Eng avvalo, futbol ulkan sanoat zanjirlarini harakatlantiruvchi triggerga aylandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Birgina qurilish sohasini oladigan bo‘lsak, zamonaviy stadionlarda minglab tonna og‘irlikdagi, harakatlanuvchi tom tizimlari, bir necha soat ichida butunlay almashadigan yoki yer ostiga kirib ketadigan maysazorlar aynan futbol ishqibozlariga qulaylik yaratish maqsadida o‘ylab topildi. Bu esa qurilish texnologiyalarini bir necha o‘n yillarga ilgarilab ketishga majbur qildi.
Maydonda yugurayotgan o‘yinchining tana haroratini bir me’yorda saqlaydigan, shamol qarshiligini kamaytiradigan, “aqlli” matolar (smart textiles) va maxsus butsalar ishlab chiqarish ortidan to‘qimachilik va yengil sanoat boshqa davrlarda hech takrorlanmagan taraqqiyotni boshdan kechirdi. Millionlab insonlar ikki jamoa uchrashuvlarini uylaridan turib, o‘zini go‘yo stadiondagidek his qilishni istagani sababli, yuqori aniqlikdagi tasvir uzatish texnologiyalari, ya’ni 4K va 8K formatlari, yuqori tezlikdagi sun’iy yo‘ldosh aloqalari hamda internet tarmoqlari shiddat bilan rivojlandi.
Reklama hamda marketing sohasini esa futbolsiz tasavvur qilishning mutlaq iloji yo‘q. Bugun dunyoning eng yirik brendlari o‘z mahsulotlarini tanitishda aynan futbol yulduzlaridan foydalanadi.
Eng qizig‘i, futbol hayotimizga ilgari mavjud bo‘lmagan yangi sohalar va kasb egalarini olib kirdi. Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi ham alohida fanga, ilmga aylanib ketdi. Futbolchining jarohatdan keyin qisqa muddatda safga qaytishini ta’minlash maqsadida krio-kameralar, kognitiv mashg‘ulotlar va neyrobiologiyaga asoslangan mutlaqo yangi davolash usullari kashf etildiki, bugun ulardan oddiy insonlar ham shifoxonalarda foydalanmoqda. Futbol klublarining moliyaviy muvozanatini saqlash ehtiyoji ortidan esa sport huquqi, sport menejmenti kabi o‘ziga xos qonun-qoidalarga ega bo‘lgan yangi huquqiy-iqtisodiy sohalar dunyoga keldi.
Ayniqsa, eng nufuzli xalqaro turnirlar yoki qit’a miqyosidagi chempionatlar o‘tkaziladigan davrlarda turizm sohasi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi, chunki millionlab ashaddiy muxlislar o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlash uchun nafaqat chipta sotib oldi, balki boradigan mamlakatlarining mehmonxonalari, restoranlari va ko‘ngilochar maskanlarini to‘ldirib, mahalliy biznesga misli ko‘rilmagan darajada jon bag‘ishladi.
Sharq donishmandlarining “Siniq ko‘zgu ham quyosh nurini aks ettira oladi” degan ajoyib naqli bor. Ya’ni og‘ir lahzalarda ham atrofdagilar tasavvur qila olmaydigan nurli bir tomon, kutilmagan imkoniyat topiladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi debyut ishtiroki muvaffaqiyatsiz kechgan bo‘lsa-da, dunyo hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga qaratish, millat va davlat sifatida sayyoramizning eng yirik platformalarida tanilish borasida ulkan ijobiy to‘lqinni yuzaga keltirdi.
O‘yinlar boshlanishi bilanoq, millionlab insonlar ilgari xaritada qidirib ko‘rmagan yangi bir davlat o‘yinchilarining shiddatiga guvoh bo‘ldi, natijada Google qidiruv tizimi, ijtimoiy tarmoqlar va xalqaro media maydonlarida umumiy qiziqish qisqa muddat ichida deyarli yarim barobarga ortdi. Musobaqa davomida O‘zbekistonning turizm brendi 1,07 milliarddan ortiq auditoriyaga yetdi, kontentlar esa 52 milliondan ortiq reaksiya, izoh va ulashishlar to‘pladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlar kunlarida jahon ommaviy axborot vositalarida mamlakat haqidagi materiallar soni ham, Visit Uzbekistan, Travel Uzbekistan va Uzbekistan Tour qidiruv so‘rovlari ham bir vaqtda sezilarli darajada oshdi. Eng yuqori o‘sish Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi o‘yinlar vaqtida kuzatildi.
So‘nggi haftalarda “Uzbekistan Colombia World Cup 2026” so‘rovi bo‘yicha qidiruvlar 450 foizga oshgan, “Uzbekistan” so‘roviga umumiy qiziqish 40 foizga, “Tourism to Uzbekistan” mavzusiga oid qidiruvlar esa yana 10 foizga ko‘paygan. Bu xalqaro auditoriyaning O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibori tobora barqaror turistik qiziqishga aylanayotganini tasdiqlaydi.
Turizm qo‘mitasi tomonidan FIFA World Cup 2026 doirasida yo‘lga qo‘yilgan keng qamrovli xalqaro axborot kampaniyasi ham mamlakatning turistik salohiyatini global miqyosda ilgari surishda ulkan natijalarni qayd etdi. Kampaniya doirasida Turizm qo‘mitasi Uzbekistan turizm brendining keng ko‘lamli xalqaro axborot targ‘ibotini ta’minladi. Mamlakat haqidagi materiallar 3 mingdan ortiq xalqaro ommaviy axborot vositalari va yangiliklar agregatorlarida e’lon qilindi. Materiallar nafaqat sport nashrlarida, balki BBC, ESPN, MSN, The Guardian, Fox News, Daily Mail, NDTV, VnExpress va boshqa yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalarida ham chop etildi. Milliy turizm stendlari, rasmiy fan-zonalar va madaniy dasturlar orqali O‘zbekistonning turizm salohiyati xalqaro auditoriyaga namoyish etildi hamda salohiyatli sayohatchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatildi.
FIFA World Cup 2026 tajribasi shuni ko‘rsatdiki, tizimli xalqaro kommunikatsiya ishlari nafaqat rekord darajadagi axborot qamrovini ta’minlaydi. Shu bilan birga jahon auditoriyasining O‘zbekistonga sayohat qilishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda mamlakatning turizm brendini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri