Tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullaev, viloyat va tuman hokimliklari masʼullari, temir yoʻl sohasi vakillari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Mazkur loyiha hudud aholisi uchun yillar davomida dolzarb boʻlib kelgan transport muammosini hal etishga qaratilgan. Avvallari poyezdlar harakati sababli temir yoʻl kesishmasida avtomobillar va piyodalar uzoq vaqt kutib qolar, bu esa harakat xavfsizligiga ham taʼsir koʻrsatar edi.
«Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ tomonidan «Sobir Rahimov — Oʻrtaovul» bekatlari oraligʻidagi 3384-kilometr, PK-2 nuqtasida mavjud temir yoʻl kesishmasi oʻrnida yangi yoʻl oʻtkazgich barpo etildi.
Qurilish doirasida uzunligi 23,6 metr boʻlgan bir dona ikki yoʻlli temir yoʻl koʻprigi qurildi. Shuningdek, temir yoʻl izlari oʻz joyiga qaytarilib, 1200 metr uzunlikdagi aylanma temir yoʻl va avtomobil yoʻli barpo etildi.
Tadbirda viloyat hokimi yangi yoʻl oʻtkazgich aholi uchun qulaylik yaratish, harakat xavfsizligini taʼminlash va vaqtni tejashda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Marosimda ramziy qizil lenta kesilib, yangi yoʻl oʻtkazgich foydalanishga topshirildi. U orqali ilk avtomobillar harakati ham yoʻlga qoʻyildi.
Yangi infratuzilma Zangiota tumani aholisi va ushbu hudud orqali harakatlanuvchi haydovchilar uchun qulaylik yaratishi, temir yoʻl kesishmasidagi tirbandliklarni kamaytirishi hamda transport harakati xavfsizligini oshirishi kutilmoqda.