Biz ko‘rib turgan bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan yuz bermadi. Buning ortida katta siyosiy iroda, aniq islohotlar yotibdi. Davlatimiz rahbari boshchiligida qishloq xo‘jaligida fermer manfaatini kuchaytirish, bozor tamoyillarini joriy etish, imtiyozli moliyalashtirish va subsidiyalar, zamonaviy texnika, suv tejovchi texnologiyalar, yangi urug‘ va ilmiy ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil siyosat amalga oshirildi. Qisqacha aytganda, davlat sharoit va rag‘bat yaratdi, olim va mutaxassis yechim taklif qildi, fermer esa uni dalada natijaga aylantirdi. Yangi O‘zbekiston paxtachiligining o‘ziga xos modeli ana shu hamkorlikda ¬shakllandi.
Biroq ko‘makning o‘zi yuqori hosil degani emas. Subsidiya hisobiga o‘rnatilgan tomchilatish tizimi to‘liq ishlatilmasa, imtiyozli mablag‘ga olingan texnika to‘g‘ri sozlanmasa, yaxshi urug‘ noto‘g‘ri sxemaga ekilsa, davlat sarfi ham, fermer mehnati ham kutilgan samarani bermaydi. Shuning uchun yuqori hosilni birgina nav, o‘g‘it yoki preparat emas, o‘zaro bog‘langan ishlar va qat’iy texnologiya intizomi beradi. Zanjirning bitta halqasi uzilsa, qolgan mehnat samarasi ham pasayadi.
Bugun har birimiz smartfondan foydalanamiz. Uning protsessori, xotirasi va kamerasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, kerakli das¬turlar bo‘lmasa, imkoniyati to‘liq ochilmaydi. Qishloq xo‘jaligida ham shunday: yaxshi nav, sifatli urug‘ va kuchli genetika — katta imkoniyat. Yerni tayyorlash, to‘g‘ri ekish, suv va ozuqa berish, g‘o‘za tupini shakllantirish, zararkunandadan himoya qilish, yetilishini boshqarish va dalani toza saqlash, davlat qo‘llovi (subsidiyalar va imtiyozli kreditlar) esa shu imkoniyatni ishga tushiradigan mexanizmdir. Bu — genetika bilan epigenetik bilimning yangi birlashuvi, ya’ni genetika navga salo¬hiyat beradi, suv, ozuqa, nur, harorat, stress va parvarish esa shu salohiyatning qay darajada namoyon bo‘lishini belgilaydi.
Ana shu tamoyillar asosida yangi nashr — “Paxtachilikda yuqori hosildorlik sari: har bir fermer bajarishi shart bo‘lgan 8 qonun” nomli metodik qo‘llanma tayyorlandi. U o‘zbek, rus va ingliz tillarida yagona to‘plam sifatida nashr etilmoqda. Bu yerda “qonun” deganda huquqiy hujjat emas, balki e’tibordan chetda qoldirilsa, oqibati hosilda darhol ko‘rinadigan asosiy agrotexnik qoidalar nazarda tutiladi.
Sakkiz qonunga faqat hosildorlik formulasi deb qarash kamlik qiladi. Ular inson manfaatiga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligining amaliy chegaralaridir. Fermer daromadi, dalada ishlayotgan mehnatkash xavfsizligi, iste’molchi ishonchi, tuproq va suvning ertangi holati o‘zaro bog‘liq. Shu sababli bu qoidalarda iqtisodiy manfaat bilan birga kasbiy odob, ekologik mas’¬uliyat va kelajak avlod oldidagi burch ham mujassam.
Qo‘llanma kitob javonida turishi emas, dalada foydalanilishi uchun tayyorlandi. Unda fermer nimani o‘lchashi, qaysi paytda qanday qaror qabul qilishi, ishlov natijasini qachon tekshirishi va qaysi xatolardan saqlanishi kerakligi oddiy tilda bayon etilgan. Keling, sakkiz qonuniyatning mazmunini xalqchil tilda birma-bir ko‘rib chiqaylik.
Birinchisi — dalada bo‘sh joy qolmasin
Bir gektar yerning har qarichidan foydalanish kerak. Agar ko‘chat siyrak bo‘lsa, bo‘sh joyda quyosh, suv, o‘g‘it va texnika imkoniyati hosildorlikka xizmat qilmaydi. Begona o‘t esa ana shu bo‘shliqdan darhol foydalanadi. Shuning uchun birinchi maqsad — har gektarda kamida 200 ming tup sog‘lom, bir tekis va baquvvat g‘o‘za ko‘chati bo‘lishi.
Bu raqamga chigitni ko‘proq sarflab emas, yerni o‘z vaqtida va namlikni yo‘qotmay tayyorlash, maydonni tekislash, unuvchan urug‘ tanlash, seyalkani to‘g‘ri sozlash, bir xil chuqurlikda ekish va unib chiqqan niholni asrash orqali erishiladi. Ko‘chat sonini ko‘z bilan chamalash yetarli emas. Fermer ¬dalaning bir necha nuqtasida 10 metrli qatorni sanab, haqiqiy qalinlikni hisoblashi kerak. Chunki o‘lchanmagan narsani boshqarib bo‘lmaydi.
Bunday qoida faqat paxtaga tegishli emas. G‘allada ham poyalar siyrak bo‘lsa, maydondan to‘liq foydalanilmaydi. Bog‘ va tokzorda daraxt yoki toklar noto‘g‘ri joylashsa, nur va yer isrof bo‘ladi. Demak, to‘g‘ri qalinlik har qanday ekinda hosildorlik uchun birinchi poydevordir.
Ikkinchisi — qator oralig‘i oddiy masofa emas
Ko‘pchilik ekish sxemasini faqat qator oralig‘idagi santimetr deb qabul qiladi. Aslida, u ko‘chat soni, yorug‘lik, havo almashinuvi, tomchilatish lentasining o‘rni, kultivator harakati, o‘g‘it berish, himoya va terim texnikasini o‘zaro bog‘laydi. 76 santimetrli yakkaqator yoki 76×10 santimetrli qo‘shqator usuli nav, tuproq, suv va texnikaga mos tanlanishi kerak. Shinjon tajribasiga asoslangan intensiv usulda gektariga 220-240 ming tupgacha sog‘lom ko‘chat olish mumkin. Ammo buning uchun yer juda tekis, tuproq mayin, tomchilatish lentasi qo‘shqatorning o‘rtasida, plyonka esa bir tekis yotqizilgan bo‘lishi shart.
Zich ekilgan va plyonka yopilgan maydonda o‘sgan begona o‘t keyinchalik katta muammoga aylanadi. U plyonkani ko‘taradi, teshadi, namlikni yo‘qotadi va niholga xalal beradi. Shuning uchun begona o‘tga qarshi ishni u ko‘rinib bo‘lgandan keyin emas, balki ekishdan oldin boshlash kerak. Bu yerda ham texnologiyaning bitta qismi emas, butun tizim ishlashi shart. Qo‘llanmada qilinishi lozim bo‘lgan barcha ish va tavsiyalar birma-bir tushuntirib berilgan.
Uchinchisi — uzun g‘o‘za emas, ochiladigan ko‘sak
Dalada ikki metrga bo‘y cho‘zgan, bargi quyuq g‘o‘za ko‘zga chiroyli ko‘rinishi mumkin. Lekin fermerga baland poya emas, terim savatiga tushadigan paxta kerak. Ortiqcha bo‘yga ketgan o‘simlik suv va ozuqaning katta qismini poya, barg va kech hosil bo‘lgan mayda ko‘saklarga sarflaydi. Pastki ko‘saklarga nur kam tushadi, havo yurishi qiyinlashadi, kasallik va zararkunanda uchun qulay muhit paydo bo‘ladi.
Bizning maqsadimiz g‘o‘za tupini taxminan 90-95 santimetr balandlikda ushlash, 10-12 ta hosil shoxi va kamida 8-10 ta bo‘liq, kuzgacha ochilishga ulguradigan ko‘sak shakllantirishdan iborat. Bu natijaga birgina chilpish yoki o‘sishni me’yorda ushlaydigan preparat bilan erishib bo‘lmaydi. Ko‘chat qalinligi, qo‘shqator joylashuvi, suv, azot me’yori, qator orasiga ishlov berish, mikroelementlar va zararkunanda nazorati birgalikda bo‘lishi kerak. Tok va mevali daraxtning nazoratsiz o‘sgan uzun novdasi ko‘p ozuqa talab qilgani kabi g‘o‘zaning ham balandligi hosildorlikni anglatmaydi. Haqiqiy ko‘rsatkich ochilgan, bo‘liq va vaznli ko‘sakdir.
To‘rtinchisi — o‘g‘itni ko‘p emas, o‘rnida berish lozim
G‘o‘za ham tirik organizm. Unga qaysi ozuqa, qaysi davrda va qancha kerakligini bilmay turib, faqat o‘g‘it miqdorini oshirish bilan yuqori hosilga erishib bo‘lmaydi. Azot o‘sishga xizmat qiladi, ammo ortiqcha berilsa, g‘o‘zani g‘ovlatadi. Fosfor ildiz va hosil organlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Kaliy suv almashinuvi, issiqqa chidamlilik, ko‘sak vazni va tola sifati uchun zarur.
Shonalash, gullash va ko‘sak tugish davrida kalsiy, magniy, bor, temir va marganes kabi mikroelementlarning ahamiyati yanada ortadi. Ayniqsa, hozirgi jazirama, garmsel, suv tanqisligi va sho‘rlanish sharoitida kremniyli o‘g‘itlar o‘simlikni qo‘llab-quvvatlash, suv yo‘qotilishini kamaytirish va to‘qimalarni mustahkamlashga yordam beradi. Bor esa gul va yosh ko‘saklarni saqlashda muhim o‘rin tutadi.
Tabiatda bir xil genetika ham turli oziqlanish sharoitida turlicha natija beradi. Masalan, ona ari va ishchi arilarning genetik asosi bir xil, ammo oziqlanish va rivojlanish sharoiti ularni butunlay boshqa vazifaga tayyorlaydi. O‘simlikning ham navi o‘zgarmaydi, lekin suv, ozuqa, nur va harorat uning imkoniyati qay darajada ochilishini belgilaydi. Demak, 8-10 ta bo‘liq ko‘sakni bitta “mo‘jizaviy” preparat emas, muvozanatli oziqlantirish va to‘g‘ri parvarish shakllantiradi.
Beshinchisi — g‘o‘zani faqat o‘stirish emas, vaqtida yetishtirish ham zarur
Dalada sanab qo‘yilgan yashil ko‘sak emas, balki yetilgan, ochilgan, tolasi shakllangan, chigiti to‘lgan, vazni bor va terib olingan paxta haqiqiy hosil sanaladi. Ko‘sak ochilmasa, fermer daromadli bo‘lolmaydi.
G‘o‘za tabiatan uzoq o‘sishga moyil o‘simlik. Sharoit bo‘lsa, avgustda ham, sentyabrda ham yangi barg, gul va ko‘sak chiqarishga harakat qiladi. Ammo O‘zbekistonning qisqa mavsumida kech tugilgan ko‘saklar kuz sovug‘igacha ochilmay qolishi mumkin. Shuning uchun muayyan bosqichda g‘o‘zaga “endi bo‘y va yangi shona kerak emas, mavjud hosilni yetiltir” degan signal berish kerak.
Etefon o‘simlik to‘qimasida etilen ajratib, pishish va qarish jarayonini boshlashga yordam beradi. Keyin bargni me’yorda to‘kish — defoliatsiya, zarurat bo‘lsa, poyani quritish — desikatsiya o‘tkaziladi. Bu ishlar ¬g‘o‘zani kuydirish emas, balki ozuqani mavjud ko‘sakka yo‘naltirish, quyosh va havoni ko‘paytirish, ko‘saklarning bir tekis ochilishini ta’minlash va terimni o‘z vaqtida boshlashga qaratilgan. Ushbu tadbir kalendardagi bir sanaga ko‘r-ko‘rona bog‘lanmaydi. Daladagi ko‘chat soni, har tupdagi bo‘liq ko‘sak, havo harorati va g‘o‘zaning haqiqiy holati hisobga olinadi. Texnologiya shoshilishni ham, kechikishni ham ko‘tarmaydi.
Oltinchisi — himoya zararkunanda chiqishidan oldin boshlanadi
O‘simlikni himoya qilish deganda ko‘pchilik zararkunanda ko‘paygandan keyin preparat sepishni tushunadi. Aslida, himoya dalani muntazam kuzatish, zararkunanda sonini sanash, foydali hasharotlarni asrash, biologik usuldan foydalanish va faqat zarurat tug‘ilganda aniq ishlov berishdir.
Ko‘sak qurtiga chidamli “Bt” xususiyati rasman tasdiqlangan navlar katta imkoniyat beradi. Lekin bu “endi dalaga qaramasa ham bo‘ladi” degani emas. Bunday navlarda ham kuzatuv davom etadi. Eng muhimi, zararkunandada chidamlilik tez shakllanib ketmasligi uchun maydonning 10-15 foizida “Bt” xususiyati bo‘lmagan himoya maydoni — refugiya (qochoq maydon) tashkil etiladi. Bu yerni isrof qilish emas, texnologiyani uzoq yil ishlatish uchun biologik sug‘urtadir. Refugiya bugungi hosil bilan birga fermerning ertangi imkoniyatini ham asraydi.
Shu o‘rinda bir gapni aniq aytish kerak: “xorijiy nav” degani avtomatik ravishda “Bt” navni anglatmaydi. Chunki navning xususiyati uning kelib chiqishi bilan emas, rasmiy sertifikati bilan tasdiqlanadi.
Yettinchisi — kechikkan ishning bahosi hosilda ko‘rinadi
Paxtachilikda mayda kechikishlar ham qimmatga tushadi. Ko‘chat bor, ammo sanalmagan; o‘g‘it berilgan, ammo qachon va qancha berilgani yozilmagan; preparat sepilgan, ammo natija tekshirilmagan bo‘lsa, fermer texnologiyani emas, taxminni boshqaryapti.
Shuning uchun yettinchi qonuniyat — barcha ishni bir-biriga bog‘lab, o‘z vaqtida bajarish kerak. Dala jurnalida nav, urug‘ partiyasi, ekish sanasi, sxema, ko‘chat soni, sug‘orish, oziqlantirish, himoya va yetiltirish tadbirlari qayd etilishi zarur. Har bir qarordan oldin to‘rt savol berilsin: muammo nimada, maqsad qanday, qaysi ish kerak va natijani qachon tekshiramiz?
Avgustdagi kechikish sentyabrda, sentabrdagi kechikish esa oktyabrda ko‘sakda ko‘rinadi. Shuning uchun texnologiya intizomi qog‘oz uchun emas, hosil uchun kerak. Intizom agrotexnik talabdan tashqari davlat ko‘magi, suv, yer va mehnatga nisbatan halol munosabat hamdir. Chegaralar esa ishni to‘g‘ri yo‘ldan chiqarmaslik uchun qo‘yiladi.
Sakkizinchisi — toza dala kelajak hosiliga hurmat
Plyonka va tomchilatish lentasi suvni tejash, tuproq haroratini saqlash, niholni erta rivojlantirishga xizmat qiladi. Ammo mavsum oxirida dalada qolgan plyonka mayda bo‘lak¬larga parchalanib, tuproqqa aralashsa, ariqni to‘ssa yoki texnikaga o‘ralsa, kechagi foydali vosita bugungi xavfga aylanadi.
Elektr energiyasi juda foydali, lekin himoyasiz sim xavfli. Yo‘l insonga kerak, lekin svetofor va qoida bo‘lmasa, halokat keltiradi. Polimer ham shunday: to‘g‘ri ishlatilsa, suvni tejaydi va hosildorlikni oshiradi, dalada tashlab ketilsa, tuproq, suv va kelajak avlod uchun muammo tug‘diradi.
Shuning uchun plyonka va lentani to‘liq yig‘ish, o‘g‘it qoplari va pestitsid idishlarini alohida saqlash, plastikni yoqmaslik, kimyo¬viy idishlarni uy-ro‘zg‘orda qayta ishlatmaslik zamonaviy fermer madaniyatining ajralmas qismidir. Axir toza dala faqat chiroy emas, u tuproq unumdorligi, suv xavfsizligi, texnika ishi, tola tozaligi va xo‘jalik obro‘si.
Qo‘llanma nega uch tilda tayyorlandi?
Bugun paxtachilik tajribasi bir hudud yoki bir mamlakat chegarasida qolib ketmaydi. Qurg‘oqchilik, issiq, sho‘rlanish va suv tanqisligi Markaziy Osiyoda ham, boshqa paxtachilik mintaqalarida ham o‘xshash savollarni tug‘dirmoqda. O‘zbekiston dalalarida sinovdan o‘tayotgan ko‘chat qalinligi, qo‘shqator ekish, stressga qarshi oziqlantirish, hosilni yetiltirish va toza dala madaniyati boshqa mamlakatlar mutaxassislari uchun ham qiziq.
Shu sababli sakkiz qonuniyat qo‘llanmasi o‘zbek, rus va ingliz tillarida bir to‘plamga jamlandi. Unda har bir qonuniyat bo‘yicha maqsad, amaliy ketma-ketlik, me’yor va muddatlar, ehtiyot choralari hamda ko‘p uchraydigan xatolar batafsil berilgan. Maqsad — fermerga yana bir kitob berish emas, u qaror qabul qilishda qo‘liga tushadigan, agronom dalada ochib qaraydigan va mutaxassis tavsiyani bir xil tushuntiradigan umumiy ish qo‘llanmasini yaratishdir.
Sakkiz qonuniyatning har biriga alohida qaralsa, oddiydek tuyuladi. Lekin ular birgalikda qo‘llanganda navning genetik imkoniyati haqiqiy hosilga, fermer mehnati daromadga, ilm esa daladagi natijaga aylanadi. Bu model davlatning qo‘llab-quvvatlashi, fermerning iqtisodiy manfaati va tashabbusi, ilm-fan, genetika va epigenetik bilim, texnologiya intizomi hamda inson va tabiat oldidagi mas’uliyatni yaxlit zanjirga birlashtiradi.
Har gektarda yetarli va bir tekis ko‘chat. Har ko‘chat uchun to‘g‘ri joy. Har tupda me’yordagi bo‘y va 8-10 ta bo‘liq ko‘sak. Har bosqichda to‘g‘ri sug‘orish va muvozanatli oziqlantirish. Har zararkunandaga o‘z vaqtida, oqilona javob. Mavsum oxirida pishishni boshqarish. Har bir ishda intizom. Terimdan keyin toza dala.
Mana shu sakkiz qoida O‘zbekiston paxtachiligining yangi madaniyatini belgilaydi. Zero, yuqori hosil tasodifan olinmaydi. U davlat yaratgan imkoniyat, ilm bergan yechim va fermerning har kuni daladagi mas’uliyatli harakati orqali kuzatiladi, o‘lchanadi, bosh¬qariladi va vujudga keladi.
Ibrohim ABDURAHMONOV,
qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik,
Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi raisi