Bu yerda islom dini, xususan, hadis ilmi taraqqiyoti, alloma ilmiy merosining zamonaviy axborot texnologiyalari orqali namoyish etilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Imom
Buxoriy innovatsion muzeyi jami 9 pavilyondan tashkil topgan. Ularda namoyish
etiladigan barcha mediamahsulotlar, interaktiv oʻyinlar, animatsiyalar, mepping
va boshqalar bevosita “Outdoor Factory” kompaniyasining yuqori malakali
mutaxassislari hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining
ilmiy-ijodiy guruhi aʼzolari bilan hamkorlikda tayyorlangan.
1-pavilyon
“Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi” deb nomlanib, u bir necha tematik
boʻlim — Qurʼoni karimda ismlari zikr qilingan paygʻambarlar haqida maʼlumotlardan
(ekspozitsiya tushuntirish matni va interaktiv infokiosk koʻrinishida) iborat.
Matnda barcha paygʻambarlarni birlashtirib turuvchi umumiy xislatlar va
fazilatlar, ularning vazifalari Qurʼoni karim va hadisi shariflarda kelgan
maʼlumotlar asosida yoritib berilgan. Har bir ism ustiga bosilganda oʻsha
paygʻambar haqida qisqacha axborot, matn soʻngida Muhammad alayhissalom
paygʻambarlarning eng oxirgisi ekani haqida maʼlumot beriladi. Rasuli akram
alayhissalomning ismlari, sifatlari va ularning maʼnolari ekspozitsiyada
kalligrafik freska uslubida yasalgan.
Muhammad
alayhissalomning shajaralari ekspozitsiyadan oʻrin olgan yirik hajmdagi daraxt
shaklidagi interaktiv infokiosk yordamida namoyish etilgan. Unda interaktiv
usulda tomoshabinga shajaradan oʻrin olgan har bir ism haqida toʻliqroq
maʼlumot olish imkoni beriladi.
Paygʻambar
alayhissalomning dunyoga kelishi va nubuvvatning boshlanishi (ekspozitsiya
shahar maketi va proyeksion videofilm koʻrinishida), hujrai saodatning qayta
tiklangan koʻrinishi proyeksion videofilm shaklida aks ettirilgan.
Hiro
gʻorida ilk vahiy nozil boʻlishi (maketda Hiro gʻori va uning atrofi) ifoda
etilgan. Uning ichidagi monitorda Qurʼoni karim “Alaq” surasining ilk besh
oyati oʻqilib turadi.
2-pavilyon
“Hadis ilmining paydo boʻlishi va rivojlanishi” deb nomlangan boʻlib, unda
tomoshabinlarga eksponatlar, infografik, audio va vizual materiallar orqali
hadis ilmining paydo boʻlish va rivojlanish tarixi bilan tanishish imkoniyati
taqdim etiladi.
Tushuntirish
matni yordamida oʻz davrida sahobalarning hadis tinglash, savol berish va
ularni yodlab qolish uchun oʻzaro musobaqalashgani yo navbat tutgani haqida
axborot, infografik pannoda esa Muhammad alayhissalomdan eng koʻp hadis rivoyat
qilgan sahobalar roʻyxati berilgan. Ular orasida Oisha roziyallohu anho kabi
ayollarning ham mavjudligi islom olamida ilmiy maktablar rivojida ayollarning
oʻrni muhim ekanini anglatadi.
Pavilyonning
uchinchi qismida xaritada ilk oʻrta asrlardagi Movarounnahr va Xuroson
shaharlarining qadimgi nomlari hamda tarixiy madaniy markazlar va viloyatlar
ajratib koʻrsatilgan. Karvon yoʻllari va ular oʻrtasidagi masofalar sayohatlar
mashaqqati haqida aniqroq tasavvur shakllantirish maqsadida kun oʻlchamlarida
berilgan.
Ekspozitsiya
zalining atrofida, xaritada koʻrsatilgan shaharlar ustida movarounnahrlik
muhaddis ulamolarning tarjimayi holi va ilmiy merosi haqida maʼlumotlar,
vitrinalarda esa muhaddislar asarlaridan namunalar taqdim etilgan.
Galereyada
“Sihohi tisʼa” — eng ishonchli toʻqqiz toʻplam va ularning mualliflari haqida
maʼlumot beruvchi lavha joylashtirilgan. Unda hadis toʻplami nomi, hadislar
soni, muallifining hayot yillari aks ettirilgan. Vitrinalarda muhaddislar
asarlarining qoʻlyozma nusxalaridan namunalar qoʻyilgan.
3-pavilyon
“Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati” deb nomlangan. Bu qismni tashkil
etishdan koʻzlangan asosiy maqsad muzeyga tashrif buyuruvchilar koʻz oʻngida
alloma hayoti va ilmiy faoliyatini qayta tiklash, ilmiy merosi naqadar buyuk
ahamiyatga ega ekanini koʻrsatib berish hamda yoshlarda ilm-fan bilan
shugʻullanishga mehr-muhabbat va ragʻbat paydo qilishdir. Imom Buxoriyning
hayoti va ilmiy faoliyatining rivojlanish bosqichlarini uch qismga boʻlish
mumkin.
Allomaning
ilm ostonasiga qadam qoʻyishida u yashagan xonadondagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit
alohida ahamiyatga ega. Ekspozitsiyaning birinchi qismida oʻsha oilaviy muhit
gavdalantirilgan. Unda Imom Buxoriyning ota-onasi va allomaning bolaligi
haqidagi maʼlumotlar berilgan.
Keyingi
qismda Imom Buxoriyning Buxoroda oʻtgan maktab yillari haqida soʻz boradi. U
yoshligidan aql-idrokli, oʻtkir zehnli va maʼrifatga havasi kuchli boʻlib,
turli fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zoʻr qiziqish bilan egallagan.
Uchinchi
qismda 16 yoshga yetganida Imom Buxoriy akasi Ahmad va onasi bilan birga haj
ibodatini ado etish uchun Buxorodan Makka sari yoʻl olgani aks ettirilgan.
Shuningdek, interaktiv xarita orqali Buxoriyning ilm yoʻlida safar qilgan
shaharlari koʻrsatilgan.
Alloma
muqaddas shaharlar — Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab,
hadis boʻyicha oʻz bilimini yanada oshirish maqsadida oʻsha paytda ilm-fanning
yirik markazlari hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi
shaharlarda yashaydi. U joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda
fiqh ilmidan ham taʼlim oladi, yirik olimlar bilan ilmiy bahs-munozaralarda
qatnashadi va tolibi ilmlarga dars beradi.
4-pavilyon
“Imom Buxoriy: Buyuk fenomen” deb nomlangan boʻlib, unda allomaning hayoti va
faoliyati haqidagi film katta ekranda namoyish etiladi.
5-pavilyonga
“Imom Buxoriy fazilatlari” deb nom berilgan. Unda Imom Buxoriyning buyuk ilmiy
salohiyati, eng ishonchli hadislarni saralash va avlodlarga qoldirish yoʻlida
chekkan ilmiy zahmati, taqvosi, islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi oʻrinda
turuvchi asar muallifi ekani, uni butun dunyo eʼtirof etgani, yoshligidan zehni
oʻtkir va xotirasi kuchli boʻlgani, ota-onasi va ustoz-shogirdlariga samimiy
munosabati kabi jihatlari koʻrsatib berilgan. Ushbu qismda allomaning ilm
yoʻlida chekkan mashaqqatlari va sinovlarni yengib oʻtishdagi jasorati haqidagi
maʼlumotlar keltirilgan boʻlib, bu, oʻz navbatida, yoshlar qalbida ajdodlar
bilan faxrlanish tuygʻusini kuchaytiradi.
Pavilyonning
butun hududi boʻylab proyeksiya orqali mavzuni yoritadigan videolar uzluksiz
koʻrsatib turiladi. Videofilmlar mavzularga boʻlingan holda ketma-ket davom
etib, pavilyonga istalgan vaqtda kelgan tomoshabinga mavzuga tezda kirib olish
imkoniyatini beradi.
Buyuk
imtihon haqida. Mazkur qismda allomaning ilm talabidagi safarlari, sinovlar
girdobi — Bagʻdod, Samarqand va Nishopurdagi imtihonlar, ilm yoʻlidagi
mashaqqatlarni sabr-matonat bilan yengib oʻtishi, kundan kunga yuksalishi,
darajasi ortib borishi va atrofida ixlosmand shogirdlarining koʻpayishi
maketlar orqali koʻrsatilgan.
Imom
Buxoriyning betakror xotira egasi boʻlgani haqida film. Ushbu filmda Imom
Buxoriyning xotirasi favqulodda kuchli boʻlgani, eshitgan hadislarini darhol
yodlab olgani haqida maʼlumot beriladi. Bilamizki, Imom Buxoriy umri davomida
600 mingdan ziyod hadisni jamlagan, 200 mingtasini
roviylari va ularning tarixi bilan birga toʻliq yoddan bilgan. Ushbu maʼlumot
animatsion tarzda ekranda namoyish etiladi va allomaning xotirasi qanday
boʻlgani bugungi kundagi tushunchamiz asosida koʻrsatib beriladi.
“Imom
Buxoriy avlodlari” nomli 6-pavilyonda yosh tomoshabinlarga muzey
konsepsiyasidan oʻrin olgan mavzular bilan oʻyinli interaktiv eksponatlar
orqali tanishish, oʻrganish imkoniyati berilgan. Yosh tomoshabinlar uchun
muzeylarning bolalar boʻlimida olgan ilk tajribasi ular ongida mavzu haqida
yetarlicha tasavvur shakllanishida muhim ahamiyatga ega.
Uchar
gilamda tarixga sayohat 5D filmi 7 yoshdan yuqori boʻlgan tomoshabinlarga oʻrta
asrlardagi islom olami shaharlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Tomoshabinlar Imom Buxoriy borgan qadimgi shaharlarga sayohatga taklif etiladi.
Film namoyishi davomida undagi voqea va hodisalar bilan hamohang
harakatlanuvchi maxsus oʻrindiqda oʻtirgan tomoshabinlar oʻzini qadimiy
maskanlar boʻylab uchar gilamda sayohat qilayotgandek his etadi.
Yosh
Muhammad ibn Ismoil bilan birga xotira oʻyini. Imom Buxoriyning ilmiy merosi va
allomaning shaxsiy fazilatlari bevosita xotira bilan bogʻliq. U bolaligidan
maʼlumotlarni tez va bexato yodda saqlab qolish salohiyatiga ega boʻlgan.
Allomaning bunday fazilati haqida tasavvur shakllantirish uchun yosh
tomoshabinlar xotira bilan bogʻliq interaktiv oʻyinga taklif etiladi. Oʻyinning
asosiy qahramoni sifatida yosh Imom Buxoriy qiyofasi aks etadi.
Hamma
tomonlariga interaktiv proyeksiya tushirilgan maxsus xonada tomoshabinlarni
yosh Muhammad ibn Ismoil kutib oladi. 10-15 daqiqa davom etadigan interaktiv
mashgʻulotda bir necha tomoshabin jamoa shaklida ishtirok etishi mumkin.
7-pavilyon
“Al-Jomeʼ as-sahih” — Islom dinining ikkinchi manbasi” deb nomlangan. Bu asar
hadisshunoslik sohasida umumeʼtirof etilgan moʻtabar kitob boʻlib, islom
olamida Qurʼoni karimdan keyingi manba hisoblanadi. Shu sababli ushbu
pavilyonda mazkur buyuk toʻplamning ilmiy-amaliy, hayotiy ahamiyatini koʻrsatib
berish maqsad qilingan.
8-pavilyon
“Imom Buxoriy merosi va bugungi kundagi ahamiyati” deb nomlangan. Hozirgi
yoshlar tarbiyasida alloma asarlari va hadislarining ahamiyati yuqori ekanini
inobatga olib, muzeyning ushbu qismiga alohida eʼtibor qaratilgan. Pavilyon
markazidagi yirik lavh ustida “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining katta hajmdagi
maketi oʻrin olgan. Uning atrofidan yozuv qogʻozi oʻngdan chapga qarab, soat
harakatiga teskari ravishda, shiftga tomon aylanib, koʻtarilib chiqqan.
Qogʻozning boshlanish qismida toʻplamdagi birinchi hadis — paygʻambar
alayhissalomning “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir. Albatta, har bir kishiga
niyat qilgan narsasi boʻladi” soʻzlari 22 ta turli xorijiy tilda goʻzal
xattotlik usulida yozilgan. Qogʻozning davomi (mato shaklida) pavilyon boʻylab
aylanishda davom etadi. Matolar orasi keng boʻlib, matnlarni bemalol oʻqish
mumkin. Ushbu hadis kundalik hayotimizda sodir boʻlayotgan barcha amallar
oʻzagini tashkil etadi. Shuningdek, ushbu pavilyon devorlaridagi mavjud
ekranlarda uch tilda Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” asaridan tanlangan
hadislar joylashtirilgan.
“Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy islohotlar
va Imom Buxoriy merosiga eʼtibor” deb nomlangan 9-pavilyonda mustaqillik
yillarida va yangi Oʻzbekiston davrida amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy
islohotlar, xususan, hadis ilmining sultoni — Imom Buxoriyning vatan, millat va
din manfaatlari yoʻlida qilgan xizmatlarini munosib baholash va ruhini shod
etish maqsadida alloma maqbarasi atrofida olib borilgan obodonlashtirish
ishlari, uning ulkan merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish va xalqimizga
yetkazishga qaratilgan tarjima va nashr ishlari, Imom Buxoriy asarlarini
yurtimiz va jahon jamoatchiligi orasida keng targʻib etish maqsadida qabul
qilingan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar haqida maʼlumot berilgan.
Ushbu
qismda Imom Buxoriy maqbarasining mustaqillikdan oldingi holatini aks
ettiruvchi maket joylashtirilgan va yonida majmua haqida maʼlumot yozib
qoʻyilgan. Shuningdek, maqbaraning yangilangan koʻrinishidagi maketi ham joy
olgan boʻlib, u haqida ham qisqacha maʼlumot beriladi. Mustaqillik yillarida
obodonlashtirilgan holatdagi ziyoratgoh maketi ham mavjud.
Yangi
Oʻzbekistonda alloma hayoti va ilmiy merosini oʻrganish davlat siyosati
darajasiga koʻtarilgani va Imom Buxoriy majmuasi butunlay yangi qiyofaga
kirganini aks ettiruvchi koʻrgazmalar ham pavilyondan oʻrin olgan. Bunda
quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgan:
—
2016-yilning 18-oktyabrida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar
vazirlari kengashining 43-sessiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti
tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi yonida Imom Buxoriy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani
koʻrsatilgan;
—
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining
72-sessiyasidagi nutqida: “Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy oʻz
ahamiyatiga koʻra islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob
hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan”,
deya ilk bor eng katta minbarda Imom Buxoriy nomini tilga olib, ulugʻ alloma
ilmiy merosi ahamiyatini jahon ommasiga ochib bergan.
Pavilyonning
alohida qismidan “Imom Buxoriy” oliy ordeni vitrinasi oʻrin olgan. Unda
ordenning oʻzi, uni taʼsis etish boʻyicha hujjatlar nusxalari joylashtirilgan.
Yuqoridagilarga qoʻshimcha tarzda 9-pavilyon devoriga Saudiya Arabistoni
Podshohi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan sovgʻa qilingan kisva — Kaʼbapoʻsh
osilgan boʻlsa, boshqa joyda turli mamlakatlar rahbarlari tomonidan Imom
Buxoriy majmuasiga hadya qilingan Qurʼoni karim nusxalari joylashtirilgan.
Muzeyning
chiqish qismi Imom Buxoriyning soʻnggi yillarda nashr etilgan asarlariga oid
eksponatlar bilan toʻldirilgan. Ushbu qismdan shayx Muhammad Sodiq Muhammad
Yusuf tomonidan amalga oshirilgan “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining oʻzbek tilidagi
eng yirik tarjimasi boʻlmish “Oltin silsila: Sahihul Buxoriy” (8 jildli)
kitoblari, allomaning ikkinchi bosh asari boʻlmish “Al-adab al-mufrad” kitobiga
shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan yozilgan sharh asosida nashr
etilgan “Odoblar xazinasi” (4 jildli) kitoblari, “Birrul volidayn” (“Ota-onaga
yaxshilik qilish”) kitobi, “Sahihi Buxoriy” sharhi” kitoblari (27 jildli) va
“Imom Buxoriy saboqlari” jurnalining shu choqqacha nashr etilgan nusxalari
oʻrin olgan.
Bugun
yangi Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda, xususan,
allomalar ilmiy merosini oʻrganish va xalqimiz orasida keng targʻib qilish
boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk bobokalonlarimiz
abadiy qoʻnim topgan joylarni obodonlashtirish, asarlarini oʻzbek tiliga tarjima
qilish, xalqimiz orasida keng targʻib etish shular jumlasidan. Mazkur tadbirlar
natijasi oʻlaroq, hozirgi kunda Imom Buxoriy majmuasi toʻliq yangidan barpo
etilib, uning tarkibida Imom Buxoriy muzeyi ochildi. Yuqorida keltirilganidek,
mazkur muzey eng soʻnggi texnologiyalar bilan taʼminlangan boʻlib, turli
qiziqarli va qimmatbaho eksponatlarni, jozibador maʼlumotlarni oʻz ichiga
olgan. Muzeyning alloma hayotining turli jihatlarini alohida aks ettirgan
boʻlimlarga taqsimlangani ziyoratchilarga maʼlumotlarni tizimli va tushunarli
tarzda yetkazish imkonini beradi. Bunday ulkan bunyodkorlik ishlari yangi
Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda muhim ahamiyatga ega
boʻlmoqda.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri