Adliya vazirligi mazkur holatga tushuntirish berdi. Aslida esa yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosidagi savdoni taqiqlamaydi, deyiladi "Huquqiy axborot" kanalida. 

Prezidentning 2026 yil 14 avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027 yil 1 yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.

Operator kim? Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar muddatli to‘lov operatorlari hisoblanadi.

Qarorning 3-bandi “d” kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Ya’ni vositachi-operator sizga uyni “rassrochka”ga olib bera olmaydi.

Ammo bu quruvchi o‘zi qurgan uyni xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sota olmaydi, degani emas.

Chunki qarorning 3-bandi “a” kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Demak, siz avvalgidek quruvchining o‘zidan uy-joyni “rassrochka”ga olishingiz mumkin. Qaror quruvchi va xaridor o‘rtasidagi bevosita savdoni taqiqlamaydi.

Endilikda operatorlar maxsus reyestrga kiritiladi, Markaziy bank nazoratida ishlaydi, ularning shartnomalari, ustama va komissiyalariga aniq talablar belgilanadi.