Zamonaviy oziq-ovqat ratsioniga kiradigan ultra qayta ishlangan mahsulotlar buyrak salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni ular tana a’zolarning surunkali kasalliklari rivojlanishini tezlashtirishi mumkin. Lodz tibbiyot universiteti olimlari Nutrients jurnalida chop etilgan tadqiqot sharhida shunday xulosaga kelishdi, deb xabar berdi lenta.ru.
Tadqiqotchilar o‘ta qayta ishlangan (ultra) oziq-ovqatlarning surunkali buyrak kasalligi rivojlanishiga ta’siri haqidagi ma’lumotlarni o‘rganishdi. Bunday mahsulotlarga quyidagilar kiradi: gazlangan shirin ichimliklar, tayyor taomlar (ya’ni muzlatilgan va qayta qizitiladagan yeguliklar), kolbasa va qayta ishlangan boshqa xil go‘sht mahsulotlari, chipslar, shirinliklar, do‘kon pishiriqlari va ba’zi tez tayyorlanadigan taomlar.
Bunday ovqat odatda ko‘p miqdorda tuz, ko‘p shakar qo‘shilgan, to‘yingan yog‘lar va ozuqaviy qo‘shimchalarni o‘z ichiga oladi, ammo kletchatka va foydali moddalarning kamligi bilan ajralib turadi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, o‘ta qayta ishlangan mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish surunkali buyrak kasalligi rivojlanish xavfining oshishi, buyrak filtratsiyasi tezligining tezroq pasayishi va allaqachon mavjud bo‘lgan kasallikning rivojlanishini tezlashtirishi bilan bog‘liq.
Olimlarning fikricha, salbiy ta’sir bir necha mexanizmlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunday oziq-ovqat surunkali yallig‘lanish, oksidlanish stressi, qon bosimining ko‘tarilishi va moddalar almashinuvining buzilishiga olib keladi. Bu jarayonlar buyrak to‘qimalariga asta-sekin zarar yetkazishi mumkin.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, o‘ta qayta ishlangan mahsulotlarni kamroq qayta ishlangan oziq-ovqatlar, jumladan, sabzavotlar, butun donlar, dukkaklilar va boshqa yuqori tolali mahsulotlarga almashtirish buyrak salomatligini himoya qilish strategiyalaridan biri bo‘lishi mumkin.