Davlatimiz rahbarining shu yil 4-avgustdagi “Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan to‘liq qamrab olish, oilabay ijtimoiy hamrohlik tizimini kuchaytirish, to‘siqsiz va inklyuziv muhitni shakllantirish kabi qator asosiy maqsadlar belgilab berildi.

— Mazkur qarorda yillar davomida nogironligi bo‘lgan bolalarni ta’limga, umuman, jamiyatga qamrab olishda yuzaga kelgan ko‘plab masalalar yechimi mavjud, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev. — Bugun respublikamizda aynan ta’lim yoshidagi nogironligi bo‘lgan 170 mingga yaqin bola mavjud. Ularning 130 mingdan ortig‘i ta’limga va ijtimoiy xizmatlarga qamrab olingan. Hanuz uyda qolib ketayotgan bolalarni turli usullar yordamida ta’limga, ijtimoiy xizmatlarga qamrab olish mexanizmlari qarorda ko‘rsatib o‘tilgan.

Qarorda ehtiyojmand bolalarni izlab topib, tengdoshlariga qo‘shish barobarida, ularga beriladigan ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi. Xususan, 2027-yil 1-maydan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar vaucher asosida ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi zamonaviy assistiv jihozlar bilan ta’minlanadi. Vaucher orqali zarur apparatlardan bepul foydalanish imkoniyati o‘qituvchilarga ham taqdim etiladi. Vaucherlar tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari hamda baholash guruhining xulosasi asosida ajratiladi.

Shu o‘rinda alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalar qanday aniqlanadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Hujjatda belgilanganidek, 3-18 yoshdagi bolalarning alohida ta’limga ehtiyojini aniqlash va davlat ta’lim muassasalariga yo‘naltirish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining bolani kompleks baholash guruhi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda baholash guruhi tomonidan 3-18 yoshdagi bolaning ta’limga ehtiyojini baholash psixologik-pedagogik diagnostik mezonlar asosida, funksional imkoniyati, kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash esa nogironlikni baholash shkalasining mahalliy shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida bajariladi. Baholash guruhi faoliyati 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Navoiy va Xorazm viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Shu yil 1-sentabrdan boshlab alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilishda oilalar kesimida ishlanadi. Ya’ni mahallalardagi ijtimoiy ­xodimlar tomonidan ota-onaga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etish bo‘yicha amaliy yordam berib boriladi. Bu ishlarning natijasi muntazam kuzatilib, bolaning ta’lim va ijtimoiy xizmatlardan foydalanayotgani monitoring qilib turiladi.

Demak, ijtimoiy xodimlarning oila bilan ishlashdagi mas’uliyati yanada ortadi. Bu borada joylardagi ijtimoiy xodimlar bilan suhbatlashganimizda, ular shu paytgacha oila bilan emas, faqat bola bilan ishlab kelganini aytdi. Ya’ni alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar aniqlanib, inklyuziv ta’limga yo‘naltirilgan, xolos. Endi esa ota-onalar bilan jiddiy ishlanadi. Aniqrog‘i, avvalo, inklyuziv ta’limdan xabardorligi oshiriladi. Ushbu ta’limning mohiyati, samarasi keng targ‘ib qilinadi.

— Endi alohida ta’limga ehtiyojmand bolalari bo‘lgan oilalar bilan to‘laqonli ishlaymiz. Nafaqat ta’lim, balki boshqa ehtiyojlaridan kelib chiqib, oilaga ijtimoiy xizmatlarni belgilaymiz. Ushbu xizmat orqali bizga oilani reabilitatsiya xizmatlari, huquqiy, psixologik xizmatlarga ham to‘laqonli qamrab olish imkoniyati yaratiladi. Bu esa bolaning kelajagi bilan birga, oilaning hayot sifatini ham yaxshilashga xizmat qiladi, — dedi Navoiy shahridagi “Farovon” MFY ijtimoiy xodimi Dilafro‘z Akromova.

Jizzaxlik Gulnoza Muhammadova 2012-yilda tug‘ilgan egizak farzandlarining qulog‘i eshitmasligi, davlat tomonidan ularga qimmatbaho eshitish moslamasi qo‘yib berilganidan benihoya xursand. “Ota-onalar hech qachon shunday katta mablag‘ga bolasining qulog‘iga implant qo‘ydira olmaydi. Davlatimizga rahmat, farzandlarimizga mana shu apparatni tekin qo‘ydirib berdi. Hozir farzandlarim tengdoshlari bilan birga o‘qiyapti. Yaqindagina ular “Aya, biz ham xususiy maktabda o‘qisak bo‘ladimi?” deb so‘ragandi. Buni qarangki, Prezidentimiz qarori bilan endi xususiy maktablarda ham ­davlatning qo‘llovi asosida alohida ta’limga ehtiyoji borlar o‘qitilar ekan. Buni eshitib, bolalarim juda xursand bo‘ldi”, deydi Gulnoza opa.

Ha, korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy o‘rta ta’lim xizmati ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ushbu sinfda o‘qiydigan har bir o‘quvchi uchun poytaxtda bazaviy hisoblash miqdorining 11, viloyatlar markazi va Nukus shahrida 9,5, boshqa tuman (shahar)larda 8,5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi. Demak, inklyuziv ta’lim xususiy sektorda ham xayrli loyihaga aylanadi.

Har yili 50 ga yaqin umumta’lim maktabida esa alohida ta’limga ehtiyojmand bolalar uchun inklyuziv sharoitni yaxshilash, to‘siqsiz muhit yaratish maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha inklyuziv to‘siqsiz muhit grantlari e’lon qilindi. Bu ham nogironligi bo‘lgan yoki alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalarning sog‘lom tengdoshlari bilan teng sharoitlarda o‘qishi uchun tashlangan xayrli qadamlardan bo‘ldi.

Qarordagi e’tiborli jihatlardan yana biri davlat umumta’lim maktablarini bitirayotganda inklyuziv ta’lim o‘quvchilariga yaratiladigan alohida qulaylikdir. Ularga oliy ta’limga imtihon topshirishda belgilangan muddatning 50 foizi qo‘shimcha vaqt sifatida beriladi. Bu ham ular uchun katta imkoniyat. Test jarayonida ko‘zi ojizlar uchun brayl alifbosi bo‘lishi, kichik doirachalarni bo‘yashga yordam beradigan assistent, ya’ni yordamchi o‘qituvchi ajratilishi ham inson qadrini ulug‘lashning ko‘rinishlaridan. Bu imtiyozning nogironligi bo‘lgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda amal qilishi ham e’tiborga molik.

Ko‘p funksional inklyuziv resurs markazi direktori Muqaddas Nurmuhammedovaning aytishicha, shu paytgacha boshlang‘ich sinflarda bitta o‘qituvchi-pedagog faoliyat yuritardi. Bu o‘qituvchiga ham, bolalarga ham qiyinchilik tug‘dirardi. Mazkur qaror bilan har bir birinchi va ikkinchi sinf o‘quvchilari uchun alohida yordamchi pedagog ajratildi.

Ko‘zi ojiz bolalar endi olisga qatnab o‘qimaydi. Masalan, Xorazm viloyatida to‘rtta maxsus maktab mavjud bo‘lib, ko‘zi ojizlar maktabi Xivada joylashgan. ­Viloyatning qaysi nuqtasida yashamasin, ko‘zi ojiz bolalar Xivaga kelib o‘qishi kerak edi. Endi esa xohishiga qarab, ular o‘zining hududidagi davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida tahsil olishi mumkin.

Turli tanlovlar, bellashuvlar borasida ham imkoniyatlar cheklanmaydi. Bundan buyon har yili “Imkoniyatlar olimpiadasi” tanlovi o‘tkazilishi, tanlovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha bir martalik pul mukofoti berilishi ham yoshlarni yuqori marralarga yetaklaydi. Bundan tashqari, “O‘sish va rivojlanish” tanlovi g‘oliblariga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha grant ajratiladi. Bunday e’tibor, qo‘llov bilan har qanday insonning hayotga intilishi, muvaffaqiyatlarga erishish istagi ortishiga shubha yo‘q.

Munojat MO‘MINOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri