"Taʼlim sohasidagi bugungi yangilanishlarning asosiy mazmun-mohiyati nimada?" degan savol tug‘ilishi tabiiy, deb yozadi Sherzod Asadov.
Uning taʼkidlashicha, Prezidentning ikki vazirlikni birlashtirishdan ko‘zlagan asosiy g‘oyasi quyidagilardan iborat:
- Taʼlim va ilm-fan vazirligi barcha bog‘cha, maktab, professional va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etishi va ularning operatsion jarayonlari uchun masʼul bo‘lishi, taʼlim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilashi, akkreditatsiyalash va litsenziyalash bilan shug‘ullanishi kerak;
- Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqadigan o‘ziga xos laboratoriya vazifasini bajarishi, ularni amaliyotga joriy etishi, natijalarini kuzatishi va aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtirib borishi kerak. Bu ishlar Prezidentimiz belgilab bergan "o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti"ga tayangan holda olib boriladi;
- Prezident Administratsiyasi va uning huzurida tashkil etiladigan alohida ishchi guruh yangi vazirlikning tuzilmasini ishlab chiqadi, ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda islohotning umumiy strategiyasini belgilaydi;
- oliy taʼlimda davat aralashuvini keskin qisqartirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish va nodavlat sektor uchun imkoniyatlar yaratish lozim, qaysi oliygoh sifatli taʼlim berayotganini esa erkin raqobat va bozor talabi ko‘rsatishi kerak.