Bu haqda Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan oʻtkazilayotgan “Bitiruvchilar sifati indeksi” natijalariga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Tahlilga koʻra, hududlar kesimida bitiruvchilar sifati indeksining eng yuqori oʻrtacha natijasi Navoiy viloyatida — 62,5 ballni tashkil etgan.

Keyingi yuqori natijalar Surxondaryo viloyatida 62,1 ball, Buxoro viloyatida 59 ball, Qashqadaryo viloyatida 58,5 ball va Namangan viloyatida 58,3 ball qayd etilgan.

Bitiruvchilar soni eng koʻp boʻlgan Toshkent shahrida indeksning oʻrtacha qiymati 60 ballni tashkil etgan. Eng past koʻrsatkich esa Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 49,5 ball.

Bitiruvchilarning oʻrtacha daromadi 4,9 mln soʻm

Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 2025-yil iyul — 2026-yil iyun davrida bitiruvchilarning respublika boʻyicha oʻrtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln soʻmni tashkil etgan.

Taʼlim yoʻnalishlari kesimida eng yuqori oʻrtacha daromad “Ijod (sport)” yoʻnalishlarida qayd etilgan — 6,33 mln soʻm.

Shuningdek, “Amaliy fanlar” yoʻnalishida oʻrtacha daromad 5,5 mln soʻm, ijtimoiy-gumanitar fanlarda 4,61 mln soʻm, tibbiyot fanlarida esa 4,43 mln soʻmni tashkil etgan.

Bitiruvchilarning oʻrtacha rasmiy daromadi eng yuqori boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlari orasida:

— Toshkent shahridagi “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” federal davlat byudjet oliy taʼlim muassasasi filiali — 23,4 mln soʻm;

— Toshkent shahridagi Inha universiteti — 12,6 mln soʻm;

— Toshkent xalqaro Vestminster universiteti — 12,5 mln soʻm;

— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti — 10,6 mln soʻm;

— Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 10,3 mln soʻm;

— Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 9,4 mln soʻm;

— Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish instituti — 9,3 mln soʻm;

— G.V. Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali — 9 mln soʻm;

— Toshkent davlat yuridik universiteti — 8,4 mln soʻm;

— Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti — 8,1 mln soʻm.

Indeksni hisoblashda bitiruvchining rasmiy qayd etilgan daromadi u istiqomat qilayotgan hududdagi oʻrtacha ish haqi bilan solishtiriladi.

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yoʻldoshevning taʼkidlashicha, “Bitiruvchilar sifati indeksi”ni joriy etishdan asosiy maqsad abituriyentlarga oliy taʼlim muassasasini tanlashda ishonchli va obyektiv mezon taqdim etishdan iborat.

Uning soʻzlariga koʻra, endi abituriyentlar OTM tanlashda nafaqat taʼlim jarayoni, balki shu muassasa bitiruvchilarining mehnat bozoridagi real natijalarini ham hisobga olishi mumkin.