Belarus vakillari tashrif davomida mintaqadagi sanoat korxonalari va investitsiya loyihalari bilan tanishdi. Delegatsiya “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, mehmonlar keramogranit ishlab chiqarish, “Marwin Fruitline”da mevalarni qayta ishlash va konsentrlangan tabiiy sharbat tayyorlash, “Hansae Mobility Turan” korxonasida avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish loyihalari bilan ham tanishdi.
Farg‘ona tumanida belaruslik investor tomonidan tashkil etilgan, rezavorlar, meva va sabzavotlarni qayta ishlab, muzlatib, Belarus, Rossiya, Turkiya va Qozog‘istonga eksport qiladigan korxona hamkorlikning yana bir namunasi bo‘ldi. Korxonaning eksport hajmi 3 million dollardan oshdi. Mazkur obyektda 100 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, mavsumda ish bilan band bo‘lganlar soni 200 nafarga yetadi.
Farg‘ona va Volojin tumanlari uch oy muddatda iqtisodiy, madaniy va ta’lim sohalarida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma reja tayyorlashga kelishib oldi.
Delegatsiya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot jarayonida Farg‘ona va Minsk o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi joriy yilda 28 foizga oshib, 150 million dollarga yetgani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar yengil sanoat, mashinasozlik va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuvlar yakunida ishtirokchilar hududlararo va ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan hujjatlarni imzoladi.