Tezkor tadbirlar davomida maktab direktori lavozimiga ishga joylashtirish va davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni kelishish bilan bog‘liq qonunbuzarliklarga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni Namangan shahridagi umumta’lim maktablaridan biriga direktor lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan.
U talab qilingan mablag‘ning 8,5 ming AQSH dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur mansabdor shaxs 2011 yilda firibgarlik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, pora olish hamda hujjatlar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, yana qonunga xilof harakat sodir etgan.
Yana bir holatda Namangan shahridagi maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimi davlat-xususiy sheriklik asosida ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorga tegishli shartnomalarni tasdiqlatib berishni va’da qilib, 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbirning davomida mazkur mablag‘ni olgan Davlatobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisining ham noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.