Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 5,66 milliard ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mavjud bo‘lib, bu butun sayyora aholisining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Internetdan foydalanuvchilarining 93,8 foizini ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tashkil etadi. O‘rtacha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi har oyda yettiga yaqin turli platformalarga tashrif buyuradi va har hafta turli tarmoqlarda o‘rtacha 18 soatdan ko‘proq vaqtini o‘tkazadi. Bunday statistika nafaqat axborot iste’moli hajmining o‘sishini anglatadi, balki turli huquqiy munosabatlarning yuzaga kelishiga ham turtki beradi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi axborot almashinuvi, ko‘pincha, kontent ko‘rinishida taqdim etiladigan axborot majmui bilan bog‘liq bo‘ladi. Foydalanuvchilar turli shakldagi kontent yaratishi, undan foydalanishi va ulashishi mumkin. Misol uchun, ovozli (audio kontent), audiovizual (videokontent), matnli (postlar va intervyular) va hokazo. Kontentlar mazmunan muayyan axborot bo‘lsada, uning yaratilishida ijodiy yondashuv mavjud bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ijodiy tusga ega kontentlar asar sifatida tan olinishi mumkin. Jamiyatimizda, ayrimlarning ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan kontent (fotosurat yoki matn) o‘z-o‘zidan “hech kimniki” bo‘lib qoladi va har kim undan bemalol foydalanishi mumkin degan yanglish qarashi bor. Aslida, ijodiy tusga ega kontent asar sifatida mualliflik huquqi doirasida tavsiflanadi. Kontentni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish kontent muallifi huquqlarining tugashiga olib kelmaydi.
E’tiborli jihati shundan iboratki, kontentni asar sifatida e’tirof etish uchun mansabdor shaxsga borish yoki kontentni maxsus idorada ro‘yxatdan o‘tkazish shart emas. Mualliflik huquqi asar yaratilgan vaqtdan vujudga keladi va biron-bir rasmiyatchilikni talab etmaydi.
Ijtimoiy tarmoqning imkoniyatlarini axborot olishni osonlashtirib, muayyan axborotning tez tarqalishiga sabab bo‘ladi. Kontent ham tez o‘zlashtirilishi va tarqatilishi oddiy hol. Ayrim hollarda, kontent yaratgan muallifning roziligisiz uning asarini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish holatlari ham bor. Misol uchun, o‘tkan yili amerikalik tarjimon Mark Rizning “O‘tkan kunlar” asari tarjimasi uning ruxsatisiz bir oliygoh vakili tomonidan ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilganligi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur vaziyat mualliflik huquqi masalasi qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatmoqda.
Demak, kontentni mualliflik huquqi doirasida muhofaza qilish muhim sanaladi. Zero, odatda, kontent foydalanuvchi fikrini ifodalashning o‘ziga xos shaklidir. Bern konventsiyasi me’yorlari nuqtai nazaridan fikr ifodalash shakli platformaga bog‘liq emas. Bugungi kunda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqdagi bir daqiqalik videorolik yaratish uchun ijodkor bir necha kun ijodiy izlanishi mumkin. Bu og‘ir ish va muayyan mehnat talab etadi. Agar ijtimoiy tarmoqlardagi kontent (post, fotosurat yoki videorolik) o‘ziga xoslik va ijodiy xususiyatga ega bo‘lsa, ular o‘z-o‘zidan asar sifatida e’tirof etilishi mumkin.
Biroq, har qanday kontent ham o‘ziga xoslik yoki ijodiy xususiyatga ega deb bo‘lmaydi. Masalan, matn ko‘rinishidagi oddiy matbuot axboroti (“bugun shaharda ob-havo bulutli, yomg‘ir yog‘ishi mumkin”, “futbol bo‘yicha Jahon chempionati yaxshi o‘tmoqda”)ni asar deb atab bo‘lmaydi. Huddi shunday, qaysidir voqea haqidagi umumiy tusdagi ma’lumot oddiy axborot bo‘lsa, ushbu voqeani tavsiflovchi, uning ahamiyatini ochib beruvchi tahliliy ma’lumot asar sifatida tan olinadi.
Quyidagi shartlar mavjud bo‘lganda, ijtimoiy tarmoqdagi kontent asar sifatida tan olinishi mumkin:
- kontent ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi bo‘lgan shaxsning ijodiy mehnati bo‘lib, bunda foydalanuvchi kontentni tarmoqda yaratgan yoki tayyor kontentni platformaga yuklagani ahamiyatga ega emas;
- kontentdagi ijodiy mehnat o‘ziga xos va nisbatan yangi bo‘lgan muayyan ob’ektiv ifoda shaklida (matn, audio, foto, video yoki animatsiya) namoyon bo‘ladi;
- kontent minimal ijodiy elementga ega bo‘lishi (o‘ziga xos taqdimot va tuzilma, o‘ziga xoslik va betakrorlik) va oddiy matbuot axboroti bo‘lmasligi kerak.
Kontent asar sifatida e’tirof etilishi mazkur kontent muallifi muayyan huquqlarga ega bo‘lishini anglatadi. Xususan, mazkur kontentdan tijoriy maqsadlarda foydalanish uchun kontent muallifi roziligini olish talab etiladi. Binobarin, kontentdan ruxsatsiz foydalanish kontent muallifining huquqlari buzilishi sifatida baholanadi. Bundan tashqari, kontentning asar sifatida muhofaza qilinishi boshqa bir shaxsning ijodiy mehnati tan olinishiga va hurmat qilinishiga xizmat qiladi.
Kontent asar sifatida tan olinishi quyidagilar sababli muhim hisoblanadi.
Birinchidan, kontentning asar sifatida e’tirof etilishi boshqalar ijodining tan olinishiga imkon beradi. Kontentga nafaqat axborot sifatida, balki ijod mahsuli sifatida qaraladi. Muallif uchun ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishish, ijodkor sifatida obro‘-e’tiborga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi.
Ikkinchidan, ijodiy kontentni mualliflik huquqi orqali tan olish o‘zining huquqlarini qayd etish vositasi hisoblanadi. Natijada ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘zganing kontentini o‘zlashtirishi yoki uni buzib talqin qilishi mumkin bo‘lmaydi. Mualliflik huquqi maqomisiz ijtimoiy tarmoqlar va ularning foydalanuvchilari boshqalarning kontentidan foyda olishlari mumkin, bu esa ijodkorlikka bo‘lgan rag‘batni pasaytiradi.
Uchinchidan, mualliflik huquqi orqali kontent muallifining foyda oish imkoniyati beradi. Muallif ijtimoiy tarmoqlar orqali yaratgan asarlardan naf ko‘rishi, ulardan foydalanilganligi uchun haq olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Misol uchun, Marg‘ilon shahrida joylashgan O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov muzeyida adibning «Muhabbatnoma» asari qalam haqiga olingan «Volga» mashinasi eksponat sifatida quyilgan. Bu misol muallif asari ortidan nafaqat mashhurlik, balki iqtisodiy naf olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, ijtimoiy tarmoqlardagi kontentning to‘laqonli asar sifatida e’tirof etilishi Internet makonida, jumladan ijtimoiy tarmoqda o‘zaro hurmat va ehtirom muhitini yaratadi, ijodkorlarning huquqlariga rioya etilishini ta’minlaydi.
Xo‘jaev Shoxjaxon,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Intellektual mulk huquqi sho‘basi mudiri, PhD