Mazkur Reglament ijtimoiy xodimlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi (Agentlik) tizimidagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi (vakolatli organ) tomonidan malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Qarorga ko‘ra, malaka sertifikati nazorat sinovi natijalaridan kelib chiqib quyidagi tartibda beriladi:
1 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – III toifa malaka sertifikati;
2 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – II toifa malaka sertifikati;
3 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – I toifa malaka sertifikati.
Talabgordan III toifali malaka sertifikatini olish uchun oliy ma’lumot, II va I toifali malaka sertifikatini olish uchun tor doiradagi oliy ma’lumot talab qilinadi.
Malaka sertifikati 5 yil amal qilish muddati bilan beriladi.
Malaka sertifikatini olish bo‘yicha nazorat sinovida ishtirok etishi uchun talabgor vakolatli organning kamida 36 akademik soatlik o‘quv kurslarida malaka oshirishi lozim bo‘ladi.
Malaka sertifikatini olish uchun nazorat sinovi, qoida tariqasida, har chorakda 1 marta o‘tkaziladi.
Talabgorlar test va keys tahlili bo‘yicha umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.
Nazorat sinovi natijasi bo‘yicha 70 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor nazorat sinovidan o‘tgan hisoblanadi.