Maʼlum qilinishicha, mazkur maydonga 10-aprel kuni chigit ekilgan. Gʻoʻza parvarishi va agrotexnik tadbirlar tegishli tavsiyalar asosida amalga oshirilgan. Dalaga 20–21-iyul kunlari etefon preparati bilan ishlov berilgan. Fermer xoʻjaligi vakilining aytishicha, ishlov jarayonida bir litr shakar va bir litr etefon preparati qoʻllangan.
Ishlov berilganidan bir hafta — 10 kun oʻtib oʻtkazilgan oʻlchovda bir chanoq paxtaning oʻrtacha vazni 7 gramm atrofida boʻlgan. Oradan 20 kun oʻtgach esa bu koʻrsatkich 9–9,5 grammga yetgan.
Fermer xoʻjaligi vakili avvalgi yillarda mazkur dalaning paxtasida bir chanoq vazni 5 grammdan oshmaganini, joriy mavsumda esa ayrim chanoqlar 8–9 gramm, hatto 10 grammgacha kelayotganini bildirdi.
Tajribada gʻoʻza barglarida pishish va qarish jarayoni boshlangani kuzatilgan. Tajriba ishtirokchilarining taʼkidlashicha, bargda toʻplangan ozuqa elementlari va shakarning hosil elementlari hamda koʻsaklarga oʻtishi uchun bargning qarishi muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan etefonni defoliant bilan birga qoʻllash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Tajriba ishtirokchilarining fikricha, defoliant barg bandidan uzilishiga sabab boʻlganda, bargda toʻplangan ozuqa moddalari ham barg bilan birga yerga tushib ketishi mumkin. Shuning uchun mazkur tajribada etefonni alohida qoʻllashga eʼtibor qaratilgan.
Dalada paxtaning ochilishi ham kuzatildi. Ayrim oʻsimliklarda 80 foizgacha paxta ochilgani, chanoqlar esa avvalgi yillardagi kabi chirt etib emas, balki toʻliq va “loʻppi-loʻppi” ochilayotgani qayd etildi.
Fermer xoʻjaligi vakili joriy mavsumda 80 sentner hosil olishni kutayotganini bildirdi.
Tajriba davomida paxtaning vazni yana bir bor oʻlchandi. Jumladan, uch chanoq paxtaning avvalgi oʻlchovdagi vazni 22 gramm boʻlgan boʻlsa, bu safar xuddi shu miqdordagi paxta 29,6 gramm tosh bosdi.
Fermerning taʼkidlashicha, etefon qoʻllanilganidan keyin koʻsaklarda zararlanish kuzatilmagan. Ayniqsa, oʻsimlikning yuqori qismidagi chanoqlar ham toʻliq ochilib, avvalgi yillardagiga nisbatan yuqori vazn koʻrsatmoqda.
Tajriba ishtirokchilari ushbu natijalar asosida etefonni defoliant bilan aralashtirmasdan, alohida qoʻllash boʻyicha tavsiya berdi. Ularga koʻra, asosiy maqsad bargda toʻplangan ozuqa va shakarni saqlab qolib, uni koʻsak va hosilga yoʻnaltirishdan iborat.