Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quva tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 5 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, hech qayerda rasman ishlamasalar-da, go‘yoki Milliy Gvardiyaga qarashli harbiy qism xizmatchilari sifatida soxta mehnat shartnomalari va ish haqi olganliklari haqida ma’lumotnomalar tayyorlab, tijorat bankining Quva tumani filialiga taqdim qilib, mazkur soxta hujjatlar asosida bankdan 428,8 mln so‘mlik kredit mablag‘i olganliklari aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.