Bu haqda YHXX matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yil 5 avgust kuni soat 12:30 larda Samarqand shahri Registon ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi yo‘l belgisiga amal qilmay harakatlangan «Spark» rusumli avtomobilni to‘xtatgan.

Xodim haydovchidan tegishli hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan. Biroq haydovchi uning qonuniy talabini bajarmagan. Inspektor talabni takrorlaganida esa haydovchi oynani qasddan yopib, qo‘li old oynaning ichida qolgan xodimni mashina bilan bir necha masofaga sudrab ketgan.

Avtomobil keyinchalik to‘xtatilganida haydovchi yashirinishga uringan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida transport vositasi va uning haydovchisi aniqlanib, qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Haydovchi o‘z qilmishidan pushaymonligini bildirib, YPX xodimlari va ularning oila a’zolaridan uzr so‘ragan.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati barcha haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishga hamda YPX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunishga chaqirdi.