Bu haqda gidrometeorologiya xizmati tezkor axborot berdi.
Maʼlum qilinishicha, 3–4-oktyabr kunlari shimoliy va choʻl hududlarida, 4–5-oktyabr kunlari esa mamlakatning qolgan hududlarida yomgʻir yogʻadi. Ayrim joylarda yogʻingarchilik kuchli boʻlishi mumkin. Baland togʻli hududlarda yomgʻir qorga aylanadi.
Havo harorati asta-sekin pasayib, kunduzi 15–20 daraja, kechasi 5–10 daraja iliq boʻladi. Shimoliy hududlarda esa kunduzi 12–17 daraja, kechasi 2–7 daraja iliq harorat kuzatiladi.
3–4-oktyabr kunlari respublika boʻyicha ayrim joylarda shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayadi. Baʼzi hududlarda esa chang-toʻzon bilan birga shamol tezligi sekundiga 20–22 metrgacha yetishi mumkin.
Shuningdek, 5–6-oktyabr kunlari respublikaning ayrim hududlarida tuman tushishi kutilmoqda.