Tashabbus Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Ustyurt cho‘lining suv resurslari cheklangan hududida o‘rnatilgan tizimlar, ayniqsa, sayg‘oqlar va boshqa yovvoyi hayvonlar uchun qo‘shimcha suv manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Quyosh energiyasida ishlaydigan va to‘liq avtomatlashtirilgan tizimlarning har biri 3 kub metr sig‘imli suv havzasi, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minotiga doimiy ulanmasdan suv yetkazib berish imkonini beradi.

Shuningdek, hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzo‘q o‘rnatildi. Ular yovvoyi hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishini qayd etish va suv ichish joylaridan foydalanishini o‘rganish imkonini beradi.

Mazkur kuzatuv vositalari orqali hayvonlar populyatsiyasining holatini monitoring qilish uchun ham ma’lumotlar to‘planadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida qo‘shimcha suv manbalarini yaratish sayg‘oqlar va boshqa yovvoyi hayvonlar populyatsiyalarini saqlash hamda tiklashda muhim ahamiyatga ega.

Yangi infratuzilma tabiatni muhofaza qilish choralarini zamonaviy kuzatuv texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.