Viloyat qiyofasi oʻzgarib, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, infratuzilma, ayniqsa, taʼlim va ilm-fan sohalarida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning yaqinda
Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu jarayonlarni yangi bosqichga
olib chiqish, hududning imkoniyatlarini toʻliq ishga solish va xalqimiz
farovonligini yanada oshirish yoʻlida muhim voqea boʻldi. Tashrif
davomida belgilangan
vazifalar, ilgari surilgan tashabbuslar va
amalga oshirilayotgan yirik loyihalar Xorazmning kelgusi
taraqqiyot yoʻlini belgilab bermoqda. Ayniqsa, taʼlim va ilm-fanni
rivojlantirish, yoshlarning zamonaviy bilim hamda kasblarni egallashi uchun qoʻshimcha
imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor
qaratilayotgani bejiz emas. Chunki bugungi dunyoda mamlakat va hududlar
raqobatbardoshligi, eng avvalo, inson kapitali, bilim, ilm-fan hamda
innovatsion salohiyat bilan belgilanadi.
Tashrif chogʻida mamlakatimiz yetakchisi Xorazm viloyatida xalqaro taʼlim
hamkorligini rivojlantirish, hududga nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari
tajribasini olib kirish borasidagi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan,
Xitoyning nufuzli Lyaonin pedagogika universiteti filialining tashkil etilgani
davlatimiz tomonidan aynan pedagogik taʼlim sohasiga alohida eʼtibor
qaratilayotgani tasdigʻidir. Bu eʼtibor Xorazmda pedagogik taʼlim tizimining
xalqaro maydondagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Endi
yoshlarimiz nafaqat respublikamizdagi, balki xalqaro miqyosdagi ilgʻor taʼlim
tajribasi bilan bevosita tanishish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallash
imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yangi Oʻzbekistonni barpo etishning
mustahkam poydevori taʼlim, ilm-fan va tarbiya-dir. Bugun ana shu tamoyil
Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning mazmun-mohiyatida
oʻz ifodasini topmoqda.
Shu oʻrinda Urganch davlat pedagogika institutining tashkil etilishi va
qisqa muddatda bosib oʻtgan taraqqiyot yoʻli alohida eʼtiborga molik.
Prezidentimizning 2022-yil 21-iyundagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan
kundan boshlab institutimiz oldiga faqat pedagog kadrlar tayyorlash emas, balki
taʼlim tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, xalqaro tajribani
oʻrganish va amaliyotga joriy etish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda
raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash kabi muhim vazifalar qoʻyildi.
Bugungi globallashuv sharoitida hech bir oliy taʼlim muassasasi faqat
ichki imkoniyatlari bilan cheklanib qolishi mumkin emas. Zamonaviy
universitetning rivoji xalqaro hamkorlik, tajriba almashinuvi qoʻshma
dasturlar, akademik mobillik va xalqaro ilmiy tadqiqotlar bilan chambarchas
bogʻliq. Urganch davlat pedagogika instituti tashkil etilganidan buyon xalqaro
hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Jumladan, 2022-2026-yillarda institut tomonidan 20 ta davlatdagi oliy
taʼlim muassasalari va tashkilotlari bilan 70 ta hamkorlik bitimi imzolandi.
Biroq biz uchun xalqaro hamkorlik faqat bitimlar soni bilan oʻlchanmaydi.
Imzolangan hujjat oʻz-oʻzidan natija bermaydi. Hamkorlik oʻquv dasturlarida,
talabaning bilimi va koʻnikmalarida, professor-oʻqituvchining dars
metodikasida, kafedraning ilmiy, taʼlimiy faoliyatida oʻz aksini topishi lozim.
Shu sababli institut xalqaro hamkorlikni, avvalo, professor-oʻqituvchilar
salohiyatini oshirishdan boshladi. 2022-yildan buyon professor-oʻqituvchilar va
xodimlar Ozarbayjon, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Belarus, AQSH, Qozogʻiston, Buyuk
Britaniya, Indoneziya, Qirgʻiziston, Germaniya, Tojikiston, Yangi Zelandiya,
Italiya, Ispaniya, Malayziya va Finlyandiyada malaka oshirish hamda stajirovka
dasturlarida ishtirok etdi. Ularning xorijda orttirgan tajribasi institut
faoliyatiga, oʻquv dasturlariga va pedagogik jarayonlarga bosqichma-bosqich
joriy etilmoqda. Oʻz navbatida, xorijlik mutaxassislar institutda taʼlim, ilmiy
tadqiqot va xalqaro hamkorlik yoʻnalishlarida tajriba almashmoqda.
Xalqaro hamkorlikning eng muhim natijalaridan biri — qoʻshma taʼlim
dasturlarining yoʻlga qoʻyilishidir. Jumladan, Rossiyaning V.G.Korolenko
nomidagi Glazov davlat muhandislik-pedagogika universiteti bilan imzolangan
memorandum asosida talabalar uchun ikki diplomli taʼlim olish imkoniyati
yaratildi. Bunda ikki oliy taʼlim muassasasining oʻquv rejalari oʻzaro
taqqoslandi, fanlar va kreditlar muvofiqlashtirildi, taʼlim sifatini nazorat
qilish tizimlari kelishildi.
Joriy yilning oʻzida Polsha, Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston va
Qirgʻizistonning 10 ta oliy taʼlim muassasasi bilan yangi memorandumlar
imzolandi. Xususan, Yevropa oliy taʼlim makoni bilan hamkorlikni
rivojlantirish, ingliz tilidagi dasturlarni kengaytirish va akademik
kreditlarni xalqaro tizimlarga moslashtirish borasida yangi tajribalar
shakllanmoqda. Ingliz tilini oʻqitish metodikasini takomillashtirish
yoʻnalishida ham Britaniya kengashi va Angliyaning Norvich til taʼlimi
instituti bilan hamkorlik doirasida trening va seminarlar tashkil etildi.
Mazkur dasturlar professor-oʻqituvchilarning zamonaviy metodikalarni egallashi,
keyinchalik esa olingan tajribani institut va hududdagi boshqa taʼlim
muassasalariga yetkazishiga xizmat qilmoqda.
Xalqaro hamkorlik institutning ilmiy faoliyatiga ham ijobiy taʼsir
koʻrsatmoqda. Bugungi kunda Urganch davlat pedagogika instituti xalqaro
universitetlarning nufuzli reytingi hamda xalqaro baholash tizimida ishtirok
etuvchi oliy taʼlim muassasalari qatoriga kiritilgan. Shuningdek, institut
Yevroosiyo pedagogika universitetlari assotsiatsiyasiga aʼzo boʻldi. Albatta,
xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallash uzoq muddatli va tizimli
mehnatni talab qiladi.
Ammo institutning qisqa vaqtda xalqaro baholash tizimlariga kirib borishi
kelgusidagi yuksak marralar uchun muhim tajriba va poydevor boʻlib xizmat
qilmoqda. Har qanday taʼlim muassasasining bosh maqsadi bilimli, vatanparvar,
tashabbuskor va raqobatbardosh yoshlarni tarbiyalashdir. Shu bois, institutda
talabalar uchun nafaqat sifatli taʼlim olish, balki ilmiy, ijodiy, sport va
ijtimoiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Iqtidorli talabalarning 20 ga yaqini Prezident, nomdor va hokim
stipendiyalariga sazovor boʻldi. Xalqaro fan olimpiadalarida 5 talabamiz
gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Institut hududida 5 ta oʻquv binosi faoliyat yuritmoqda. Talabalar uchun
munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida institut hududida davlat-xususiy
sheriklik asosida zamonaviy 7 qavatli talabalar turar joyi bunyod etildi.
2026/2027 oʻquv yilida 7 qavatli zamonaviy oʻquv binosi foydalanishga
topshirildi. Ushbu bino yangi tashkil etilayotgan oliy maktablar, zamonaviy
taʼlim yoʻnalishlari, laboratoriyalar va innovatsion oʻquv jarayonlari uchun
muhim infratuzilmaviy asos boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi dunyoda matematika, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt
taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Ana shu ehtiyojdan
kelib chiqib, Prezidentimizning 2025-yil 28-apreldagi tegishli farmoni asosida
Urganch davlat pedagogika institutida Aniq fanlar pedagogika oliy maktabi
tashkil etilmoqda. Mazkur oliy maktab nafaqat yangi taʼlim yoʻnalishlarini
ochish, balki taʼlimning mazmun va sifat jihatidan mutlaqo yangi modelini
shakllantirishni nazarda tutadi.
Institutda 2026/2027 oʻquv yilidan sunʼiy intellekt hamda axborot
tizimlari va texnologiyalari kabi zamonaviy va istiqbolli taʼlim yoʻnalishlari
ochildi. Bu borada taʼlim jarayonini texnologik, pedagogik va mazmuniy jihatdan
uygʻunlashtiruvchi zamonaviy yondashuvlar asosida ish olib borilmoqda. Maqsad —
talabalarga faqat nazariy bilim berish emas, balki ularda muammoni hal qilish,
texnologiyalarni qoʻllash, mustaqil fikrlash va global jarayonlarni tahlil
qilish koʻnikmalarini shakllantirishdir.
Xorazm zaminida Prezidentimiz tashabbuslari va islohotlari asosida
shakllanayotgan yangi taʼlim muhiti zimmamizga yanada katta masʼuliyat
yuklaydi. Bugun viloyatimizda bunyod etilayotgan zamonaviy taʼlim maskanlari,
xalqaro universitetlar bilan yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlik, yangi taʼlim
yoʻnalishlari va innovatsion loyihalar ertangi kun uchun mustahkam zamin
yaratmoqda.
Urganch davlat pedagogika instituti ham ana shu buyuk maqsad yoʻlida
oʻzining munosib hissasini qoʻshishga intilmoqda. Bugun institut
auditoriyalarida tahsil olayotgan, ilmiy laboratoriyalarda izlanayotgan,
xalqaro loyihalarda ishtirok etayotgan va yangi texnologiyalarni
oʻzlashtirayotgan yoshlar kelgusida yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining munosib
bunyodkorlariga aylanadi.
Diyorjon ABDULLAYEV,
Urganch davlat pedagogika instituti rektori
vazifasini bajaruvchi, professor