Bu haqda Energetika vazirligida yoqilgʻi-energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, energiya ta’minoti barqarorligi, qarzdorliklarni qisqartirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Bosh prokuratura, qator vazirlik va idoralar, yoqilgʻi-energetika tizimi tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirok etdi.
Muhokamalarda yozgi yuqori harorat sharoitida elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash masalalari koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, joriy yozda elektr energiyasiga talab oʻtgan yilga nisbatan yuqori boʻlishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan elektr tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli ishlashi, avariyalarning oldini olish hamda tezkor brigadalarning doimiy shay holatda boʻlishi yuzasidan topshiriqlar berildi.
Xususan, Toshkent shahrida kuzatilgan elektr ta’minotidagi avariyaviy uzilishlar yuzasidan maxsus komissiya tuzilgani ma’lum qilindi. Komissiya avariya sabablari, uskunalarning texnik holati, rekonstruksiya ishlari sifati va avariyaga qarshi himoya tizimlari samaradorligini oʻrganadi.
Yigʻilishda aholi murojaatlarini tezkor koʻrib chiqish, koll-markazlar faoliyatini kuchaytirish va avariyaviy holatlar yuzasidan aholini oʻz vaqtida xabardor qilish zarurligi ta’kidlandi.
Energiya samaradorligi masalalari ham tanqidiy muhokama qilinib, ayrim yirik korxonalarda elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarasiz foydalanish holatlari qayd etildi. Mas’ullarga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, eski uskunalarni yangilash va belgilangan tejamkorlik koʻrsatkichlariga erishish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish boʻyicha qarorlar ijrosini ta’minlamayotgan rahbarlar qat’iy ogohlantirildi.
Yigʻilishda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, korrupsiya jinoyati uchun sudlangan barcha xodimlar ishdan boʻshatiladi. Shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi tizim korxonalari rahbarlarini toʻliq attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha topshiriq berildi.
Bundan tashqari, sohadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qiluvchi maxsus kengash tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Yigʻilish yakunida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr va gaz infratuzilmasini ta’mirlash, avariyaviy zaxiralarni shakllantirish hamda aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.