Zamonning talabi shunday

Prezidentimizning 2026-yil 10-apreldagi “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni oliy taʼlim, fan va innovatsiya­lar tizimini rivojlantirishda mutlaqo yangi sahifani ochib berdi.

Mohiyatiga koʻra, farmon mamlakatimizning intellektual salohiyatini shakl­lantirishga qaratilgan strategik “yoʻl xaritasi”. Uni sinchiklab oʻrganar ekanmiz, faqat alohida chora-tadbirlar emas, balki yaxlit tizimli yondashuv, aniq maqsad va chuqur oʻylangan istiqbol mujassam ekanini koʻramiz. Hujjatda ifodalangan gʻoya oddiy emas, bilimga, ilmga va innovatsiyaga tayangan taraqqiyot falsafasidir. Bugun dunyoda raqobat kuchayib borayotgan bir payt­da bilim va intellekt asosiy ustunlik omiliga aylanmoqda. Shunday sharoitda mazkur farmon orqali ilgari surilayotgan yondashuv mamlakatimizni aynan ilm-fan va innovatsiyalar orqali global taraqqiyot poygasida munosib oʻrin egallashga olib chiqadigan qatʼiy siyosiy irodaning ifodasi. Yana bir jihati, bu hujjat faqat ishtirokni emas, masʼuliyatni ham talab qiladi.

“5T” — taraqqiyotning yangi formulasi

Hozirgi globallashuv va keskin raqobat sharoitida oddiy yondashuvlar bilan natijaga erishib boʻlmaydi. Zamonaviy taraqqiyot murakkab, tizimli va chuqur oʻylangan yondashuvni talab qiladi. Shu maʼnoda, farmonda ilgari surilgan “5T” tamoyili yangi davrning aniq amaliy formulasi sifatida namoyon boʻladi. Bu tamoyil mohiyatiga eʼtibor bersak, u oliy taʼlim tizimiga mutlaqo yangicha mazmun yuklaydi. Endi oʻqitish jarayoni faqat auditoriya bilan chegaralanmaydi, tarbiya esa faqat maʼnaviy tushuncha doirasida qolmaydi. Tadqiqotlar qogʻozlarda emas, real natijalarda aks etishi, ilmiy ishlanmalar esa iqtisodiy qiymatga aylanishi zarur. Shu bois, bugun oliy taʼlim muassasalariga nisbatan talab ham keskin oʻzgarib bormoqda. Ular endi bilim beruvchi maskan emas, balki yangi gʻoyalar tugʻiladigan ilmiy makon, innovatsiyalar shakllanadigan markaz, iqtisodiy rivojlanishni harakatga keltiradigan kuchga aylanishi shart.

Bu oʻzgarishlar tasodifiy emas, balki zamon talabi. Chunki bugun dunyoda faqat bilimga ega boʻlish yetarli emas, uni yaratish, rivojlantirish va amaliy natijaga aylantirish muhim. Albatta, bunday yuksak maqsadlar oʻz-oʻzidan amalga oshmaydi. Bu, avvalo, inson omiliga — professor-oʻqituvchi va talabaga bogʻliq. Endi pedagogdan ilmiy yetakchilik, innovatsion fikrlash va tashabbuskorlik, talabadan esa izlanayotgan, savol berayotgan, yangilik yaratayotgan shaxs boʻlish talab etiladi. Shu maʼnoda, “5T” tamoyili kundalik faoliyat mezoni, ishning sifat koʻrsatkichi, kelajakka ­masʼuliyat ifodasidir.

Yangi davr flagmanlari

Zamonaviy global raqobat sharoitida taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi ilm-fan va innovatsiyadir. Aynan shu haqiqatdan kelib chiqib, farmonda belgilangan eng yetakchi oʻnta milliy tadqiqot universitetini shakllantirish tashabbusi strategik ahamiyatga ega. Bu tashabbusni oddiy strukturaviy oʻzgarish sifatida qabul qilish xato. Chunki u oliy taʼlim tizimining ichki mohiyatini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan chuqur konseptual yondashuvdir. Endi universitetlar bilim berishdan tashqari, ilmiy tafakkur markazi, innovatsion gʻoyalar inkubatori va iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayveriga aylanishi zarur. Eng ilgʻor milliy tadqiqot universitetlari oʻntaligiga kiruvchi OTMlar kelajakni shakllantiruvchi intellektual maydonlar boʻlishi kerak. Bu muassasalarda fundamental va amaliy tadqiqotlar uygʻunlashadi, ilmiy ishlanmalar ishlab chiqarish bilan integra­siyalashadi. Yangi texnologiyalar yaratilib, tijoriylashtiriladi. Eng muhimi, bu universitetlar mamlakatimizning global ilmiy maydondagi nufuzini belgilovchi asosiy ustunlarga aylanishi lozim.

Bir haqiqatni aniq anglab olishimiz zarur: agar universitet ilmiy markazga aylanmasa, kelajakni belgilovchi kuchga ham aylana olmaydi. Universitet faqat auditoriya va diplom emas, yangi gʻoya, yangi tafakkur va yangi texnologiya yaratiladigan maskandir. Shu nuqtayi nazardan, ilmiy klasterlar tashkil etilishi ham nihoyatda muhim tashabbus boʻldi.

Ushbu klasterlar orqali universitet, ilmiy markaz va sanoat oʻrtasida uzviy aloqalar shakllanadi, natijalar tezkorlik bilan amaliyotga joriy etiladi, yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Bu esa, oʻz navbatida, ilm-fanni qogʻozdagi natijadan haqiqiy iqtisodiy kuchga aylantiradi.

Bugun biz tarixiy imkoniyat qarshisidamiz. Agar ushbu tashabbuslarni chuqur anglab, amaliy natijaga aylantira olsak, milliy tadqiqot universitetlari faqat mamlakatimizning emas, balki mintaqaning ilmiy va innovatsion markazlariga aylanishi shubhasiz. Aks holda, eng toʻgʻri gʻoya ham amaliyotga tatbiq etilmasa, oʻz kuchini yoʻqotadi. Shu bois, bugun bizdan talab qilinadigan narsa aniq: tashabbus, masʼuliyat va natija.

 

Raqobat, sifat va adolatli baholash

Zamonaviy taraqqiyotning eng muhim talabi adolatli baholash va sogʻlom raqobat muhitidir. Qayerda adolatli mezon ustuvor boʻlsa, aynan oʻsha yerda sifat shakl­lanadi, rivojlanish jadallashadi, ­tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanadi. Farmonda nazarda tutilgan milliy reyting tizimining joriy etilishi oliy taʼlimni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan muhim omil sifatida namoyon boʻladi. Bu tizim har bir oliy taʼlim muassasasining haqiqiy salohiyati, natijasi va jamiyatga qoʻshayotgan hissasini ochiq va shaffof mezonlar asosida aniqlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu orqali tizimda yillar davomida shakllanib qolgan sunʼiy koʻrsatkichlar, rasmiyatchilik va formal yondashuvlarga barham beriladi. Mezon aniq: natija ishlamasa — baho, sifat boʻlmasa — ragʻbat boʻlmaydi. Bu oddiy ibora emas, yangi boshqaruv falsafasi. Shu orqali oliy taʼlim muassasalari fao­liyatida sifat ustuvor mezonga aylanadi. Endi faqat hisobotlar emas, haqiqiy natijalar baholanadi. Son emas, mazmun muhim boʻladi. Jarayon emas, samara hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bunday yondashuv tabiiy ravishda sogʻlom raqobat muhitini shakllantiradi. Raqobat bor joyda sustkashlikka oʻrin yoʻq, befarqlikka imkon yoʻq. “Qanday boʻlsa, shunday” ishlashga esa mutlaqo oʻrin qolmaydi. Albatta, bu tizim har bir oliy taʼlim muassasasi, har bir rahbar va har bir pedagog oldiga jiddiy talablar qoʻyadi. Endi har bir natija asoslanishi, har bir koʻrsatkich isbotlanishi, har bir faoliyat samara berishi shart. Eng muhimi, bu tizim adolatni tiklaydi. Chunki haqiqiy mehnat, haqiqiy natija va haqiqiy sifat bahosini oladi. Bu esa tizimda ishonchni mustahkamlaydi, motivatsiyani oshiradi va eng ilgʻor tajribalarni yuzaga chiqaradi.

Ilm-fan — iqtisodiyot taraqqiyotining muhim omili

Taraqqiyot mezonlari tubdan oʻzgarayotgan zamonda ilm-fanning haqiqiy qiymati nazariy yangiligida emas, balki amaliy natijasida namoyon boʻladi. Qaysi mamlakat ilmni iqtisodiyot bilan uygʻunlashtira olsa, aynan oʻsha mamlakat barqaror taraqqiyotga erishadi. Shu maʼnoda, farmonda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish belgilab qoʻyilgani bejiz emas. Mazkur yondashuvning tub mohiyati shundan iboratki, ilmiy faoliyat endi yopiq tizimda emas, balki ochiq, raqobatbardosh va natijaga yoʻnaltirilgan muhitda olib boriladi. Grantlar, tanlovlar, xalqaro ekspertiza — bularning barchasi ilmiy gʻoyalarni saralash, qoʻllab-quvvatlash va eng istiqbolli yoʻnalishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, farmon ilm-fanga nisbatan mutlaqo yangi talab qoʻyadi: ilmiy gʻoya, albatta, amaliy natijaga, innovatsiyaga va iqtisodiy samaraga aylanishi shart. Bu talab emas, davrning qatʼiy hukmi.

Endi mezonlar oʻzgarmoqda. Ilmning iqtisodiy qiymati muhim, nazariya emas, uning amaliy tatbiqi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu esa ilm-fanni hisobot uchun bajariladigan faoliyatdan haqiqiy rivoj­lanish drayveriga aylantiradi. Shu bilan birga, ushbu yondashuv yosh olimlar uchun ham yangi ufqlarni ochadi. Endi tashabbuskorlik, innovatsion fikrlash va amaliy natijaga yoʻnaltirilgan ilmiy izlanishlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ilm-fan bilan shugʻullanish nafaqat ilmiy daraja olish, balki real muammolarni hal qilish, jamiyatga xizmat qilish demakdir. Agar ilm-fanni iqtisodiyot bilan uygʻunlashtira olsak, u mamlakatimizning eng katta boyligiga aylanadi. Ilm-fan endi tanlov emas, zarurat. U iqtisodiyotga xizmat qilishi, natija berishi, kelajakni yaratishi shart. Ana shundagina ilm-fan haqiqiy kuchga aylanadi.

Global maydonga chiqish — zarurat

Bugungi dunyo yopiq tizimlarni qabul qilmaydi. Ilm-fan ham, taʼlim ham endi milliy chegaralar bilan cheklanib qoladigan soha emas. Global bilimlar oqimi, xalqaro ilmiy hamkorlik va akademik mobillik — bular zamonaviy taraqqiyotning ajralmas shartiga aylangan. Shu maʼnoda, farmonda oliy taʼlim tizimini xalqaro maydonga olib chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilab qoʻyilgani chuqur strategik qarordir. Mazkur yondashuvning mohiyati oddiy: agar biz global ilmiy va taʼlim makonida faol ishtirok etmasak, taraqqiyot surʼatidan ortda qolamiz. Chunki bilim yopiq muhitda emas, ochiq, hamkorlikka asoslangan tizimda rivojlanadi. “Study in Uzbekistan” platformasining kengaytirilishi, xorijiy talabalar oqimini oshirish, nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish — bularning barchasi mamlakatimizni mintaqaviy va xalqaro taʼlim markaziga aylantirishga qaratilgan aniq va izchil qadamlardir. Bu orqali nafaqat taʼlim sifati oshadi, balki ilmiy maktablar boyiydi. Yangi gʻoyalar kirib keladi, tajriba almashinuvi kuchayadi. Eng muhimi, xalqaro integratsiya oʻrganish bilan birga oʻrgatish, qabul qilish bilan birga taklif etish, hamkorlik orqali oʻz salohiyatini namoyon etadi. Demak, biz nafaqat bilim oluvchi, balki bilim beruvchi, tajriba ulashuvchi davlatga aylanishimiz zarur. Bu yoʻl oson emas. U bizdan yangi bilim, yangi yondashuv, yangi tafakkur talab qiladi. Lekin aynan shu yoʻl bizni global ilmiy hamjamiyatning munosib aʼzosiga aylantiradi. Shu bois, global maydonga chiqish tarixiy zarurat. Taraqqiyot sharti. Kelajak talabi.

Raqamli transformatsiya: ortga yoʻl yoʻq

Raqamli inqilob tobora jadallashayotgan bir paytda barchamizdan tezkorlik, aniqlik va mutlaqo yangi yondashuv talab etilmoqda. Endi taraqqiyot mezoni raqamlashtirish darajasi bilan belgilanadi. Qaysi tizimda raqamli transformatsiya chuqur va samarali amalga oshirilsa, aynan oʻsha tizimda ustunlik boʻladi. Shu bois, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosida boshqaruv tizimini yangilash bugunning muqarrar talabi sifatida kun tartibiga qatʼiy qoʻ­yilmoqda. Bu jarayonni oddiy texnik yangilanish deb baholash yetarli emas. Ushbu boshqaruv falsafasi oʻzgarish, qaror qabul qilish madaniyati yangilanishi, demakdir. Raqamli transformatsiya orqali shaffof­lik taʼminlanadi. Byurokratiya qisqaradi. ­Inson omilidan kelib chiqadigan xatolar kamayadi. Natijada boshqaruv sifati mutlaqo yangi darajaga chiqadi.

Raqamlashtirish tezlik va aniqlikni bildiradi. Bugun vaqt eng katta resursga aylangan. Kim tez ishlasa, oʻsha yutadi. Kim aniq qaror qabul qilsa, oʻsha oldinga chiqadi. Raqamli texnologiyalar aynan mana shu ustunlikni taʼminlaydi. Shu bilan birga, sunʼiy intellektning joriy etilishi tizimning yanada aqlli, moslashuvchan va prog­nozlash qobiliyatiga ega boʻlishini taʼminlaydi. Endi qarorlar faqat tajribaga emas, balki katta maʼlumotlar tahliliga, aniq hisob-kitoblarga asoslanadi. Bugun biz yana bir muhim haqiqatni anglashimiz kerak: raqamli transformatsiya hayotiy zarurat. Uni kechiktirish — ortda qolish degani. Shu bois, mazkur jarayonda ikkilanishga oʻrin yoʻq.

Masʼuliyat — eng katta sinov

Har qanday farmon yoki qaror, avvalo, imkoniyat. Ammo bu imkoniyatning real natijaga aylanishi, jamiyat hayotidagi sezilarli oʻzgarishlarga olib kelishi bevosita yondashuvimiz, masʼuliyatimiz va fidoyiligimizga bogʻliq. Haqiqat shundan iboratki, eng mukammal hujjat ham amalga oshiradigan insonsiz natija bermaydi. Eng toʻgʻri gʻoya ham amaliyotga tatbiq etilmasa, oʻz kuchini yoʻqotadi. Shuning uchun bugun bizdan talab qilinayotgan narsa ichki oʻzgarish, tafakkur yangilanishi, ­masʼuliyatni chuqur his qilishdir.

Mazkur farmon davlatning ilm-fan va taʼlimga yuksak ishonchining yana bir ifodasi. Oldimizda turgan savol oddiy, lekin muhim: biz bunga munosib boʻla olamizmi? Javobni bugungi harakatlarimiz beradi. Chunki kelajak uzoqdagi mavhum tushuncha emas. U aynan bugun qabul qilinayotgan qarorlar, bajariladigan ishlar va qoʻyilayotgan qadamlardan boshlanadi.

 

Abduvali XOLIQOV,

Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari

markazi direktori, kimyo fanlari doktori, professor