuzgan jadvallar goʻyo osmon bilan yer oʻrtasidagi sirli bogʻliqlik kalitidek tuyuladi. Uning ilmi millat va xalq tafakkuri yuksalishi yoʻlida hech qachon tanaffus qilmay, toliqmay va jonnisorlik bilan xizmat qiluvchi sadoqatli ilmdir. Qalam va qilichni birlashtira olgan zot — Zahiriddin Muhammad Bobur qiyofasini men ziyoratgohdagi yana bir ziyoratgoh deb taʼriflagim keladi. Uning siymosida sogʻinchga tobe boʻlmagan kuchli iroda aks etgan. “Boburnoma” sahifalari goʻyo uning hech kimnikiga oʻxshamagan iztirobli kechinmalari, barcha yonishi, tavallo va intizorliklarini bagʻrida avaylab, bugungacha olib kelganday. Markazga ziyo bagʻishlab, zaldan zalga oʻtayotgan maʼrifat karvonini gʻazal mulki sultoni Alisher Navoiy siymosisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. U soʻzga jon bergan, tilga qanot baxsh etgan buyuk bobomizdir. Uning ijodida nafaqat sheʼriyat, balki butun turkiy millatning ruhi mujassam.

Zalda ogʻir, ammo sharafli bir sukut bor — bu jadidlar sukuti. Ular ilm, maʼrifat va ozodlik uchun kurashgan, ammo zamon va tuzum shafqatsizligi, istibdod zulmi qurboniga aylangan buyuk ziyolilardir. Ularning nigohida hurlik orzusi, yuzida — qatʼiyat, taqdirida esa fidoyilik mujassam. Bu suratlar shunchaki chizilmagan, ular his qilingan. Oʻzbekiston xalq rassomi Alisher Aliqulov boshchiligidagi ijodkorlar bu chizgilarga jon bagʻishlagan. Har bir chiziqda mehnat, har bir rangda fikr mujassam.

Sayohat davom etadi. Markazning qoq yuragida shunday maskan bor, unga qadam qoʻygan insonning odimi beixtiyor sekinlashadi, iloji boricha sokin boʻlgisi keladi. Bu — Qurʼoni karim zali. Zal markazida esa butun islom olamining bebaho maʼnaviy durdonasi — VII asrda qoʻlda koʻchirilgan mashhur Usmon Musʼhafi turibdi. Uning sukutida asrlar ovozi mujassam. Hazrati Usmon ibn Affon davrida muqaddas Qurʼonni asrab qolish va yagona shaklga keltirish maqsadida olti nusxada koʻchirilgan. Bu nusxalar islom dunyosining turli hududiga tarqatildi. Ammo ulardan biri, eng azizi xalifaning oʻzida qoldi. U bu musʼhafni nafaqat saqladi, balki uning ruhi bilan yashadi. Uni doim mutolaa qildi, undan nur oldi. Lekin vaqt oʻtib, taqdirning ogʻir sinovlariga duchor boʻldi. 656-yili Madinada isyon koʻtarildi va isyonchilar Xalifa Usmonning uyiga bostirib kirdi. Aynan shu paytda u Qurʼon tilovat qilayotgan edi. Shu vaqtda isyonchilar xalifani qilich bilan yaralab, halok qildi. Hazrati Usmonning muborak qoni aynan oʻsha kitobga sachradi. Bu voqea tarixda oʻchmas iz qoldirdi. Xalifaning qoni aynan oʻzi mutolaa qilayotgan musʼhaf sahifalariga tomdi. Bu islom tarixidagi oddiy voqea emas, balki ilohiy kalomga sadoqat va iymon yoʻlidagi qurbonlikning abadiy ramzi edi. Bugun siz koʻrib turgan musʼhafda ham ana shu qon dogʻlari saqlanib qolgan. Ular — tarix guvohi, sukut ichidagi buyuk haqiqatdir. Bu haqiqatlarni eshitib, asrlar davomida qanchadan qancha insonning qorachigʻida yosh halqalangan boʻlsa, ayni damda ham ziyoratchilar bu tarixni koʻzida yosh bilan tinglamoqda.

Markazdagi devorlarni shunchaki devor deb ataging kelmaydi. Chunki ular — vaqtning oʻzginasi. U — oʻtmishdan kelajakka choʻzilgan 250 metrli xotira yoʻli. Bu devor oldidan oʻtgan inson shunchaki yurmaydi, balki vaqt boʻylab sayohat qiladi. Chunki bu yerda 3000-yillik davlatchilik tarixi jonlanadi. Miniatyuralar va mahobatli rangtasvirlar orqali oʻtmish goʻyo qadam tashlab, bugunga kelib qolgandek boʻladi. Devor boʻylab joylashgan eksponatlar, qadimiy tangalar, xaritalar va interaktiv namoyishlar esa bu sayohatga jon bagʻishlab, taʼsirchanligini oshiradi. Bu yoʻl eng qadimgi manbadan boshlanadi. Islomdan avvalgi davr — yillar osha gurkirab ketgan insoniyat daraxtining ildizlari, madaniyatning ilk nafasi. Bu yerda Baqtriya, Xorazm, Soʻgʻd, Choch va Fargʻona kabi qadimiy oʻlkalar oʻtmishdagi hayotini koʻz oʻngimizda yana bir bor yashab oʻtayotganday tuyuladi. Qadimgi savdo yoʻllari esa taqdirlarni quyosh tarafga yetaklab ketayotgan koʻrinmas iplardek tasvirlanadi.

Navoiy viloyati zaminidagi Sarmishsoy qoyatosh suratlari inson xotirasining eng qadimgi sahifalaridir. 8-10 ming yillik tarixga ega bu petrogliflar goʻyo toshga muhr­langan hayotdir. Bu yerda minglab tasvirlar — ov, yashash uchun kurash va iroda kuchining turfa koʻrinishlari aks etgan. Ular garchi sadosiz boʻlsa-da, bu sassizlik ichida “biz ham bor edik” degan kuchli hayqiriq yashirindek. Koʻzlarimiz kutilmagan yana bir hayrat bilan toʻqnashadi. Qadimiy bugʻu haykalchasi. Uch ming yillik tarixga ega bu bronza asar nafaqat betakror hunarmandchilik namunasi, balki inson qalbida bugun emas, balki azaldan mavjud boʻlgan goʻzallik tuygʻusining nishonidir. Undagi nafislik goʻyo zamonlarga boʻy bermasdan tirik qolgan. Bugʻu timsoli esa turkiy xalqlar uchun azaldan hayot davomiyligi va avlodlar uzviyligining ramzi boʻlib kelgan. Bu obraz hatto adabiyotda ham yashaydi — Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asaridagi Ona bugʻu singari.

Ajdodlarimizning turmush tarzi, mehnat manzaralari, orzulari va kurashlari turli videolavhalar orqali jonlanadi. Qadimgi shaharlar, hunarmandchilik, yozuv va sanʼat — barchasi yaxlitlik kasb etadi. Har bir chizgi katta bir xalq tarixining ajralmas parchasi boʻlib koʻrinadi. Bu devorda ozodlik uchun kurash ham bor. Qadim manbalarda tilga olingan Toʻmaris, Shiroq va Spitamen kabi qahramonlarning jasorati zamonlar osha oʻchmagan olov kabi qalblarga harorat beradi. Vaqt devori oldida inson bir ulugʻ haqiqatni anglab yetadi: biz faqat bugundan iborat emasmiz, balki ming yillar davomida shakllangan xotira, iroda va buyuk ruh merosimiz.

Sayohat yana davom etadi va biz yana bir buyuk zaminga qadam qoʻyamiz. Bu — Qadimgi Xorazm. U — sivilizatsiya gulxanining ilk uchqunlari sachragan makon. Dunyodagi eng qadimiy madaniy markazlardan biri sifatida tarix va bugun oʻzining munosib oʻrniga ega. Bu yerda ilk shaharlar qad rostlagan, ilk yozuvlar paydo boʻlgan. Inson oʻz tarixini yoza boshlagan. Qadimiy qalʼalar esa tarixning turfa koʻrinishlarda yashab kelayotgan sodiq qoʻriqchilaridek qad rostlab turibdi.
Xorazm — yer bilan suhbat qurgan zamin. Bu yerda inson suvni boshqarishni oʻrgangan, Amudaryodan suv chiqarib, qaqragan yerga hayot baxsh etgan. Dehqonchilik faqat kasb emas, balki tiriklik manbai boʻlgan. Bu zalda yana bir muqaddas
manba — “Avesto” sahifalari ham aks ettirilgan. Zardushtiylik ruhi, qadimgi shaharlar maketi, ossuariylar — bularning barchasi insonning hayot va oʻlim haqidagi tushunchalarini yanada boyitib, teranlashtirib boradi. Rivoyatlarga koʻra, Zardusht ham aynan shu zaminda tugʻilgan…

Ekspozitsiyada temuriy malikalar — Saroymulkxonim, Gavharshodbegim singari tarixiy shaxslarning er kishilar qatorida maskanga fayz baxsh etib turishi “Ayol — zaifa” qabilidagi biryoqlama qarashlar ustidan chiziq tortadi. Bu manzara yurtimizda ayol va ona maqomi hamisha baland boʻlganini yaqqol dalillaydi. Ekspozitsiyaning muhim jihati — u Ikkinchi Renessansdan keyingi davrni uzilish emas, balki davomiylik sifatida talqin qiladi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Qoʻqon shaharlaridagi meʼmoriy obidalar, oʻziga xos adabiy muhit va ilm-fan anʼanalari bu tarixiy jarayonning uzluksizligini taʼminlab kelgan. Xususan, Qoʻqonda shakllangan adabiy muhit, Amir Umarxon davrida ijod qilgan Nodira, Uvaysiy, Dilshodi Barno kabi shoiralar, Xivada Muhammad Rahimxon va Islomxoʻja kabi islohotchi arboblar faoliyati bu davrni faqat siyosiy emas, balki madaniy-maʼrifiy jarayon sifatida baholashga asos beradi. Shuningdek, ekspozitsiyada Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari vakillari — Maxtumquli, Fuzuliy, Abay, Toqtogʻul, Sadriddin Ayniy, Ajiniyoz kabi mutafakkirlar merosining ham qamrab olinishi xalqimizga xos bagʻrikenglik fazilatini yaqqol namoyon etadi. Bu esa zaminimizda “doʻst” va “qardosh” tushunchalari hamisha alohida qadrga ega boʻlgani, shuningdek, bu tushuncha davrlar oʻtishi bilan birga ulgʻayib borganini tasdiqlaydi.

“Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans” ekspozitsiyasi ushbu tarixiy davomiylikning mantiqiy yakuni sifatida namoyon boʻladi. Bu yerda mamlakatimizda soʻnggi yillardagi islohotlar — iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, taʼlim va madaniyat sohalaridagi oʻzgarishlar yaxlit tizim sifatida koʻrsatiladi. Barcha jarayonni birlashtiruvchi asosiy gʻoya esa inson qadrini yuksaltirishdir. Oʻtmishi buyuk millatni porloq kelajak sari boshlashdek ulugʻ maqsad yoʻlida erishilayotgan hayratomuz muvaffaqiyatlar oʻtmishdan va shonli tarixdan kuch olib chiqqan sayyohning koʻz oʻngida yangi orzu ufqlarini ochadi. Ayniqsa, bu sayyoh mana shu markazda mujassam boʻlgan shonli tarix va bugunning farzandi, uning ajralmas bir parchasi boʻlsa, koʻksida oʻzidan-da kuchli, oʻzidan-da maqsadi ulkan va oʻzidan-da orzulari yorqin butunlay boshqa bir yurak uygʻonadi.

Millatning buyuk farzandlari faqat oʻzlari yashagan davrdagina emas, balki oʻzlaridan keyin ham butun insoniyatni yaxshiliklar atrofida birlashtiradi degan fikrni koʻp eshitganmiz. Tarixda va bugunimizda millatimizga kuch-qudrat, faxr va iftixor baxsh etib kelgan ulugʻlar jam boʻlgan bu buyuklik maskani ham nafaqat Vatanimiz — Oʻzbekistonning, balki ezgulikka intiluvchi butun insoniyat uchun yaxshilik mehvari boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Munavvara USMONOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi