Yaxshi eslayman, o‘sha paytlari mahallaga eltuvchi asosiy yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir, yog‘ingarchilik payti ko‘chalarda suv to‘planib katta-katta ko‘lmaklar hosil bo‘lardi. Ayniqsa, qishda bu yerlardan o‘tish azob edi.

2015 yili foydalanishga topshirilgan namunaviy loyiha asosidagi 148 xonadon egalari ayni muammodan aziyat chekardi. Chunki ular uchun yangi qurilgan ichki yo‘llar bundan-da abgor ahvolda bo‘lgan.

Sir emas, mahallaga birin-ketin ko‘chib kelgan biz kabi yangi oila a’zolari bu singari noqulayliklar tufayli poytaxtdagi o‘qish va ishga borib-kelishda -qiyinchiliklarga duch kelardi. Bundan tashqari, farzandini bolalar bog‘chasiga berish istagidagi ota-¬onalar ancha yo‘l yurish, vaqt va mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri kelardi. Mahallamizda aholi soni oshib borishi, Toshkent shahriga tutash hududda yashashimizga qaramay, ichki ko‘cha va yo‘llarimizdan yengil avtomobillar kam o‘tardi, avtobus qatnovini tasavvur eta olmasdik.

Yillar o‘tdi. Muammolar navbati bilan bartaraf etila boshlandi. Dastlab ichki ko‘chalarimiz betonlashtirildi. Keyinroq internet xizmatlari kirib keldi.

“Turli sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimizning natijalari, yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar samarasi, avvalo, mahallalarda, u yerda yashayotgan odamlarning kayfiyatida namoyon bo‘ladi”, degan edi davlatimiz rahbari. Shu ma’noda aytish mumkinki, bugun “Gulbog‘” MFYda yaratilgan qulay sharoit, imkoniyatlardan odamlar rozi.

Yo‘l-yo‘lakay mahalla idorasiga kirar ekanman, “yettilik” vakillari qizg‘in ish ustida ekaniga guvoh bo‘ldim. “Gulbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Saodat Patxiddinovaning qayd etishicha, davlatimiz rahbarining shu yil 24 iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni “yettilik” faoliyatini yangicha tashkil etishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.

— Yoshlarimiz juda faol, — deydi mahalladagi yoshlar yetakchisi Gavhar Solihova. — Bir yuz saksondan ziyod yigit-qizlarimiz mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, o‘n nafarga yaqini esa xorijda tahsil olmoqda. Ular bilan onlayn muloqotda bo‘lib turamiz, muammolari va qiziqishlarini o‘rganamiz. Bundan tashqari, ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash chorasini ko‘ryapmiz. Yangi tashabbus va loyihalar bilan murojaat qilganlarga ko‘mak berilyapti. Chet tillarini o‘rganishga moyilligi yuqori bo‘lgan yigit-¬qizlarning bepul til o‘rganishiga yordamlashilmoqda. Shu kunlarda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun bepul tikuvchilik kursi ochish harakatidamiz.

Mahalladan “Toshkent indeks” savdo markaziga avtobus qatnovi muntazam yo‘lga qo‘yilgani aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Ko‘pchilik gulbog‘liklar qatori men ham har kuni ushbu yo‘nalishdan foydalanib, Toshkent yer usti metro bekatiga yetib olaman. Bugun ham ertalabdan ishga borish uchun mahallamizdagi shohbekatga chiqdim. O‘n chog‘li odam bor ekan. Mahalladoshlarim ko‘zlaridan ularning bugungi tinch va osoyishta, farovon hayotdan shukronalik hissini ilg‘ash qiyin emas.

Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, bekatga kelgan avtobusga chiqdik. E’tiborlisi, avtobus saloni salqin, u qo‘zg‘alishi bilan bir muddat xayol chulg‘adi. O‘n yilcha avval ushbu bekat va mahallamizdagi namunaviy uylarning o‘rni ochiq dala bo‘lgani, bu yerlarda qulupnay yetishtirilgan paytlar yodimga tushdi. Keyingi 8-9 yil mobaynida ushbu hudud orqali har kuni ishga qatnaganim, Toshkent viloyatining Zangiota, poytaxtimizning Sergeli va Yangihayot tumanlarida mingdan oshiq ko‘p qavatli uy qurilish jarayonlari, ko‘plab yangi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, bog‘-rog‘lar, o‘nlab ishlab chiqarish korxonalari hamda turli tashkilot va idoralarning binolari, yuzlab xizmat ko‘rsatish va infratuzilma obyektlarining barpo etilishiga guvoh bo‘lganman.

Bundan tashqari, mehmonxonalar, ko‘prik¬lar, ichki va umumfoydalanuv yo‘llari qurilib, bekat va shohbekatlar, yo‘l o‘tkazgichlar qad rostladi, yangi transport yo‘nalishlari ochildi.

Tarixan qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan mazkur ishlar haqida gapirish, xayol surish va yozish oson. Yuzlab, minglab demaylik, bir oilani uyli qilish, bir oilaning farovon turmushini ta’minlash, bitta bog‘cha yoki maktab qurish va ularda sifatli ta’lim-tarbiyani tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, yangi turar joy massivlarida aholi va mehmonlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish ozmuncha mehnat va mablag‘ talab etmaydi. Muhimi, bu boradagi ishlar izchil davom ¬etmoqda.

Prezidentimiz joriy yil 4 iyul kuni Sergeli tumaniga tashrifi chog‘ida hududdagi bu kabi bunyodkorlik ishlari, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi. Yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Meni bir savol o‘yga toldiradi: bir necha yil avval mazkur Toshkent yer usti metrosi qurilmaganida nima bo‘lardi? Tasavvur qilaylik, ushbu yer usti metro bekatlari yon-atrofi, jumladan, Sergeli va unga tutash hududlardan poytaxt markazi va tumanlariga o‘qish va ishga jamoat transportida qatnovchi aholi qanday noqulaylik, tirbandliklarga duch kelardi? Ular qancha vaqt va mablag‘ yo‘qotardi? Bundan tashqari, ekologiyaga qancha zarar yetardi?!

Ha, bugun bu kabi savollarga javob berish, o‘tgan kunni eslash, ayni masalalar bo‘yicha o‘ylash, bosh qotirish, tasavvur qilishni istamaymiz. Ayrimlar Toshkent yer usti metrosiga oddiy inshootdek qaraydi. Aslida, bu — juda katta mablag‘ va mehnat talab qiladigan ulkan bunyodkorlik obyekti.

Keyingi yillarda bunday yirik obyekt va yangilanishlarni ko‘rib ko‘zimiz o‘rgandi. Aslida, hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Shunday ekan, bularga, yurtimizda hukm surayotgan tinch¬lik-osoyishtalikka, farovon hayotga shukrona qilishimiz, unga oz bo‘lsa-da o‘z hissamizni qo‘shishimiz ham farz, ham qarzdir.

Xolmurod SALIMOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri