O‘sha paytda sobiq sho‘rolar yozuvchilar uyushmasi nashri — “Literaturnaya gazeta” ittifoqdagi eng nufuzli va ommabop gazetalardan biri edi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ni shu gazetaning o‘zbekcha muqobiliga aylantirish maqsad qilingan edi. Shuning uchun o‘sha davrning eng o‘qishli va ilg‘or fikrli jurnali bo‘lmish “Guliston” bosh muharriri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor haftalikka rahbar etib tayinlangandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, kutilganidek, gazeta o‘z o‘quvchilarini topdi: faqat ziyolilarning emas, barchaning — o‘qituvchiyu muhandisning, temiryo‘lchiyu shifokorning, talabayu o‘quvchining, hatto dehqonning ham sevimli nashriga aylandi. Mamlakatning eng uzoq qishloqlaridagi xonadonlargacha kirib bordi. Odamlar “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ni matbuot do‘konlarida navbatda turib sotib oladigan bo‘ldi.
O‘sha paytda men ToshDU jurnalistika fakulteti talabasi edim. To‘rtinchi kursni tugatgach, hikoyalar mashq qilib yurganim bois, ishlab chiqarish amaliyotimni adabiyot gazetasida o‘tashga qaror qildim. Keyinroq Asqad Muxtor tahriri bilan shu gazetada birinchi hikoyam ham e’lon qilindi.
Tahririyatga borib, mas’ul kotib Mamatqul Hazratqulov bilan uchrashdim. Tasodifni qarangki, amaliyotga borgan paytimda haftalik korrekturasida bitta o‘rin bo‘sh ekan. Maoshi ham durustgina — 60 so‘m. Menga o‘xshagan qishloqdan kelib, zo‘rg‘a kun ko‘rib yurgan talaba uchun bu katta pul edi. Mamatqul aka ishlash taklifini berganda, o‘ylab ham o‘tirmasdan darrov rozi bo‘ldim. Vazifam ancha oson edi: musahhihlar sahifani o‘qiganda matnga qarab turish, tayyor sahifalarni muharrir, uning o‘rinbosari, mas’ul kotib va navbatchiga tarqatish hamda xatosi tuzatilgan sahifalarni bosmaxonaga olib borish.
Men o‘sha paytlarda darsdan so‘ng, ya’ni tushdan keyin ishga kelardim. Korrekturadagi ishlar ko‘proq kechki payt va tunga to‘g‘ri kelgani uchun bosh muharrirni deyarli ko‘rmasdim.
1982-yili haftalikka Odil Yoqubov bosh muharrir bo‘lib keldi. O‘sha yili universitetni tugatdim. Korrekturada ishlasam-da, bo‘sh vaqtlarda gazeta uchun sport haqida maqolalar, sportchilar bilan suhbatlar yozib turardim.
1984-yilning sentyabrida ta’tilga chiqib, qishloqqa ketdim. O‘sha kunlarning birida hamkasbim, do‘stim Qulman Ochilovdan telegramma oldim. U paytlarda bugungi sharoit qayoqda deysiz! Qishloq tugul, shaharlarda ham telefon muammo edi. Telegrammada tezda yetib kelishim so‘ralgandi. Avvaliga xavotirga tushdim. Gazetada birorta xato o‘tib ketgan bo‘lsa, shunga chaqirayotgan bo‘lishi ham mumkin edi-da. Shu bois, ta’tilni to‘xtatib, Toshkentga qaytdim.
Tahririyatga borsam, bosh muharrir chaqirtirgan ekan. Aytishlaricha, ta’tilda bo‘lgan paytimda avvalroq tayyorlab ketgan shaxmat bo‘yicha birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy A’zamov bilan suhbatim haftalikda e’lon qilinibdi. Odil Yoqubov o‘sha paytda qaysidir sanatoriyda dam olayotgan ekan. Grossmeyster bilan suhbatimni o‘qib, o‘rinbosari Ibrohim G‘afurovga telefon qilib, menga rahmat aytishini hamda tezda ishga chaqirishni tayinlabdi. Toshkentga kelishim bilan katta muxbir lavozimiga ishga o‘tkazildim.
Men bu bilan nima demoqchiman? Ustoz hech qachon odam ajratmasdi, qo‘lidan ish keladiganlarni, albatta, gazetaga jalb qilardi, imkoni bo‘lsa, ishga olardi. O‘sha paytda tahririyatda Mahmud Sa’diy, Nusrat Rahmatov, Yoqubjon Xo‘jamberdiyev, Sa’dulla Hakim, Murod Abdullayev, Kamol Matyoqubov, Ashurali Jo‘rayev, Ahmad Otaboyev, Gulchehra Umarova, Abdunabi Haydarov, Karim Bahriyev kabi o‘z ishining ustalari, zabardast publitsistlar, adabiyotshunoslar, tahrirchilar ishlardi.
Odil Yoqubov rahbarlik qilgan yillarda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” xalqimizning dardini yuzaga chiqaradigan minbarga aylandi. Orol dengizining qurishi, Bo‘stonliq tumanida atrof-muhitga zarar yetkazadigan zavod qurilishiga qarshi jamoatchilik fikrini shakllantirish, paxta yakkahokimligi, sho‘ro armiyasidagi zo‘ravonlik (dedovshina) muammolari ilk bor shu gazetada ko‘tarib chiqildi. Bu maqolalar ziyolilar, jamoatchilik tomonidan muhokama qilindi, qo‘llab-quvvatlandi. Shu bilan birga, tegishli tashkilot va idoralar tomonidan gazeta rahbariyatiga turli tazyiqlar bo‘lgani ham rost.
Ustoz hali SSSR degan buyuk imperiya tirik turgan davrda ham gazetani mustaqil, xalq fikrini ayta oladigan nashrga, minbarga aylantira oldi. Boshqacha aytganda, Odil Yoqubov bosh muharrir bo‘lgan paytda gazeta respublikadagi eng ommaviy, eng o‘qishli nashrga aylandi, adadi 800 mingga yaqinlashdi. Mavzular adabiyot va san’at chegarasidan chiqib, publitsistika birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Yozuvchi va shoirlar she’r, hikoya, qissa, roman o‘rniga maqola yoza boshladi. Tahririyat ziyolilar yig‘iladigan shtabga o‘xshardi. Shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, rassomlar, hatto qo‘shiqchi san’atkorlar ham tahririyatga kelardi. Suhbatlar mavzusi yurtni, xalqni qiynayotgan eng nozik masalalar bo‘lardi, bu muammolarni qanday hal etish mumkinligi haqida fikr almashilardi.
O‘sha paytda oddiy odamlar ham uyg‘ongandi. Har kuni hududlardan yuzlab xat kelardi. Odamlar gazetada chiqayotgan maqolalarga munosabat bildirar, o‘zlarini qiynayotgan tashvishlar haqida kuyunib yozardi. Ayniqsa, huquq-tartibot idoralari xodimlarining xurmacha qiliqlari tilga olingan xatlar behisob edi.
Haftalikning xatlar bo‘limida uch xodim ishlardi. Qizig‘i shundaki, ular kechgacha xatlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ulgurmasdi. Albatta, ularga ham oson emasdi, hech bo‘lmasa, xatga bir ko‘z yugurtirib chiqish, mavzusiga qarab bo‘limlarga yo‘naltirish kerak edi. Eng muhim, dardli xatlar bosh muharrirga kiritilardi, bosh muharrir esa bu xatlar bo‘yicha o‘rinbosari, bo‘lim mudirlari bilan maslahatlashardi. Ayrim xatlarga o‘zi javob yozar, hayotda qiynalgan odamlarga maslahatlar berardi. Ayrim xatlarni muxbirlarga berib, xizmat safariga jo‘natardi.
Bosh muharrir bizni ko‘proq xizmat safariga borishga, xatlarda ko‘tarilgan muammolarni o‘rganib kelishga undardi. Ba’zan dam olish kunlari ham safarga yuborardi. “Sizlar hali yoshsizlar, dam olishga ulgurasizlar. Uyda o‘tirib nima qilasizlar? Jurnalist, ijodkor xalq ichida bo‘lishi, odamlar bilan suhbatlashishi, eng muhimi, hayotni ko‘rishi, odamlarning dardini tinglashi kerak. Kabinetda o‘tirib yozilgan maqola jonli chiqmaydi, uni hech kim o‘qimaydi. Shuning uchun muammoni joyiga borib o‘rganish, xat muallifi bilan uchrashish, suhbatlashish, shu bilan birga, ikkinchi tomonni tinglash va shundan keyingina bir xulosaga kelish lozim”, derdi.
Albatta, faqat respublikada emas, Markaziy Osiyoda mashhur va taniqli yozuvchining gapini kim ikki qila olardi?! Indamasdan juma kuni xizmat safariga ketib, dushanba kuni ertalab ishga kelgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Lekin hech kim nolimasdi, to‘g‘risini aytsam, men birorta xodimning bosh muharrir xatti-harakatidan norozi bo‘lganini, kecha dam olmasdan falon viloyatga borib, charchab keldim deganini eshitmaganman.
Yosh edik, xizmat safariga chiqish, xatlarda yozilgan muammolarni o‘rganish bizga ham qiziq edi, zavq berardi. Bundan tashqari, yozgan maqolamizga yaxshigina qalam haqi ham olardik. O‘sha paytda bitta yaxshi maqolaga 60-70 so‘m, ba’zan 100 so‘mgacha pul to‘lanardi. O‘shanda maoshim 150 so‘mligini hisobga olsak, 100 so‘m juda katta pul ekani oydinlashadi.
Ustozning yana bir yaxshi xususiyati shunda ediki, u tahririyatga kelgan har bir xatga alohida e’tibor qaratardi. Chunki o‘sha paytda, yuqorida ta’kidlaganimdek, odamlar yuragidagi dardini, o‘zlarini qiynayotgan muammolarni qalamga olar, tahririyatga ishonar, undan najot kutardi. “Har bir xat ortida inson taqdiri bor, ularda yozilgan muammolarni hal qila olmasak ham, hech bo‘lmasa, bir og‘iz shirin so‘z bilan javob yozinglar. Xat e’tiborsiz qolmasin, odamlar javob kutadi”, derdi doimo.
Bir kuni Odil aka yo‘lakdan o‘tib keta turib, xatlar bo‘limiga burildi. Men ham shu xonaga ish bilan kirgandim. Gazetxonlardan kelgan maktublarga yozilgan bir dasta javob xatlar stol ustida turgan ekan. “Bu javoblar nega jo‘natilmagan?” deb so‘radi xatlar bo‘limi mudiri Muhabbat opa Turobovadan.
“Konvertimiz tugab qolgandi, buyurtma qilindi, to‘rt-besh kunda tayyor bo‘lsa, jo‘natib yuboramiz”, dedi Muhabbat opa. O‘sha paytlarda ustiga gazeta nomi yozilgan maxsus konvertlar bo‘lardi. Bu konvertlar maxsus buyurtma asosida tayyorlab berilardi.
“Gazetxon to‘rt-besh kun kutib o‘tirmaydi. Hozir pochtaga boringlar-da, konvert olib kelib, shu bugunoq xatlarni jo‘natib yuboringlar”, dedi ustoz va Muhabbat opaga 100 so‘m uzatdi. Ertasi kuni shu pulga konvert olib kelinib, barcha xatlar jo‘natib yuborildi.
Odil aka ulug‘ yozuvchi edi, kitoblariga katta qalam haqi olardi. 100 so‘m u uchun katta mablag‘ bo‘lmagandir. Lekin o‘sha davr o‘lchovi bilan qarasak, bu ko‘p pul edi. Har qanday rahbar ham o‘zi mehnat qilib topgan pulini bunday ishlarga sarflayvermasdi. Aksincha, o‘sha paytda davlat mablag‘ini o‘zlashtirishni o‘ylaydiganlar ko‘proq edi.
Ustozning talabchanligi, bizni ko‘p bora xizmat safarlariga jo‘natgani tufayli respublikaning deyarli barcha viloyatlarigagina emas, barcha tumanlariga ham bir marta emas, bir necha martalab borganmiz. Bu biz — yosh muxbirlarga katta tajriba, maktab, saboq bo‘lgan. Odamlar, joylardagi rahbarlar bilan muloqot qilishni o‘rganganmiz, tahliliy maqolalar, sud ocherklari yozib, sal bo‘lsa-da, elga tanilganmiz.
Odil Yoqubov bilan to‘rt-besh yil birga ishlab, hech qachon o‘zini yuqori olganini, odam ajratganini, katta yozuvchi ekanini pesh qilganini ko‘rmaganman. U o‘rinbosari bilan ham, tahririyat musahhihi bilan ham, Yozuvchilar uyushmasi raisi yoki madaniyat vaziri bilan ham bir xil munosabatda bo‘lardi, aytadigan gapini bemalol ayta olardi.
Ba’zan tahririyatdagi majlis, tadbir yoki gazetaning kelgusi sonini rejalashtirish paytida yuqoridan, deylik, partiya markaziy qo‘mitasidan, muassislar — Yozuvchilar uyushmasi yoki Madaniyat vazirligidan telefon bo‘lib qolardi. Ayrim materiallarga e’tiroz bildirilardi. Shunday paytlarda Odil aka mutlaqo yaltoqlanmasdi. “Sizlar hamma narsaga aralashavermanglar. U maqolani men chiqarganman, bosh muharrir sifatida o‘zim javob beraman”, deb telefon go‘shagini qo‘yib qo‘yardi.
Ustozning yana bir ajoyib xususiyati shunda ediki, u yaxshi maqolani hech qachon ushlab o‘tirmasdi. Gazeta tayyor bo‘lib, bosmaxonaga jo‘natilayotgan paytda ham biror o‘qishli, xalq dardi, muammosi ko‘tarilgan maqola kelib qolsa, albatta, o‘sha songa qo‘ydirardi. “Gazeta kechiksa ham shu songa qo‘yinglar, bu muammo ertaga eskirishi mumkin”, derdi.
2001-yil bahorda Hamza nomidagi akademik teatr — hozirgi Milliy teatrda bir tadbir bo‘ldi. Men adabiyot gazetasi muxbiri sifatida qatnashdim. O‘sha paytda Odil aka Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qo‘mitasi raisi edi. Majlis tugagach, foyeda Odil akani ko‘rib qoldim. Ustoz ham tadbirga kelgan ekan. Chopib borib, paltosini garderobdan olib keldim va kiyishiga yordamlashdim. Tashqarida yomg‘ir tomchilab turardi. Shuning uchun Odil akaning qo‘lidan ushlab, zinadan pastga tushishiga ko‘maklashdim.
— Haliyam gazetadamisan? — dedi pastga tushgach. O‘g‘li Iskandar bilan tengdosh va do‘st bo‘lganim uchun ustoz meni senlab gapirardi.
— Ha, — dedim.
Odil aka bilan uning xizmat mashinasi oldigacha birga bordik. Men xayrlashmoqchi bo‘lgandim, to‘xtatdi.
— Sen pastga tushishimga yordam berganing uchun men seni ishxonangga olib borib qo‘yishim kerak-da endi, — dedi kulib.
— Yo‘q, o‘zim ketaveraman, — dedim astoydil.
— O‘tir, — dedi buyruq ohangida.
Indamay o‘tirdim. Haydovchiga mashinani Matbuotchilar ko‘chasiga haydashni buyurdi. O‘sha kuni ustoz meni ishxonam oldida qoldirib, keyin o‘z ish joyiga ketdi.
O‘sha voqea esimga tushsa, o‘ylanib qolaman. Odil Yoqubov kimu men kimman? Bu ulug‘ yozuvchi “Tengdoshlar”, “Ikki muhabbat”, “Muqaddas”, “Qanot juft bo‘ladi”, “Billur qandillar”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Ko‘hna dunyo”, “Diyonat”, “Oq qushlar, oppoq qushlar” kabi yuzlab ajoyib hikoya, qissa va romanlar muallifi edi. Uning asarlari dunyoda e’tirof etilgan, ko‘plab tillarga tarjima qilingan. U Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev, Yuriy Bondarev, Vasil Bikov, Anar, Valentin Rasputin, Nodar Dumbadze kabi ulkan yozuvchilar bilan do‘st, safdosh edi.
Odil Yoqubov hayotlik chog‘ida mamlakatimizning “Do‘stlik”, “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor bo‘lgan edi. Joriy yil may oyida yozuvchining yorqin iste’dodi, ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimizning ma’rifiy-badiiy tafakkuri va intellektual salohiyatini yuksaltirish, yurtimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan beqiyos xizmatlari yana bir bor e’tirof etildi. Prezidentimiz farmoniga binoan yuksak mukofot — “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Ustozning Moskvada SSSR xalq deputatlari s’ezdidagi nutqini odamlar hozir ham unutgani yo‘q. Bu nutq yozuvchining matonati, jasorati, qahramonligi ramzi sifatida tarix sahifalaridan o‘rin oldi. Katta minbarda turib, o‘zbek xalqi boshiga tushgan tuhmat, musibat va jafolarni mamlakat rahbarlari ko‘z oldida ochib tashlaganini odamlar bugun ham hayrat bilan eslaydi, qoyil qoladi, tan beradi.
“Ulug‘bek xazinasi” romani Odil Yoqubovga katta shuhrat keltirdi. Davrimizning ulkan adibi Chingiz Aytmatov shu asar muallifiga yo‘llagan maktubida roman to‘g‘risida bunday yozadi: “Yaxshi kitob haqida gapirish maroqli. Bu — yuksak va olijanob nasr namunasi. Badiiy quvvati jihatidan salmoqdor bu tarixiy roman meni larzaga soldi...”.
Asari bilan Chingiz Aytmatovni larzaga solgan inson oldida men kimman? O‘sha kuni teatr oldida menga “Rahmat senga”, deb indamay mashinaga o‘tirib ketaversa ham bo‘lardi. Lekin unday qilmadi. Ulug‘ adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, respublika miqyosidagi idora rahbari bir paytlar qo‘lida ishlagan muxbirni ishxonasiga olib borib qo‘ydi. Bu kimlargadir oddiy voqea bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin men uchun oddiy voqea emas. Hamma ham bunday ishni qilavermaydi, qilmaydi. Qancha amal pillapoyalaridan ko‘tarilsa-da, asarlari bilan dunyoga tanilsa-da, odamiylikni, insofni, diyonatni unutmagan, o‘zini boshqalardan ustun qo‘ymagan yozuvchi, to‘g‘rirog‘i, inson shunday yo‘lni tanlaydi. Men ko‘rgan, men bilgan Odil Yoqubov shunday odam edi va shundayligicha xotiramda saqlanib qolgan.
Bekqul EGAMQULOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist